Gaz-svetdan yuk mashinalarigacha: 2024 yil soliq tizimida qanday o'zgarishlar kutilyapti?
Bugun, 1 noyabr' kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo'mitasi mas'ullari matbuot anjumani tashkil etishdi.
Anjuman 2024/2026 yillar makroiqtisodiy ko'rsatkichlar prognozi hamda 2024 yil uchun davlat byudjeti loyihasi muhokamasiga bag'ishlandi. Unda mutasaddilar boshqa OAV qatori Ishonch.uz'ga ham kutilayotgan bir qator o'zgarishlarni ma'lum qildi.
Jumladan, Iqtisodiyot va moliya vaziri o'rinbosari Ahadbek Haydarov soliq tizimida kutilayotgan quyidagi o'zgarishlarni sanab o'tdi:
– 2024 yil 1 yanvardan spirtga aktsiz solig'i ikki barobarga, ya'ni 1 litri uchun 7,4 ming so'mdan 14,9 ming so'mgacha oshiriladi.
– 2024 yil 1 apreldan boshlab yuk ko'tarish quvvati 10 tonnadan ortiq mashinalar uchun yillik bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida pul yig'imi joriy etish taklif etilmoqda.
–Shuningdek, kelgusi yilning 1 aprelidan boshlab tarkibida shakar mavjud bo'lgan gazlangan ichimliklarning 1 litri uchun 500 so'm miqdorida aktsiz solig'i joriy etilishi mumkin.
Gaz va svet narxlari oshishi ehtimoli yuqori
"Gaz, elektr energiyasi narxlarini o'zgartirish bo'yicha masala kun tartibida turibdi. Muhokamalarga qaramay hali yakuniy qarorga kelinmadi" – dedi Iqtisodiyot va moliya vaziri birinchi o'rinbosari Ilhom Norqulov anjumanda. "Bu sohani subsidiyalash bosqichma-bosqich kamaytirilishi ko'zda tutilgan" –deya unga qo'shimcha qildi Iqtisodiyot va moliya vaziri o'rinbosari Ahadbek Haydarov.
Davlat byudjeti va inflyatsiya
2024 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari prognozi 375,0 trln so'm, xarajatlari prognozi 427,5 trln so'm miqdorida, konsolidatsiyalashgan byudjet – umumiy fiskal balansi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4,0 foiz miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilmoqda. 2024 yilda byudjet taqchilligining yuqori chegarasi 4 foiz etib belgilanishi sababli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan tashqi qarz miqdori saqlanib qolinib, taqchillikni qoplash uchun jalb qilinadigan qismini oshirgan holda jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmini 5,0 mlrd AQSh dollari miqdorida, shundan 2,5 mlrd AQSh dollari Davlat byudjetini qo'llab-quvvatlash, shu jumladan, byudjet taqchilligini moliyalashtirishga, qolgan qismi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo'naltirish belgilanmoqda.
Qayd qilinishicha, yil yakuniga ko'ra inflyatsiya darajasi pasayishi kutilmoqda
Xalqaro valyuta jamg'armasining prognozlariga ko'ra, dunyo bo'ylab inflyatsiya darajasi 2022 yilgi o'rtacha 8,7 foizdan 2023 yilda 6,9 foizgacha va 2024 yilda 5,8 foizgacha tushishi, biroq pandemiyadan oldingi davrdan (2017 – 2019 yillardagi 3,5 foiz) yuqori darajada bo'lishi taxmin qilinyapti. O'zbekistonda inflyatsiya darajasi 2022 yildagi 12,3 foizdan 2023 yilda 9,0 foiz atrofigacha tushishi kutilmoqda.
Shuningdek, anjumanda elektromobillar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishning aniq muddati ham ma'lum qilindi.
Unga ko'ra, 2024 yil byudjet parametrlariga ko'ra, mashinasozlik sohasida 2024 yilning II yarmida yangi “BYD Uzbekistan Factory” MСhJ QKni ishga tushirilishi orqali elektromobillar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish ko'zda tutilgan. Bundan tashqari elektrotexnika sanoatida qiymati 6,3 mln AQSh dollarlik 2 ta mavjud quvvatlarni modernizatsiya, texnik va texnologik qayta jixozlash loyihasi va 10 ta umumiy qiymati 39,7 mln AQSh dollarlik yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirilishi mo'ljallangan.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0