Turkiyada zilziladan jabrlanganlarga uylar berilmoqda
Bundan bir yil muqaddam qardosh Turkiyaning bir necha viloyatlar, shaharu qishloqlarida kuchli zilzila bo'lgan edi. Tabiiy ofat tufayli minglab odamlar hayotdan ko'z yumdi. Uy-joylar vayronaga aylandi.
Ushbu fojea "Asr falokati", deya baholandi. Jabrdiyda turk qardoshlarimizga dunyoning turli mamlakatlaridan yordamga shoshilganlar ko'p bo'ldi. Ularning qatorida O'zbekistonlik vatandoshlarimiz zudlik bilan moddiy va ma'naviy ko'mak berishga kirishdilar.
O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya prezidenti Rejep Toyyib Erdo'g'an bilan telefon orqali bog'lanib, qondosh turk xalqi bilan birdam ekanligini bildirdi. Zilzila tufayli jabr chekkanlarga qutqarish guruhi yuborildi. Oradan bir yil o'tdi. Tabiiy ofatdan zarar ko'rgan Hatayda zilzila jabrdiydalari uchun uy-joy topshirish boshlandi.
O'tgan yili 6 fevral' kuni Turkiyada ro'y bergan kuchli zilzila oqibatida 50 mingdan ko'p fuqaro hayotdan ko'z yumdi, 110 ming qardoshimiz jarohatlandi. “Asr falokati” deya nomlangan bu ofat nafaqat insonlarni hayotdan olib ketdi, behisob mol-mulk yo'qolishiga sabab bo'ldi, qolaversa, 11 ta shahar va viloyatni umuman yashab bo'lmaydigan holatga keltirdi.
Mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat departamenti ma'lumotiga ko'ra, jami 14 million fuqaro jabr ko'rgan. Yer qimirlashi 124 tuman, 7 mingga yaqin qishloq va mahallani vayron qildi.
Hatay zilzila qurbonlari va vayron bo'lgan binolar bo'yicha eng ko'p zarar ko'rdi. Shu bois, hududda barpo etilgan uy-joy uchun qur'a tashlash va g'oliblarga kalitlarni topshirish marosimi aynan Hataydan boshlandi.
“Asr falokatidan asrlar birligigacha” shiori ostida zilzilada uy-joyidan ayrilgan eng muhtoj fuqarolarga xavfsiz, issiq uy-joy qurib berilyapti. Hududda qurila boshlangan 46 ming uydan birinchi bosqichda 7275 xonadon kaliti Mustafo Kamol universiteti sport zalida Prezident Rejep Toyyib Erdog'an ishtirokida o'z sohibiga taqdim etildi.
Davlat rahbari jami 650 ming kishi qutqaruv ishida qatnashganini alohida qayd etib, maqsad har oy 15-20 ming uy va qishloq binosini qonuniy egalariga topshirish ekanini ta'kidladi.
– Zilziladan ikki kun o'tib Hatayga kelganimizda ko'zlarimiz duch kelgan manzarani unutmaganmiz va hech qachon unutmaymiz, – dedi Erdog'an. – Hatayda 7 275 nafar aholiga uy beryapmiz. Viloyat bo'ylab qad ko'tarayotgan xonadonlar ham qurib bitkazilgach, bosqichma-bosqich taqsimlanadi.
Turkiya yetakchisi tadbirda mamlakatni har tomonlama rivojlangan o'nta davlat qatoriga kiritish jarayoni jadal bosqichda ekanini ta'kidladi.
Zebo NAMOZOVA tayyorladi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0