Tadbirkorlar uchun “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etiladi
Adliya vazirligi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm hamda ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibini belgilovchi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur nizomga muvofiq, tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida qonunchilik talablari buzilishi ehtimolini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Xavf darajasi davlat organlarining axborot tizimlari, statistik maʼlumotlar, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan maʼlumotlar asosida aniqlanadi. Bu jarayonda tadbirkorlik subʼektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki axborot talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Nizomga ko‘ra, baholash ichki nazorat tizimi hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, tadbirkorlik subʼektlari yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga ajratiladi.
Yuqori va o‘rta xavf guruhiga kirgan subʼektlarda qonunchilikka muvofiq profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar o‘tkaziladi. Past xavf toifasidagi tadbirkorlik subʼektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Shu bilan birga, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subʼektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir choralarini qo‘llash uchun huquqiy asos hisoblanmasligi belgilangan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0