Ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida maoshlar o'tgan 4 yilda eng kam o'sgan – statistika
Statistika agentligining 2024-yil uchun Nominal hisoblangan o'rtacha oylik ish haqidagi ma'lumotida qayd etilishicha, hisobot davrida O'zbekistonda o'rtacha oylik ish haqi 17,4 foizga oshib, 5 357,2 ming so'mga yetgan.
Bunda hududlar bo'yicha o'rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori ko'rsatkichlari Toshkent shahrida (9 072,4 ming so'm) va Navoiy (6 766,1 ming so'm), Toshkent (5 097,9 ming so'm), Andijon (4 616,1 ming so'm) hamda Buxoro viloyatlarida (4 343,9 ming so'm) kuzatilgan.
Bu boradagi eng yuqori o'sish sur'atlari esa Toshkent shahrida (121,4 foiz) va Samarqand (117,6 foiz), Sirdaryo (116,7 foiz), Namangan (116,5 foiz) hamda Farg'ona (115,1 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.
2024-yil yanvar-dekabr oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo'yicha o'rtacha oylik ish haqining eng baland ko'rsatkichi – bank, sug'urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to'g'ri kelib, 15 263,7 ming so'mni tashkil etdi. Shuningdek, axborot va aloqa sohasi 13 157,4 ming so'mni, tashish va saqlash sohasi 8 113,3 ming so'mni va sanoat sohasi 6 439,9 ming so'mni tashkil etib, o'rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko'rsatkichni tashkil qilgan.
Ta'lim (3 637,0 ming so'm) hamda sog'liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish (3 411,0 ming so'm) sohalari esa boshqa sohalarga nisbatan eng quyi pog'onalarda ekanligini ko'rish mumkin.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo'yicha o'rtacha oylik ish haqining 2020-2024 yillardagi o'zgarish dinamikasiga qaraladigan bo'lsa, ta'lim hamda sog'liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish sohasi o'rtacha oylik ish haqi ko'rsatkichidan ancha quyida shakllangan bo'lib, 2020-yildagi (o'rtacha ish haqi 2 673,3 ming so'm bo'lgan) mos ravishda 1 980,3 ming so'm va 1 811,2 ming so'mdan 2024-yilda (o'rtacha ish haqi 5 357,2 ming so'm) mos ravishda 3 637,0 ming so'm hamda 3 411,0 ming so'mga yetgan, xolos.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0