“Temir xonim”ga 100 yil: Britaniyani qattiqqo'llik bilan boshqargan bosh vazir
Britaniyaning ilk ayol rahbari sanalgan Margaret Tetcher mamlakat tarixidagi eng sezilarli iz qoldirgan va amalda uzoq o'tirgan bosh vazirlardan sanaladi. U mamlakatni salkam 12 yil idora qildi, “temir xonim” degan nom orttirdi. Tetcher siyosatda qanchalik qattiqqo'l va talabchan bo'lmasin, oddiy hayot kechirardi. Hatto ishdan keyin eri va ikki bolasiga o'zi doim taom tayyorlab berardi. Agar hayot bo'lganda sobiq bosh vazir bu yil 100 yoshni qarshi olgan bo'lardi.
Zamonaviy demokratiyaning beshiklaridan biri sifatida ko'riladigan Buyuk Britaniyani boshqarish oson ish emas. Ayniqsa, so'nggi yillarda saylangan bosh vazirlarga oson bo'lmayapti. Yevropa Ittifoqidan chiqib ketish, turli tahdidlar, migratsiya muammolari va boshqalar vaziyatni chigallashtirmoqda.
Margaret Xilda Roberts 1925 yil oktyabr oyida dunyoga kelgan. U bolaligini Angliyaning Grantem shaharchasida o'tkazgan. Qizning otasi Alfred Roberts oziq-ovqat do'konini boshqarardi. “Savdogarning qizi” yorlig'i unga siyosiy karerasining boshida salbiy ta'sir etgan, ammo otasining biznes tajribasi unga iqtisodiy masalalarni yaxshiroq tushunish imkonini berdi.
Margaretga qaytamiz. U katta opasi Myuriel bilan ulg'aygan. Myuriel tikuvchi onasi bilan yaqinroq edi, kenja qiz esa otasiga ko'proq mehr qo'ygan va uning sevimlisi edi. Margaretda siyosatga qiziqish uyg'otgan ham Alfred edi; u mahalliy kengashda xizmat qilgan va urushdan keyingi yillarda hatto Grantem meri bo'lib ham ishlagan. Oila boshlig'i qizlarini qattiqqo'llik bilan tarbiyalagan, bu esa bo'lajak Bosh vazirning temir fe'l-atvorini shakllantirgan. U otasining qattiq mehnat qilish, o'z tamoyillariga sodiq qolish, ko'r-ko'rona olomonga ergashmaslik, xatolarini oshkora bo'lishmaslik va zaif tomonlarini ko'rsatishdan qochish haqidagi maslahatlarini doimo eslab qoldi. Otasining ta'siri uning siyosiy faoliyati davrida ham davom etdi.
Alfred o'z merosxo'rining ta'lim olishi bilan ham jiddiy shug'ullangan. U Margaretda kitobga mehr uyg'otdi, tez-tez qizlari bilan mahalliy kutubxonaga tashrif buyurdi. Bo'lajak amaldor har tomonlama puxta ta'lim oldi va uning siyosat haqidagi dastlabki tushunchasi otasi uni kengash yig'ilishlariga olib borganida shakllandi. U yerda u notiqlik va siyosatchilarga xos boshqa fazilatlarni o'rgandi.
O'qish bilan bir qatorda, qiz musiqani o'rgangan va she'riyat darslarida qatnashgan. U sport bilan ham shug'ullangan: u chim ustida xokkey o'ynashni va poygani yaxshi ko'rardi. O'rta maktabning oxirgi yilida Margaret Roberts Oksford universitetidagi Somervil kollejiga hujjat topshirdi. Omad unga kulib boqdi va unga kimyo bo'limiga stipendiya berildi. Talabalik yillarida Margaret tadqiqot laboratoriyasida ishlagan, keyinroq Oksfordda huquqshunoslik diplomini olgan. Robertsning siyosiy kar'erasi yoshligidanoq boshlangan. 1946 yilda u universitetdagi Konservativ partiya uyushmasining raisi bo'lgan. O'qishni tugatgandan so'ng, qat'iyatli yosh ayol Kolchesterga ko'chib o'tdi va mahalliy uyushmaga qo'shildi.
Margaret Oksfordlik do'stlari bilan aloqalarni davom ettirdi, ulardan biri Kentdagi Dartford uyushmasi raisi edi. Guruh saylovga nomzodlarni tanlayotgan edi va yosh faol ro'yxatga qo'shilishga taklif qilingan. 1951 yil yanvar' oyida Roberts saylov maqomiga ega bo'ldi. Bu voqeani nishonlash uchun kechki ziyofat bo'lib o'tdi, u yerda Margaret hayotini tubdan o'zgartiradigan odam bilan uchrashdi: bu biznesmen Denis Tetcher edi. Parlament saylovlari Margaretning mag'lubiyati bilan yakunlandi. Ammo shunga qaramay, u matbuot e'tiborini tortdi, chunki u nafaqat eng yosh nomzod, balki yagona ayol edi.
Tetcher bosh vazir bo'lgunga qadar qator sinov va musibatlarni boshdan kechirishi, turli lavozimlarda o'zini sinab ko'rishi kerak edi. Faqat 1959 yilda u parlament saylovlarida g'alaba qozonib, Umumpalataga a'zo bo'ldi. Uning ayol siyosatchi sifatidagi birinchi ommaviy nutqi mahalliy hokimiyatlarga qiyinchilik tug'dirdi: Margaret qonunlarga va Konservativ partiyaning o'rnatilgan tamoyillariga o'zgartirish kiritishni talab qildi. Ko'p o'tmay, amaldor parlamentning pensiyalar bo'yicha maslahatchisi etib tayinlandi, ammo partiya saylovlarida mag'lub bo'lgach, u uy-joy masalasiga e'tibor qaratdi. Konservativ partiya konferentsiyasida so'zga chiqqan Tetcher o'zini to'liq ochib berdi, leyboristlar siyosatini tanqid qildi va xalq va hukumatni davlat narxlari va daromadlarini nazorat qilish Britaniya iqtisodiyoti uchun buzg'unchi usullardan biri ekanligini ta'kidladi. U abortni qonuniylashtirish, ajrashish to'g'risidagi ba'zi qonunlarni yumshatish, soliqlarni kamaytirish va zarar ko'rayotgan korxonalarni yopish uchun ovoz berishga chaqirib, erkak amaldorlar orasida g'azab qo'zg'atdi.
Tetcher AQSh hukumatining usullari, tamoyillari va o'ziga xos siyosiy falsafasiga hayrixoh edi, hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Ronal'd Reygan bilan yaxshi aloqalar o'rnatdi.
“Temir xonim” mamlakat uchun og'ir paytlarda, 1978 yilda hokimiyatni o'z qo'liga oldi. Buyuk Britaniya iqtisodiyotining bu davrda rivojlanishi sekinlashib, bir joyda depsinib qolgandi. Islohotlar muqarrar edi va Margaret Tetcher milliy farovonlikni ta'minlash uchun juda qattiq qarorlar qabul qilishga majbur bo'ldi. Dastlab, uning siyosati juda sovuq kutib olindi: iqtisod barqarorlashgan bo'lsa-da, davlat korxonalari, kambag'al hududlar va ijtimoiy institutlarga yordamning qisqarishi fonida ishsizlik ko'paydi va ommaviy ish tashlashlar boshlandi. Ishchilar sinfi vakillari bosh vazirga nisbatan norozilik bildirishdi va ta'limni moliyalashtirishni qisqartirish Tetcherga faxriy doktorlik unvonini berishdan bosh tortilishiga olib keldi. Parlamentning ba'zi a'zolari avvalgi siyosiy kursga qaytish tarafdori bo'lishdi, biroq Margaret o'z fikrida qat'iy turdi. Shu bilan birga u kamtarona hayot tarzida yashardi, xizmatkorlari yo'q edi, hatto farzandlari va turmush o'rtog'i uchun bosh vazirning o'zi taom hozirlar edi.
1982 yilda Argentinaga qarshi Folklend urushidagi g'alaba tufayli Tetcher o'z reytingini ancha yaxshilab oldi. Bu jamoatchilik kayfiyatini yaxshiladi va unga ikkinchi muddatga bosh vazir bo'lib qolishga imkon berdi. Bu davrda Tetcher siyosatining natijalari tobora yaqqol namoyon bo'ldi: u inflyatsiyani pasaytirishga, xorijiy sarmoyalarni ko'paytirishga, korxonalarni modernizatsiya qilishga muvaffaq bo'ldi. Tetcher ish tashlashlar bilan keskin kurash olib bordi, kasaba uyushmalari sonini qisqartirdi va ularning mamlakat siyosiy hayotiga ta'sirini susaytirdi. Ijobiy o'zgarishlar “temir xonim”ga uchinchi muddatga o'z lavozimida qolishga imkon berdi. Bu vaqtga kelib, ishsizlik ham pasayishni boshlagan edi, ammo uning siyosatiga nisbatan jamoatchilik fikri salbiy bo'lib qoldi. Shunga qaramay, Margaret deyarli 12 yil bosh vazir kursisini hech kimga bermay keldi. Ammo faoliyatining oxirida siyosiy inqiroz boshlandi. Past ijtimoiy qo'llab-quvvatlash Konservativ partiya ichidagi nizolarga olib keldi va Tetcher ham rahbarlik, ham bosh vazirlik lavozimlaridan chetlashtirildi. U reytinglarga, jamoatchilik fikrini o'rganishga unchalik e'tibor bermadi, partiyadoshlarining fikrini inobatga olmadi.
1990 yilda "temir xonim" iste'foga chiqishga majbur bo'ldi. Keyinchalik u yana ikki yil Jamoatlar palatasining a'zosi bo'lib qoldi. Ammo keyin u taniqli siyosiy arbob bo'lib qolgan holda parlamentni butunlay tark etishga qaror qildi. Margaret hech qachon o'z qarashlarini yashirmadi, hukumat va hokimiyatni tanqid qilishda davom etdi va siyosatchilarni harakatsizlikda aybladi. 1990 yillar o'rtalarida Tetcher Uilyam va Meri kollejining faxriy rektori bo'ldi, keyinroq Bukingem universitetida ham xuddi shunday lavozimni egalladi. Ammo uning sog'lig'i yomonlashdi va uning ishlarini boshqarish tobora qiyinlashdi. Yangi asrning boshlanishi bilan “temir xonim” omma oldida kamroq paydo bo'ldi. 2000-yillarning boshida Margaret Tetcherda dementsiya belgilari ko'zga tashlana boshladi. Uning sog'lig'i yanada yomonlashdi, operatsiyaga qaramay sog'lig'i o'nglanmadi. 2013 yil 8 aprelda siyosiy arbob insul'tdan vafot etdi.
Ajablanarlisi shundaki, Tetcher bosh vazirlikdan iste'foga chiqqanidan keyin katta mashhurlikka erishdi. U 2019 yilgi YouGov so'rovida birinchi o'rinni egalladi; Respondentlarning 21 foizi uni 1945 yildan beri eng yaxshi Britaniya rahbari deb atagan. Professional tarixchilar uning rolini yanada yuqori baholadilar. Tetcher 2004 yilda Lids universiteti tomonidan o'tkazilgan so'rovda asrning eng muvaffaqiyatli 20 bosh vazirlari orasida to'rtinchi o'rinni egallagan (Toni Blerdan ancha oldinda). 2010 yilda xuddi shu universitet tomonidan o'tkazilgan so'rovda u ikkinchi o'rinni egalladi. Biroq, Konservativ partiyaning raqibi leyborist Klement Ettli ikkala reytingda ham birinchi o'rinni egalladi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0