Toshkent aviatsiya zavodi nega tugatilgan edi?
Сhkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasini katta yoshli kishilar yaxshi biladilar. Mahalliy va xorijiy telekanallarda zavod haqida ko'plab reportajlar berilgan. Omadli insonlar Lisunov ko'chasi va Parkent bozori oralig'ida joylashgan zavod darvozasidan tayyor uchoqning birinchi parvoz uchun chiqishini kuzatishgan: darvoza ochilishi bilan katta ko'cha bo'ylab o'tadigan tramvayning elektr simlari yerga tushirilardi, samolyot zavod eshigidan mag'rur chiqib kelar edi…
Bir mahallar zavodda 55 ming kishi mehnat qilgan. Mazkur korxona “Eyrbas”, “Boing” va “Lokxid” aviazavodlaridan keyin dunyoda to'rtinchi o'rinda turardi. Sobiq Ittifoqda bu turdagi zavodlarning eng yirigi hisoblanardi.
Aviazavod nima sababdan tugatilgani to'g'risida turli mish-mishlar tarqalgandi. Ammo oddiy xalq aniq ma'lumotdan xabardor emas. O'sha vaqtda O'zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Shoqosim Shoislomov bu ko'ngilsiz jarayonning bevosita guvohiga, ta'bir joiz bo'lsa, uning ishtirokchisiga aylangan.
Taniqli diplomat 2023 yilda nashr etilgan «Vspominaya... o budushem» (“Kelajak haqida o'ylar”) nomli kitobida ko'p narsalarni xotirlaydi. Uning eslashicha, 1992 yilda amerikaliklar Toshkent aviatsiya zavodini sotib olishga qiziqish bildirishgan va bir milliard dollar evaziga xaridor bo'lishgan. Rejaga ko'ra, ular zavodni batamom tekislab, o'rniga «Boing» samolyotini ta'mirlashni va unga xizmat ko'rsatish markazi ochishni mo'ljallashgan. Lekin respublika rahbariyati yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishni yo'qotishga rozilik bermagan.
Moskvada S.Il'yushin nomidagi konstruktorlik byurosi (KB) bo'lardi. U “IL” turkumiga kiruvchi barcha samolyotlarni ishlab chiqarish va sotishga oid mualliflik huquqi va litsenziyaga ega edi. Toshkentdagi zavodda “IL-76 TD” transport samolyoti, “IL-78” yonilg'i quyish hamda radioelektron kuzatuvchi “AVAKS” variantidagi uchoqlar tayyorlanardi.
Zavod ishlab chiqarilgan samolyotlarni o'z ixtiyori bilan sotolmagan. Sobiq ittifoqdagi bir necha yuzlab zavodlardan ehtiyot qismlar olingan. Tabiiyki, bu kabi barcha masalalar Moskvada hal etilgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach ham, uzilishlar bilan bo'lsa-da, uchoq ishlab chiqarish bir muddat davom etgan.
Kievdagi Antonov nomidagi aviazavodda ishlab chiqariladigan mashhur “Ruslan” va “Mriya” uchoqlarining qanotlari Toshkent mahsuloti edi.
Poytaxtimizdagi zavodning “IL-114” yo'lovchi uchoqlariga o'z paytida Hindiston, Ozarbayjon hamda Rossiya xaridor bo'lgan. Ularni sotishga esa litsenziya so'ralgan.
Shoqosim Shoislomov mazkur masala bo'yicha o'tkazilgan muzokaralarda qatnashganini, Toshkent va KB o'rtasida vositachi bo'lganini o'z asarida qayd etadi. KB Bosh direktori Genrix Novojilov va O'zbekiston Bosh vaziri O'tkir Sultonov o'rtasida 2000 yil bo'lib o'tgan suhbatda “IL-114” uchun sertifikat olish va kelgusida uni sotish uchun 40 million dollar atrofida mablag' zarurligi bildiriladi. KB rahbari bu mablag' yo'qligini ma'lum qiladi. Hukumatimiz rahbari ishlab chiqarish to'xtab qolmasligi uchun xarajatlarni O'zbekiston zimmasiga olishiga rozilik beradi. Shundan so'ng KB barcha zarur texnik hujjatlarni taqdim etadi. Natijada Toshkent zavodi qayta ishlab ketadi va bir necha o'nlab uchoqlarni eksport qilishga erishadi. Eng muhimi, ishchi o'rinlari saqlab qolinadi.
“G.Novojilov bilan uchrashuvlarning birida uning KB taqdiridan bezovta bo'layotganini fahmladim”, deb xotirlaydi kitob muallifi. KB laboratoriyasi, ishlab chiqarish hududi, tajriba-sinov aerodromi va boshqa inshootlari Moskvaning markaziy qismida joylashgan edi. Bu esa turar-joy, restoran, savdo markazlari va boshqa “foydali” ob'ektlar qurish uchun juda qulay. Novojilov bu hududni xususiylashtirishga qat'iyan qarshi chiqadi.
Ammo Bosh direktor o'rinbosari turli nayranglar bilan KBning tugatilishiga erishadi. Bu esa Toshkent zavodiga bevosita ta'sir qiladi va bizga qarshi «o'yin»lar boshlanib ketadi.
Qandaydir kuchlar o'sha paytdagi Rossiya hukumatining mudofaa sanoati majmuasi bo'yicha raisi o'rinbosari S.Ivanovning qulog'iga harbiy havo kuchlari uchun “IL-76” samolyotini xorijda, ya'ni O'zbekistonda ishlab chiqarishni davom ettirish maqsadga muvofiq emasligi haqida asossiz gaplarni quyishadi.
Taqdir o'yinini qarangki, ayni shu paytga kelib, Rossiyaning qurol-aslaha va harbiy texnikasi eksporti bilan shug'ullanish huquqi “Rosvoorujenie”ga olib beriladi. Uning ilk shartnomalaridan biri Xitoyga 50 dona “IL-76” samolyotini yetkazib berish bo'ladi. Toshkent aviatsiya zavodi Bosh direktori Vadim Kucherov Moskvaga chaqirtirilib, undan bir milliard dollarlik shartnomani bajarish talab qilinadi.
Shartnoma shartlari bilan tanishib chiqqan Kucherov norozilik bildiradi. Сhunki shartnomada samolyotlarni avvalgi yillardagi eski narxda sotish qayd etilgandi. Bu orada esa ehtiyot qismlar narxi 30-40 foizga oshib ketgandi.
Zavod rahbari zararga mahsulot ishlab chiqarish to'g'ri emasligini aytib, Sh.Shoislomovga murojaat qiladi. Elchi Toshkentga bog'lanib, mutasaddilarni vaziyatdan boxabar qiladi. Poytaxtdan “Rosvoorujenie” bilan masalani ijobiy hal qilish bo'yicha topshiriq olinadi. Xitoyliklarga yangi narxlar asosida shartnomani yangilash yoki eski narxlarda ehtiyot qismlar yetkazib berish talabi qo'yiladi. Bunga rossiyaliklar rozi bo'lishmaydi, albatta.
Shundan so'ng rus matbuoti “qoralash kompaniyasi”ni boshlaydi. “O'zbeklar muhim kontraktni bajarishdan bosh tortishyapti”, deb ayuhannos solishadi. Jamoatchilik shartnomaning asl mohiyatini bilmagani uchun matbuotga ishonadi.
Xitoyliklar vaziyatni bilish va baholash uchun Toshkentga kelishadi. Ular bizning haq ekanimizga iqror bo'lishadi. Shundan keyin rossiyaliklardan olingan avans mablag'ni qaytarishni, shartnomani buzganlik uchun jarima to'lashni talab qilishadi. Xalqaro janjalning oldini olish maqsadida “Rosvoorujenie” talabni bajaradi.
Mazkur voqea Toshkent aviazavodining rossiyalik sheriklari bilan munosabatlariga jiddiy putur yetkazadi. Bir muddat o'tgach, Rossiyada Aviasanoat korporatsiyasi birlashmasi tashkil etiladi. Bizdagi zavodga 250 million dollar to'lab, birlashmaga qo'shilish taklifi beriladi. Tabiiyki, Toshkent bu taklifni rad etadi. Shundan keyin Rossiya “IL-76” ishlab chiqarishni Ul'yanovskdagi “Aviastar” zavodiga o'tkazishga qaror qiladi. Ilojsiz qolgan Toshkent esa majburlikdan aviatsiya zavodi faoliyatini to'xtatadi.
O'rni kelganda aytish joizki, Rossiyadagi zavodda hanuzgacha uchoq tayyorlash tizimli yo'lga qo'yilmagan.
Abror XON
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0