Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan Prezident farmoni imzolandi
Shavkat Mirziyoev «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo'yicha kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmonni imzoladi.
Prezidentning joriy yil 25-noyabrdagi “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo'yicha kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni
1. Toshkent shahrida atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish maqsadida nazoratni kuchaytirish va iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish maqsadida qaror qilaman:
Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasining (keyingi o'rinlarda - Ekologiya qo'mitasi) 2026-yil 1-martga qadar:
(a) Toshkent shahrida ekologik vaziyatni (keyingi o'rinlarda - ekologik vaziyat) yaxshilash bo'yicha kechiktirib bo'lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish;
(b) mazkur Farmonga ilovaga muvofiq tarkibda quyidagi vazifalarni yuklagan holda Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha maxsus komissiya (keyingi o'rinlarda - Maxsus komissiya)ni tuzish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin:
Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni doimiy tahlil va monitoring qilish, ekologik vaziyatning yomonlashishi tendentsiyalarini prognoz qilish;
- ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo'yicha davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining harakatlarini muvofiqlashtirish hamda ular o'rtasida zarur hamkorlikni va ma'lumot almashishni tashkil etish;
- ekologik muammolar bo'yicha tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, ushbu muammolarning oldini olish bo'yicha, shu jumladan, ilg'or xorijiy tajribani o'rganish asosida hamda xorijiy va mahalliy olim va ekspertlarni jalb etgan holda zamonaviy va samarali usullarni ishlab chiqish va joriy etish;
- Toshkent shahrida ekologik vaziyat murakkablashgan hollarda uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni aniq moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, shu jumladan, Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg'armasi hisobidan moliyalashtirishni ta'minlash;
- ommaviy axborot vositalarini (televidenie, radio, internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa operatorlari va boshqalarni) jalb qilgan holda mavjud ekologik holat, uning aholi salomatligiga ta'siri va profilaktika qilish usullari bo'yicha tushuntirish ishlarini samarali tashkil etish;
- Toshkent shahrida ekologik vaziyat murakkablashgan hollarda uni yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo'lmaydigan choralar ko'rish bo'yicha takliflar tayyorlash va O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish.
2. Maxsus komissiyaga quyidagi vakolatlar berilsin:
(a) tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta'minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish;
(b) transport vositalari harakatini cheklash, jumladan:
Toshkent shahrida yuk tashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yo'lga qo'yish;
avtotransport vositalarining, shu jumladan davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);
harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, ko'chalar va boshqa hududlarni belgilash;
(v) atmosfera havosi sifatiga salbiy ta'sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa ob'ektlar faoliyatini vaqtincha yoki to'liq to'xtatish;
(g) Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko'chirilishi majburiy bo'lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilash;
(d) sanoat korxonalari uchun tashlanmalarning ruxsat etilgan miqdorini belgilash va ushbu talabni buzgan sanoat korxonalari faoliyatini to'xtatish bo'yicha belgilangan tartibda chora ko'rish;
(j) qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish, shu jumladan qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o'rnatish va boshqa talablar;
(z) davlat organlari va tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini ekologik talablarning amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida muvofiqlashtirish;
(i) oqar suv (daryo, kanal, ariq) ob'ektlarida suv ob'ektlari qirg'oq muhofaza mintaqa zonalarida qurilishni taqiqlash va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bog'liq boshqa vakolatlar.
3. Belgilansinki, Maxsus komissiyaning unga yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlar doirasida qabul qilingan qarorlari, ko'rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
4. Maxsus komissiya bir hafta muddatda Toshkent shahrida qurilish uchun ajratilgan 500 m2va undan ortiq maydonlarda quyidagi talablar asosida kompleks tekshiruv ishlarini amalga oshirsin:
(a) umumiy maydonining 25 foizi ko'kalamzorlashtirilgani;
(b) qurilish maydonlarida suv purkagichlar o'rnatilgani;
(v) qurilish maydonlarining kirish-chiqish yo'laklarida avtotransport vositalari g'ildiraklarini yuvish hovuzlarining barpo etilgani;
(g) qurilish materiallari va maishiy chiqindilarni tashishdatransport vositalarining brezent yoki PvX qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan yopilgan tarzda harakatlanishi;
(d) qurilish maydonining chiqish yo'llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko'tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo'l qo'yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo'l qo'yilmayotgani.
5. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) maydoni 1 000 kvadrat metrdan ko'p bo'lgan qurilish uchastkalarida fon monitoring stantsiyalarini o'rnatish va uni Ekologiya qo'mitasiga integratsiya qilish qurilishni davom ettirishning eng asosiy sharti etib belgilanadi;
(b) Toshkent shahar hokimligi tomonidan yoz-kuz mavsumida asosiy yo'l chetlarida mavjud bo'lgan daraxt va butalarni kunning birinchi yarmida hamda haftada kamida 3 marta yuvish ishlari va tegishli xulosaga asosan biotexnik tadbirlar amalga oshiriladi;
(v) jismoniy va yuridik shaxslar o'zlari egalik qilib turgan yer maydoni hududidagi dov-daraxtlarni sug'orish maqsadida ichimlik suvidan foydalanish vaqtiga qo'yilgan cheklov (soat00:00 dan boshlab, 05-00 gacha) bahor va yoz fasllarida bekor qilinadi. Bunda:
- ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanish bo'yicha cheklov o'z kuchida qoladi;
- ko'p kvartirali uylarga sug'orish uchun suv rezervuarlarini o'rnatish choralari ko'riladi.
6. Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahri hududida atmosfera havosining sifatiga ijobiy ta'sir ko'rsatadigan mikroiqlim barqarorligini ta'minlash maqsadida:
(a) Suv xo'jaligi vazirligi va "O'zsuvta'minot" AJ bilan birgalikda uch oy muddatda poytaxtning 4ta yo'nalishida (sharq, g'arb, shimol va janub qismlarida) kamida Ztadan sun'iy ko'l va suv havzalarini tashkil etsin;
(b) Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg'armasi mablag'lari hisobidan Toshkent shahri hududidagi favvoralar sonini kamida 2 baravarga ko'paytirish bo'yicha alohida dastur tayyorlab, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
7. Energetika vazirligi bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash bo'lgan hududlardagi barcha issiqxona ob'ektlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo'yicha shartnomalar tuzilishini tashkil etsin va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini ta'minlasin.
8. Ekologiya qo'mitasi bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin:
(a) maydoni 200 m2 va undan yuqori bo'lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari nosoz ishlashi yoki mavjud bo'lmaganligi uchun ma'muriy jarimalar miqdorlarini yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga 5 baravarga va jismoniy shaxslarga 3 baravarga oshirish;
(b) maydoni 200 m2 va undan yuqori bo'lgan issiqxonalarda yoqilg'i moddalar, material va chiqindilar (shina, bitum, mazut, ishlatilgan avtomobil' moyi plyonka, rezina, jun tolasi va boshqalar) yoqilgani aniqlanganda isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni joriy etish.
9. Belgilansinki, atmosfera havosining ifloslanishi bo'yicha ekologik monitoring tizimi 2025 yil yakuniga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda takomillashtiriladi:
(a) 2025 yil yakuniga qadar atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringi uchun 347 ta avtomatlashtirilgan stantsiya to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar asosida sotib olinadi;
(b) "Air Monitoring Tashkent" platformasi va Toshkent shahar hokimligiga tegishli 10 ta avtomatik monitoring stantsiyasi Ekologiya qo'mitasi boshqaruviga o'tkaziladi va Ekologiya qo'mitasi tomonidan mazkur platforma negizida "Air Monitoring Uzbekistan" platformasi ishga tushiriladi;
(v) Ekologiya qo'mitasi tomonidan "Air Monitoring Uzbekistan" platformasiga xarid qilinishi rejalashtirilgan 347 ta stantsiya, Gidrometeorologiya xizmati agentligi tizimidagi barcha kuzatuv stantsiyalari, shu jumladan, "Zamin" fondi ko'magida o'rnatilgan 23 ta avtomatik stantsiya ulanadi.
10. Belgilansinki:
(a) atmosfera havosining RM 2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash uchun Ekologiya qo'mitasi huzurida Atmosfera havosini chuqur o'rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya (keyingi o'rinlarda -maxsus laboratoriya) tashkil qilinadi;
(b) maxsus laboratoriyaga uskunalar va unga zarur bo'lgan jihozlar, jumladan termik optik tahlillarni olib borish uchun termo-optik analizator uskunasi hamda atmosfera havosi namunalarini yig'ib olish uchun 5 000 dona kvarts fil'trlar eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo'li bilan to'g'ridan-to'g'ri xarid qilinadi;
(v) maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stantsiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stantsiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv lostlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421), lokal suv tozalash inshootlari (TIF TN kodi 8421) hamda tadbirkorlik sub'ektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi "O'zavtosanoat" AJ bilan birgalikda avtotransport vositalarining atmosfera ifloslanishiga ta'sirini kamaytirish maqsadida bir oy muddatda Toshkent shahrida "Evro-4" ekologik standartiga javob bermaydigan "M" va "N" toifasiga mansub, 2010-yilgacha bo'lgan davrda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini "trade-in" tizimi orqali xarid qilish tartibini ishlab chiqsin.
12. Toshkent shahar hokimligi:
(a) 2026 yil bahor hamda kuz mavsumlarida Toshkent shahri mahalliy byudjeti mablag'lari hisobidan Toshkent shahrining 33 km uzunligidagi kichik halqa yo'li bo'ylab "Yashil koridor" loyihasini amalga oshirsin;
(b) 2026 yil 1 aprelga qadar xorijiy kompaniya va ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda "Yashil Toshkent" master rejasini ishlab chiqsin;
(v) Toshkent shahrining 700 ta chorrahasida zamonaviy, sun'iy intellekt yordamida harakat oqimini boshqarish imkoniyatiga ega intellektual svetofor tizimini joriy qilsin.
13. Toshkent shahar hokimligi Ekologiya qo'mitasi, Fanlar akademiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi hamda O'zbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahrining barcha tumanlarida "yashillik" darajasi past bo'lgan Ztadan uzunligi 5 kmdan kam bo'lmagan ko'chalarni tanlab olish orqali "Soyali sayr ko'cha"sini tashkil qilsin.
14. Quyidagilar:
(a) Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Ekologiya qo'mitasi bilan birgalikda bepul asosda atmosfera havosi sifatining buzilishi, tabiiy va antropogen manbalarni aniqlash bo'yicha doimiy monitoringni yo'lga qo'ysin;
(b) Kadastr agentligi Ekologiya qo'mitasi bilan birgalikda uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida bepul asosda Toshkent shahar va unga tutash hududlardagi qurilish maydonlarida ekologik talablarga rioya qilinishi bo'yicha doimiy monitoringni yo'lga qo'ysin.
15.Ichki ishlar vazirligi 2026-yil yakuniga qadar respublikadagi barcha toifaga kiruvchi transport vositalarini texnik ko'rikdan o'tkazish choralarini ko'rsin.
16. Bosh prokuratura 2025-yil 25-noyabrdan boshlab 2026-yil 25-martga qadar mazut, ishlatilgan avtomobil' moyi va shinasining noqonuniy aylanmasini oldini olish, aniqlangan taqdirda keskin choralar ko'rsin, natijasi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
17. Sog'liqni saqlash vazirligi Ekologiya qo'mitasi bilan birgalikda 2025-yil 1-dekabrga qadar:
(a) Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida havo sifati ko'rsatkichlari milliy tavsiyaviy indeksatsiyasini ishlab chiqish (yashil, sariq, qizil, jigarrang) va tasdiqlash;
(b) tavsiyaviy indeksatsiya asosida ifloslangan havoning odam organizmiga ta'sirini kamaytirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqish (maska kiyish va boshqalar);
(v) havo sifati keskin buzilishi holatlarida aholini Sanitariya xizmati tomonidan erta ogohlantirish tizimini joriy qilish choralarini ko'rsin.
18. Ekologiya qo'mitasi ikki hafta muddatda:
(a) atmosfera havosidagi mayda dispers zarrachalar tarkibidagi zararli moddalarni aniqlash va ularning manbalarini xaritalash ishlarini amalga oshirish uchun laboratoriya tashkil etsin va zamonaviy tahlil jihozlarini xarid qilsin;
(b) mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari hamda malakali mutaxassislarga respublikamizdagi havo ifloslanish darajasi yuqori bo'lgan hududdarda o'rganish o'tkazish (tahlil qilish) bo'yicha davlat buyurtmasini bersin;
(v) shamol tezligini oshirish uchun konvektsiya (atmosferada havo oqimlarining harakati) usullarini qo'llash bo'yicha tajriba o'tkazsin;
(g) konvergent usuli va venturi effekti (havo oqimining tor yo'lakka kirishi natijasida tezligining oshishi) orqali shamol tezligini kuchaytirish bo'yicha ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarini bajarish uchun davlat buyurtmasini bersin.
19. Farmon ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoeva zimmasiga
yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
2025-yil 24-noyabrdagi PF-229-son Farmoniga
ilova
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha maxsus komissiya TARKIBI
1. A.A. Abduxakimov - O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo'yicha maslahatchisi - Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi raisi, Moxsus komissiya rahbari
2. D.B. Kadirov - O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasi departamenti boshlig'i, Maxsus komissiya rohbari o'rinbosari
3. Sh.B. Umurzakov - Toshkent shahar hokimi
4. Z.T. Mirzaev - Toshkent viloyati hokimi
5. I.M. Adxamov - Bosh prokuror o'rinbosari
6. A.A Tashpulatov - ichki ishlar vaziri
7. I.R. Maxkamov - transportvaziri
8. J.T. Mirzamahmudov - energetika vaziri
9. Sh.S. Xidoyatov - qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri
10. I.Yu. Abdurahmonov - qishloq xo'jaligi vaziri
11. Sh.R. Hamroev - suv xo'jaligi vaziri
12. B.B. Kudratxodjaev - favqulodda vaziyatlar vaziri
13. Z.B. Badriddinov - Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori
14. S.Q. Eshquvvatov - Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasi boshlig'i
15. X.M. Eshqo'ziev - Elektr energiyasi, neft' mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspektsiyasi boshlig'i v.v.b.
16. Lavozimga ko'ra - Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari, Maxsus komissiyasi kotibi
Izoh: Maxsus komissiya a'zolari boshqa ishga o'tgan taqdirda, uning
tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funktsiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0