+32C

+32C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

«Varganza» vahimasiyoxud biz nega mish-mishlarga ko‘proq va tezroq ishonamiz?

Yaqinda bir voqea Qashqadaryo vohasi ahli ko‘ngliga andak qo‘rquv soldi. Emishki, Kitob tumanining «Varganza» mahallasida yashab kelgan ayol quturish kasalidan vafot etibdi. Uni yovvoyi hayvon tirnagan ekan. Biroq qorong‘ida uning nima ekanini anglamaydi. Bir xabarda tulki deyilsa, yana birida shoqol deya taxminlangan.
Jamiyat
334 19:49 | 18.07.2026 19:49

Qizig‘i, bu mish-­mishni tibbiyot xodimlari tarqatishgan. Bir oilaviy poliklinikaning bosh shifokori «Favqulodda holat, desa bo‘ladi. Vaziyat jiddiy», deya patronaj hamshiralarni uyma­-uy yurib quturish kasalligiga qarshi tushuntirish ishlarini olib borishga undab, kimnidir yovvoyi yoki uy hayvonlari tishlagan, tirnagan bo‘lsa, zudlik bilan emlash shartligini uqtiradi.


Shifokor shunday deb turgandan keyin aholi nima qilsin?!


Ijtimoiy tarmoqlarda, asosan mahallalarning «Telegram» guruhlarida yangi video va audioxabarlar tarqala boshladi. Qayd etilishicha, ayolni tirnagan yovvoyi jonzot 30 ga yaqin it bilan aloqada bo‘lgan. Hayvonlar orasida quturish kasalligi tarqagan. Ularni yo‘q qilish uchun maxsus xizmatlar mahallalar va qir­-adirliklar, daryo va jarliklarni dorilab chiqqan. Bu xabarlar nafaqat «Varganza»ga yondosh mahallalarda, balki qo‘shni tumanlarda yashovchilar orasida ham vahima uyg‘otdi.


Biz asl holatni o‘rganishga qaror qildik. Chunki masʼul idoralar axborot xizmatlari tezkorlik bilan munosabat bildirmagani tufayli turli xabarlar urchib borayotgan edi.


Dastlab marhumaning uyiga bordik. Opasining bayon qilishicha, bir oylar avval singlisini tulki tirnagan. Lekin u yuqori qon bosimidan aziyat chekib kelgan. Bultur insult bo‘lgan, bu yil 10 iyul kuni Kitob tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yuqori qon bosimi bilan murojaat qilishgan. Shifokorlar suhbat asnosida tulki tirnaganini bilishgach, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ko‘chirishgan. Oradan ko‘p o‘tmay bemor vafot etadi, ammo unda quturish belgilari kuzatilmagan.


Xo‘sh, unda vahima qaerdan tarqadi? Kitob tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi bosh shifokori Anvar Hasanov shu kuni ZOOM orqali yig‘ilish o‘tkazadi va marhuma quturish kasali bilan gumonlanganini, laborator tahlillar uchun analiz olinganini maʼlum qilib, hududlarda targ‘ibotni kuchaytirish zarurligi bo‘yicha ko‘rsatma beradi. Ko‘p o‘tmay, vahimali gap­-so‘zlar paydo bo‘ladi. Bor-­yo‘g‘i shu. Lekin uch kunlab uyidan ko‘chaga chiqolmaganlar, bir umr sodiq bo‘lgan itiga shubha bilan qaraganlar, «Varganza «yonayotganmish», «karantinga olinganmish», deya vahima tushganlardan hech kim uzr so‘ragani, marhumaning qarindosh-­urug‘i oldida o‘zini aybdor his etishgani ham yo‘q.


Bu kimgadir oddiy voqeadek tuyulishi mumkin. Biroq xalqimizning axborotga munosabati shunday paytlarda bilinadi. Bir necha yil avval viloyatdagi Hisorak suv ombori to‘g‘oni yorilib ketgani haqidagi yolg‘on xabarni eslaylik. Rasmiy tasdig‘i bo‘lmagan bu asossiz maʼlumot qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlar orqali shunday tez tarqaldiki, minglab odamlar uy­-joyini tashlab, xavfsiz joy izlab chiqib ketdi. Keyin maʼlum bo‘ldiki, hech qanday favqulodda holat ro‘y bermagan. Ammo bir necha soatlik vahima odamlar ruhiyatiga ham, hayotiga ham jiddiy taʼsir ko‘rsatdi.


Sir emas, bugungi kunda axborot inson hayotining ajralmas qismiga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlarda har qanday voqea soniyalar ichida minglab odamlarga etib boradi. Eng tashvishlisi, endi aholi «Bu rostmi?», «Manbasi qaer?», «Bo‘lishi mumkinmi?» degan savollarni berishdan ko‘ra, xabarni darhol qabul qilishga va yana o‘nlab kishilarga yuborishga shoshiladi. Oqibatda haqiqat emas, vahima tezroq tarqaladi.


Aslida qo‘rquv ham virusga o‘xshaydi: u bir insondan ikkinchisiga juda tez yuqadi. Agar xabarda «o‘lim», «ofat», «epidemiya», «falokat» kabi so‘zlar ishlatilsa, odamning tanqidiy fikrlash qobiliyati bir muddat hissiyot taʼsirida qoladi. Shuning uchun ham bunday xabarlar juda tez tarqaladi. Ijtimoiy tarmoqlar esa bu jarayonni yanada jadallashtiradi. Amalda har qanday voqeaga nisbatan eng birinchi savol shunday bo‘lishi kerak: «Bu, haqiqatan ham, bo‘lishi mumkinmi?».


Agar suv ombori to‘g‘oni rostdanam yorilsa, bu haqda birinchi bo‘lib favqulodda vaziyatlar xizmati, mahalliy hokimlik yoki rasmiy axborot manbalari maʼlum qiladi. Yuqumli kasallik bilan bog‘liq favqulodda vaziyat yuzaga kelsa, sanitariya-­epidemiologiya xizmati va sog‘liqni saqlash idoralari rasmiy axborot berishadi. Shunday ekan, nomi nomaʼlum Telegram kanali yoki shaxsiy sahifadagi postni rasmiy manbadan ustun qo‘yish mantiqan noto‘g‘ri.


Yolg‘on yoki bo‘rttirilgan xabar tarqatgan odam baʼzan uning oqibatini o‘ylamaydi. Uning maqsadi ko‘proq ko‘rishlar, obunachilar yoki muhokama bo‘lishi mumkin. Ammo o‘sha bir xabar ortidan qancha odam sarosimaga tushadi, qancha ota­-ona farzandidan xavotir oladi, qancha inson ishini tashlab uyiga shoshadi yoki asossiz qo‘rquv bilan yashaydi – bu haqda kamdan-­kam o‘ylanadi.


Vahima ruhiy holatdan tashqari iqtisodiyotga ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Ayrim hollarda odamlar ommaviy ravishda bozorlarga yuguradi, mahsulotlarni zaxira qiladi, transportda tirbandliklar yuzaga keladi, davlat idoralariga minglab murojaatlar bo‘ladi. Hech qanday real xavf bo‘lmagan taqdirda ham jamiyat sunʼiy inqirozni o‘zi yaratib qo‘yadi.


Shuning uchun axborot madaniyati bugun milliy xavfsizlikning ham bir qismiga aylanmoqda. Har bir fuqaro axborotni qabul qilishdan oldin uni tekshirishi, uning rost­-yolg‘onligini aniqlab, keyin tarqatishi kerak. Aks holda, bitta tasdiqlanmagan yolg‘on xabar butun hududni sarosimaga solishi mumkin.


Xullas, yolg‘onlar ortidan ergashib, mulzam bo‘lib qolish sizu bizgayarashmaydi.


Bahodir Halimov,


ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 7257 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat