Janubiy Koreya prezidenti hibsga olindi
Janubiy Koreyaning korrupsiyaga qarshi kurash agentligi impichmentga uchragan prezident Yun Sok Yolning hibsga olinganini ma'lum qildi.
Yun Sok Yol Janubiy Koreya tarixida hibsga olingan birinchi amaldagi prezident bo'ldi.
Prezident qarorgohidagi uzoq muddat davom etgan kelishmovchiliklardan so'ng nihoyat mamlakat prezidentini so'roqqa olib kelishga muvaffaq bo'lingan. Mahalliy OAVlarda e'lon qilinayotgan kadrlarda prezidentning qarorgohidan olib chiqib ketilayotgani ko'rinadi.
Mavzuga doir: Harbiy holat, Devonning iste'fosi va impichment – Janubiy Koreyada nima gap?
Hibsga olinishidan oldin Yun qisqa videomurojaat yo'llagan. Unda u hali ham hibsga olinishining noqonuniy ekanligi, ammo «qon to'kilmasligi» uchun tergovchilar va politsiyaga bo'ysunishga qaror qilganini aytadi. Shuningdek, mamlakatda qonun ustuvorligi printsipi oyoqosti qilinayotgani, unga nisbatan ish ochgan tergov organlari ham, hibsga olish uchun order bergan sudning ham bunga haqqi yo'qligini ta'kidlagan.
Eslatib o'tamiz, tergovchilar birinchi marta 3-yanvar kuni Yunni hibsga olishga uringan, biroq prezident xavfsizligi va tarafdorlari bunga to'sqinlik qilgan va bir necha soatlik qarama-qarshilikdan so'ng tergovchilar va politsiya prezident qarorgohini tark etgan edi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0