Janubiy Koreya prezidentiga impichment e'lon qilindi
Janubiy Koreya prezidenti lavozimini egallab kelgan Yun Sok Yolga impichment e'lon qilindi. U 2022-yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan edi.
Gap shundaki, Yun Sok Yol o'tgan haftada mamlakatda harbiy holat joriy etishga muvaffaqiyatsiz urinishni amalga oshirgan edi. Bundan g'azablangan parlament va mamlakat aholisining katta qismi prezident iste'fosini so'rab chiqqan edi.
Shu bois o'tgan hafta ham parlament Yunning impichmenti bo'yicha ovoz yig'gan, biroq prezident uzr so'rab, mamlakatni boshqarishni hukmron partiyaga ishonib topshirishga va'da berganidan so'ng, ayrim partiyalar fikridan qaytdi va impichment uchun yetarli ovoz to'planmadi.
Biroq muxolifat shu bilan to'xtab qolmasligini va Yunga nisbatan impichment e'lon qilish yo'lida chekinmasligini bildirgandi.
Shu tariqa bugun, 14-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti prezident Yun Sok Yolga impichment e'lon qilish uchun ovoz berdi.
Bunday chorani mamlakatning bir palatali parlamenti — Milliy assambleyaning 300 nafar deputatidan 204 nafari qo'llab-quvvatlagan. 85 deputat qarshi ovoz berdi, yana 3 nafari betaraf qoldi, 8 nafari esa haqiqiy emas deb topildi.
Ma'lumot uchun, Janubiy Koreya qonunchiligiga ko'ra, impichment uchun deputatlarning kamida uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak edi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0