Janubiy Koreyada bir tarsaki uchun 50 ming AQSh dollari jarima
Qiz yigitning yuziga qo'qqisdan musht tushirdi. Yigit chakkasini ushlagancha qoldi...
«Insonlardagi go'zallik, bu — yuz», deydi Jaloliddin Rumiy. Yuzga urish ana shu go'zallikka putur yetkazishdan tashqari, qator xastaliklarga ham sabab bo'ladi. Miyadagi 300-400 ta hujayra o'lishi, eshitish qobiliyati yo'qolishi, ko'zning ko'r, yuzning falaj bo'lib qolishi, peshobni tutolmaslik, parishonxotirlik, shuningdek, ta'm va hid bilish, chaynash, yutish va ko'z yoshi bilan bog'liq muammolar kelib chiqishi shular jumlasidandir.
AQShdagi Yuta universiteti olimlari baquvvat insonlardan boks qopiga musht bilan urishni so'rashgan hamda u qopga qanchalik katta kuch va qanday tezlikda kelib urilishini hisoblashga qaror qilishgan. «Biz shunday savol qo'ydik: sening mushting zarbi ochiq shapaloq zarbidan kuchli bo'ladimi yoki yo'q? Keyin hayron bo'ldik, chunki musht zarbalarining kuchi qo'lning shapaloq shaklidagi kuchidan ortiq emas edi. Zarba kelib tushgan qopdagi natijalar farq qilmasdi», deydi tadqiqot hammualliflaridan biri.
Ba'zi ota-onalar farzandini urib tarbiyalamoqchi bo'ladilar. O'ylamay-netmay, uning yuziga tarsaki tushiradilar. Mutaxassislar fikricha, bu yuqoridagi xastaliklar bilan bir qatorda, bolaning yolg'onchi, qaysar, odamovi, salga depressiyaga tushadigan, o'zidan kuchliga bo'ysunadigan, shaxsiyati zaif, odamlarga nafrat bilan qaraydigan bo'lish kabi illatlarni keltirib chiqaradi. Boz ustiga, unda ota-onasini yomon ko'rish hislari ortib boradi. Oqibatda oiladagi o'zaro mehr-muhabbatga putur yetadi.
Dinimizda insonni urish haqida tavsiya yo'q. Biroq juda katta beodoblik qilib yuborgan xodimni urishga to'g'ri kelib qolishi mumkin. Shunda ham uning yuziga urmaslik kerak. Hatto hayvonlarning ham yuziga, tumshug'iga urish, tamg'a bosish, burnini kesish va boshqa shu kabi ishlar ham qat'iyan taqiqlanadi.
Janubiy Koreyada birovning yuziga shapaloq tushirgan kishidan 50 ming dollar jarima undirilishi, og'irroq holatlarda qamoq jazosi qo'llanilishi ham mumkin.
Inson butun vujudi bilan aziz va mukarram. Vujud yer shari bo'lsa, yuz undagi quyosh timsolidir. «Yuzi nurli», «yuzi issiq» deymiz. Yana «Yuzxotir qildi», «Yuziga tik boqmadi» kabi iboralarni ishlatamiz. Yoki aksincha, «Yuziga qaramayman», «Yuzi qursin», «Yuzsiz» so'zlarini oling. Ular insonga hurmatsizlikni, ko'ngil qolganligini ifodalaydi.
Binobarin, bir paytlar erkakning ko'ziga tik boqmagan millat ayolining bugun uning yuziga bemalol tarsaki tortayotganini namoyish qilayotganlar, yuz hurmatini bilmay shapaloq tushirayotganlar biroz hushyor tortsalar, ayni muddao bo'lardi.
Bahor Xolbekova,
«Ishonch.uz»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0