Jahon neft zaxiralari Eron atrofidagi mojarolar fonida rekord darajada kamaydi
Bu haqda S&P Global Energy tahlilchilariga tayanib DW xabar berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, aprel oyida neft zaxiralari sutkasiga 6,6 mln barrelga, oy davomida esa qariyb 200 mln barrelga qisqargan. Bu holat neftga bo‘lgan talab pasayganiga qaramay kuzatilgan. Shu davrda talab ham sutkasiga 5 mln barrelga tushib, tarixdagi ikkinchi eng katta pasayish sifatida qayd etilgan. Bunday holat avval faqat COVID-19 pandemiyasi davrida kuzatilgan.
Goldman Sachs ekspertlari jahon neft zaxiralari so‘nggi sakkiz yildagi eng past darajaga yaqinlashganini bildirgan. Argus maʼlumotlariga ko‘ra, Shimoliy Evropada aviatsiya yonilg‘isi zaxiralari ham olti yillik minimumga tushgan.
Tahlilchilar fikricha, Yaqin Sharqdagi urush va Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi blokada sabab bozorga qariyb 1 mlrd barrel neft etkazib berilmay qolgan. Mutaxassislar vaziyat yaqin haftalarda yanada xavfli bosqichga o‘tishi mumkinligini aytmoqda.
S&P Global Energy vakili Jim Burkxardga ko‘ra, bozor hali zaxiralar keskin qisqarayotganiga to‘liq javob bermagan va neft narxlarining asosiy o‘sishi hali oldinda.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0