«O‘zbekfilm»dagi moliyaviy muammolar kino sanoatini tubdan isloh qilish zaruratini ko‘rsatmoqda – Jahongir Ahmedov
«O‘zbekfilm» kinostudiyasi atrofidagi moliyaviy muammolar soha taqdiriga daxldor dolzarb masalaga aylanmoqda.
Kinematografiya agentligi direktori, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Jahongir Ahmedovning taʼkidlashicha, bugungi kunda «O‘zbekfilm»ning 22,9 million evro miqdorida kredit majburiyati mavjud. Studiyaning mol-mulki, jumladan, er maydonlari ham ushbu kredit uchun garovga qo‘yilgan.
Muammo faqat kredit majburiyati bilan cheklanmaydi. Soliqlardan qariyb 1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik to‘plangani sababli, kinostudiya balansidagi 12 ta avtomobil 12 kun ichida auktsionga qo‘yilishi xavfi bor. Shuningdek, xodimlarning ish haqlari bo‘yicha ham yirik qarzdorliklar shakllangan.
Maʼlum qilinishicha, kinostudiya bir yilda kamida 60 milliard so‘mlik buyurtma bajarmasa, o‘z faoliyatini barqaror davom ettirishi qiyin. Bu esa studiyaning amalda davlat buyurtmalariga yuqori darajada qaram bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar nazdida, mavjud holatning asosiy sabablaridan biri — zamonaviy biznes modelining shakllanmagani va bozor mexanizmlariga to‘liq o‘tilmaganidir.
Aslida, bu raqamlar ortida nafaqat moliyaviy muammolar, balki bir asrlik o‘zbek kinosi tarixi, uning nufuzi va kelajagi turibdi.
«O‘zbekfilm»da ko‘plab mashhur rejissyorlar, aktyorlar, operatorlar, rassomlar va kino mutaxassislari o‘z ijodiy faoliyatini boshlagan. Millionlab tomoshabinlar sevib tomosha qiladigan qator filmlar aynan shu dargohda yaratilgan.
Shu bois studiyani shunchaki saqlab qolishning o‘zi etarli emas. Uni tubdan isloh qilish, moliyaviy jihatdan barqaror va zamonaviy boshqaruvga ega milliy kino kompaniyasiga aylantirish zarur.
Buning uchun kuchli ijodiy jamoalarni birlashtirish, xususiy investitsiyalar va xalqaro hamkorlikni jalb etish, zamonaviy kino mahsulotlarini yaratish hamda ularni ichki va tashqi bozorga olib chiqish muhim.
Prezident tomonidan «O‘zbekfilm»ga «Milliy» maqomi berilgani esa soha oldiga yanada katta masʼuliyat yuklaydi.
Darhaqiqat, «O‘zbekfilm» oddiy kinostudiya emas. U o‘zbek kinosi tarixi. Endi esa uni zamonaviy, raqobatbardosh va moliyaviy barqaror milliy kino sanoatining tayanchiga aylantirish muhim vazifadir.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0