O‘zbekistondagi eng yirik korruptsiyaviy ishlar: tizim tozalanyaptimi yoki muammoning haqiqiy ko‘lami endi ochilyaptimi?
Ўзбекистондаги энг йирик коррупциявий ҳолатлар шу кунларда яна ОАВ бош мавзусига айланган
O‘zbekistondagi eng yirik korruptsiyaviy holatlar shu kunlarda yana OAV bosh mavzusiga aylangan
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullaev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq direktori Akmalxon Ortiqov, “O‘zbekneftgaz” AJ sobiq boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov, Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzaev, Migratsiya agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi sobiq rahbari Azizbek Toshtemirov...
Bu nomlar ortidan davlat boshqaruvining turli bo‘g‘inlari, jumladan, vazirliklardan tortib strategik davlat kompaniyalari, soliq tizimi, migratsiya sohasi, mahalliy hokimiyat va hatto nazorat hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlargacha korruptsiya va mansab vakolatini suiisteʼmol qilish bilan bog‘liq jinoyat ishlari ochilmoqda.
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullaevga nisbatan davlat mulkini juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish ayblovi bilan jinoyat ishining sudga oshirilgani jamoatchilik eʼtiborini tortdi.
Davlat rahbari yanvar oyidagi yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi davlat xaridlari tizimida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlanganini maʼlum qilgandi. Keyinchalik ish materiallarida etkazilgan zarar 200 milliard so‘mdan ortiq ekani qayd etildi.
Davlat xavfsizligi va huquq-tartibot tizimida ishlagan yuqori lavozimli mansabdorning aynan davlat xaridlari bilan bog‘liq jinoyatda ayblanishi nazorat tizimlarining samaradorligi haqida jiddiy savollarni paydo qilmoqda. Ayniqsa, summaning 200 milliarddan oshiqligini qayd etadigan bo‘lsak, bu pullarni shaxsiy manfaatga yo‘naltirish uchun tizim rivojlanishida qanchalik katta “qurbonlik” bo‘lganini tasavvur qilish ham qiyin.
Sudgacha etib kelgan yana bir yirik ish – Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq direktori Akmalxon Ortiqov hamda “O‘zbekneftgaz” AJ sobiq boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov bilan bog‘liq. Davlat aktivlari, milliardlab so‘mlik er uchastkalari va strategik neft-gaz loyihalari bilan bog‘liq ayblovlarni ko‘rib aytishimiz mumkinki, korruptsiya xavfi mamlakat iqtisodiy xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan tarmoqlarni ham chetlab o‘tmagan.
Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzaevning 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgani ham korruptsiyaga qarshi kurashdagi eng shov-shuvli ishlardan biri bo‘ldi. Sud uni juda ko‘p miqdordagi mulkni talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va hokimiyat harakatsizligi bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topdi.
Migratsiya agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi sobiq rahbari Azizbek Toshtemirov ishi boshqa jihati bilan eʼtiborni tortadi. Tergov materiallarida fuqarolarni xorijga ishga yuborish evaziga noqonuniy mablag‘lar undirilgani, xususan, o‘nlab million dollarlik mablag‘lar haqida so‘z boradi. Eng achinarlisi, bu kabi poraxo‘rlik o‘yinlaridan eng katta zarar ko‘rgan oddiy fuqarolar bo‘ldi.
Endi mazkur yo‘nalish bo‘yicha yana bir yirik sud jarayoni boshlanmoqda. Jamoatchilik orasida “Koreya ishi” sifatida tilga olinayotgan, davlat va fuqarolarga taxminan 90 million AQSh dollari miqdorida zarar etkazilgani aytilgan jinoyat ishi sud bosqichiga o‘tdi. Tergov Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan bo‘lib, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Sud oldida to‘rt nafar sudlanuvchi javob beradi. Bular: Ganchar Ummat o‘g‘li Uzaqov, Timur Badridinovich Shariksiev, Alijon G‘anievich Ashurov, Suxrob Sanjarovich Sayfutdinov. Ularga Jinoyat kodeksining pora olish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda mansab vakolatini suiisteʼmol qilishga oid moddalari bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Qo‘shrabot tumani hokimining davlat hisobidan amalga oshirilgan xizmat safariga turmush o‘rtog‘i va o‘g‘lini delegatsiya tarkibiga kiritgani uchun hayfsan olgani, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining esa xizmat safari maqsadiga aloqasi bo‘lmagan shaxsni delegatsiyaga qo‘shgani mansab vakolatidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanganini eshitib hayratdan yoqa ushlamaslikning iloji yo‘q.
Urgut tumani prokurori o‘rinbosariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi esa korruptsiyaning eng xavfli ko‘rinishlaridan birini namoyon etadi. Tergovga ko‘ra, u davlatga etkazilgan zararni kamaytirish va sudda engil jazo tayinlatib berishni vaʼda qilib pora olgan. Qonun ustuvorligini taʼminlashi kerak bo‘lgan tizim vakili korrupsiyada gumon qilinayotgan bo‘lsa, bu faqat bitta mansabdorning qilmishi emas.
Bugun sud zallarida yangrayotgan familiyalar tasodifiy emas. Ular davlat boshqaruvining turli yirik bo‘g‘inlarida yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolarning aks-sadosidir. Ichki ishlar tizimi, davlat aktivlari, soliq, migratsiya, mahalliy hokimiyat, prokuratura…
Albatta, yuqori lavozimli mansabdorlarning sud oldiga kelayotgani jazoning muqarrarligi taʼminlanayotganidan dalolat. Ammo jamiyatni o‘ylantiradigan asosiy savol boshqacha: bu qadar yirik korruptsiya sxemalari urchib, yuzlab milliard so‘m va o‘nlab million dollarlar aylanayotgan bir paytda ular nega aynan hozir fosh etilmoqda? Nega nazorat tizimlari bunga avvalroq chek qo‘ya olmadi?
Korruptsiyaning eng og‘ir oqibati davlatning pul yo‘qotishi emas. Uning eng katta qurboni, avvalo, oddiy insonning adolatga va davlatga bo‘lgan ishonchidir. Agar ana shu ishonch tiklanmasa, har bir ochilgan jinoyat ishi ertaga yana boshqasi bilan almashishi mumkin.
Dildora Do‘smatova,
ishonch.uz


Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0