O'zbekistonga xorijdan pul jo'natmalari o'tgan yili qariyb 15 mlrd dollarga yetgan
2024-yilda O'zbekistonga kelib tushgan pul o'tkazmalari o'tgan yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 mlrd dollarga ko'payib, 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bankning jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo'yicha qisqacha sharhida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, mablag'larning 77 foizi Rossiyadan (11,5 mlrd doll) kelib tushgan bo'lib, 2023-yilga nisbatan 29 foizga oshgan. Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozog'iston (795 mln doll), AQSh (577 mln doll), Janubiy Koreya (534 mln doll), Turkiya (405 mln doll), Buyuk Britaniya (135 mln doll) va boshqa mamlakatlardan o'tkazilgan.
2024-yilda O'zbekistonga kelib tushgan pul o'tkazmalari hajmining 2023-yilga nisbatan o'sishi mehnat migratsiyasi yo'nalishida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollik, ishchi kuchiga talab va ish haqlarining oshishi hamda migratsiya geografiyasi tarkibida yuqori daromadli mamlakatlar ulushining ortishi bilan izohlangan.
2024-yilda O'zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o'tkazmalari hajmida 2023-yilga nisbatan Buyuk Britaniyadan 83 foizga, Janubiy Koreyadan 56 foizga, AQShdan 35 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foizga o'sish kuzatildi.
Shuningdek, 2024-yilda O'zbekistondan chet elga yuborilgan pul o'tkazmalari hajmi 2,8 mlrd dollarni (2023-yilga nisbatan o'sish 19 foiz) tashkil qildi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0