Jimlik chimmatini yorib chiqqan nur
Yoxud Prezident Shavkat Mirziyoevning Xorazm viloyatiga tashrifidan keyingi o'ylar
Xorazm – nafaqat mamlakatimiz yoki mintaqamiz, balki bashariyat tarixida yuksak o'rin tutadigan o'lka. Buni bilgan odam biladi, bilmaganlar uni respublikamizdagi o'n to'rt ma'muriy hududning bittasi, deb o'tib ketaveradi.
Nufuzli manbalarning tushuntirish berishicha, qadimda Katta Xorazm nomi bilan atalgan davlat insoniyat tamadduni taraqqiyotida ko'hna Misr, Bobil, Hind davlatchiligi bilan bellasha oladigan o'tmishga ega bo'lgan. U asrlar davomida O'rta va Kichik Osiyo, Yevroosiyo xalqlarining o'zaro munosabatlarida muhim vositachi vazifasini bajarib kelgan.
Xorazmda oyoqqa turgan davlatlar nafaqat mintaqamiz, shu bilan birga, Eron, Hindiston, Yevropa xalqlari hayotiga o'z ta'sirini ko'rsatgan. Bu ta'sir faqat iqtisodiy yoki harbiy-siyosiy emas, balki zehniyat omili bilan bog'liqligi, tsivilizatsiyaga daxldorligi bilan yanada ahamiyatliroq edi. Gapimiz asossiz bo'lmasligi uchun shu yerda amerikalik yirik siyosatchi olim, «Markaziy Osiyo va Kavkaz» instituti direktori Frederik Stardan ayni mavzuda bir iqtibos keltiramiz. U yurtimizning qadim madaniyati va ilm-fan, kengroq aytganda, biz bugun birinchi Renessans, deb atayotgan nodir hodisani sharhlayotib bunday deydi: «...800-1100 yillar orasida markaziy osiyolik bu olim, san'atshunos va mutafakkirlar pleyadasi mintaqani dunyoning intellektual markaziga aylantirdilar. Ularning ta'sir doirasi Sharqiy Osiyo va Hindistondan Yevropa va Yaqin Sharqqacha taralgan edi».
Darhaqiqat, Xorazm, bugungi «siyosiy til»da aytganda, o'z davrining madaniy, siyosiy-iqtisodiy dominant o'yinchisi – aktori va munosib qudrati («derjava») bo'lgan. Uning hududi Amudaryoning quyi qismidan janubga tomon Murg'ob va Tajan daryolarining boshlanish qismigacha cho'zilgan.
Bu o'lka haqidagi dastlabki ma'lumotlar zardushtiylikning asosiy manbasi «Avesto», Doro I ning Bihistun tosh bitiklari, qadimgi yunon mualliflari, arab geograflarining asarlarida uchraydi. Masalan, «Avesto»ning «Yasht» qismida Xorazm «Ming irmoqli daryo», «Ko'llar va o'tloqlarga boy o'lka» sifatida madh etiladi.
Abu Rayhon Beruniy o'zining «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida shunday yozadi: «Xorazmliklar Xorazmga odamlar joylasha boshlaganidan tarix olar edilar. Bu Iskandardan 980 yil ilgari bo'lgan edi. Undan keyin Siyovush ibn Kaykovusning Xorazmga kelishidan, Kayxusrav va uning naslining Xorazmga podshohlik qilishlaridan tarix oldilar. Shu vaqtda Kayxusrav Xorazmga ko'chib, turk podshohlari (ustidan) hukmronligini yurgizgan edi. Bu voqea Xorazmga odam joylashishidan 92 yil keyin bo'ldi».
Bu shuni ko'rsatadiki, uch ming yil oldin ham Xorazmda bizning ajdodlarimiz yashagan va bu yerlarda davlatchilik madaniyati bo'lgan. Misol uchun, Gerodot qadimda Oks (Amu) daryosi bo'ylab 360 dan ziyod sun'iy sug'orish inshootlari barpo etilgani haqida yozib qoldirgani fandan ma'lum. Bundan tashqari, dastlabki shaharsozlik timsoli bo'lgan shahar-qal'alar – Qal'aliqir, Ko'zaliqir, Jonbosqal'a kabi olis o'tmishdan so'zlovchi arxeologik inshootlar Xorazm vohasidagi qadimiy davlatchilik belgilari, desak, hech adashmagan bo'lamiz.
Bu o'tmish, albatta. Ammo kelajak doim tarix ustiga qurilishini hisobga olsak, Xorazmning asl salohiyati, shuhrati va qudratini his qilamiz. Ammo, taassufki, ko'pchiligimiz zamonlar shiddati dunyoga dovruq solgan bu diyorni o'tmish sahifalaridan siqib chiqarishga harakat qilganiga ham guvoh bo'ldik. Olis tarixni qo'yib turaylik, kechagi kunlarimizda ham «Xorazm» so'zi siyosiy diskurslardan «chekinib», maishiy gurunglardagina ishlatiladigan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining komponenti – tarkibiy qismi darajasiga tushib qolganiga ko'pchiligimiz shohidmiz.
Men yaxshi eslayman, mustaqilligimizning o'tgan deyarli 25 yilida vohadagilar «izchil islohot»lar haqida gap ketganda, eski Pitnak, hozirgi Tuproqqa'la tumanidagi «Damas» avtomobillari yig'iladigan chog'roqqina zavod haqida gapirishardi, xolos. Ayniqsa, muxbirga ro'baro' kelib qoladigan mas'ul yoki faolga bunday paytlarda qiyin bo'lganini tasavvur qilsa bo'ladi. Сhunki mustaqillikni ulug'lovchi ko'rsatuv yoki maqolani jimjimador qilib «bezab chiqish»ga shu zavoddan tashqari arzirli bir gap topib gapirishning o'zi qiyin edi. Ehtimol, shuning uchun ham bundan 7-8 yil avvalgi Xorazm haqidagi ko'rsatuv yoki maqolalarni kuzatsangiz, gap, asosan, vohaning tarixi, san'ati haqida ketardi...
Bugun esa bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarga havas qilmaydigan odamning o'zi yo'q.
***
– Viloyatimiz uzoq yillar e'tibordan chetda qolgani bor gap, – deydi xorazmlik oqsoqol, Xorazm viloyati «Nuroniy» jamg'armasi raisi Rustam Sultonov. – Men birovga malomat qiladigan yoshda emasman. Bu yil 87 ga kirdim. Bir gapni ochiq aytaman, e'tibor berilmagan, nazardan chetda qolgan odam ham, joy ham, jaydarichasiga aytganda, ko'karmaydi. Buning isbotini biz ko'rdik. Uzoq paytlar viloyatimiz markazning nazaridan chetda qoldi. Buni tirik jon borki, his qildi. Jamoatchilik orasida aralashib yurganim uchun yaxshi bilaman, 5-6 yillab bu yerga markazdan, hatto, nufuzliroq to'rt-besh vazir kelganini eslay olmaymiz. Go'yoki biz unutildik, hammaning esidan chiqib qoldik...
Oqibat nima bo'ldi, ko'zimiz bilan ko'rganimiz – viloyatning ham, aholining ham sho'ri quriy boshladi. Bir tasavvur qiling, aniq bir dushman yo'q, hech kim sizni «yomon ko'raman» deb ochiq yoki rasmiy ravishda gapirmaydi, ammo ahvol haligidaqa. Hammamiz, siz ham yaxshi bilasiz, mustaqilligimizning ilk yillarida iqtisodiy «krizis» bo'lib, odamlarning turmush darajasi tushib ketdi. Ishlay desang, ish yo'q, odamga o'xshab yashashga sharoit yo'q. Ammo keyin-keyin ahvol o'zgardi, haqiqatniyam aytib qo'yishimiz kerak, albatta. Ba'zi viloyatlardagi aholining turish-turmushini ko'rib-eshitib, ochig'i, havas qilardik.
Aytmoqchi bo'lgan gapim – Xorazm o'sha «krizis»ning og'ir botqog'ida botib qolganday edi go'yo. Keyin nima bo'ldi, deb so'rasangiz, uning asoratlari yanada og'riqliroq bo'ldi. Odamlar qishloq-qishloq, mahalla-mahalla bo'lib chetga – mardikorlikka chiqib ketdi. Ovulu shaharlar huvillab qoldi. Erkaklarning bari tirikchilik uchun ketgach, mahallalarda cholu kampirlar, ayollar va bolalar qoldi.
Sizga dahshatli bir hodisani aytaman. Mayli, o'zimizniki bo'lsa-da, uyalmayman. Сhunki bu haqiqat! Qaysi bir yillari Xiva tumanidagi Qosma qishlog'ida janoza bo'ladi. Mayitni tobutga joylagach, uni ko'taradigan bitta bo'lsin erkak topilmaydi...
Endi ayting, xalq uchun bundan ortiq yana qanday sitam bo'lishi mumkin?! Hatto, urush yillarida ham bunday bo'lmagan, deb o'ylayman...
Odamlar sharoit bo'lmaganidan keyin issiq joylarini, Vatanlarini ham tashlab ketishga majbur bo'larkan. Axir hammayam bolam-chaqam deydi. Mardikorlikdan tashqari, bizda ko'p odamlar uylarini tashlab, boshqa viloyat va shaharlarga ham ko'chib ketdi. Mana, masalan, men ko'p eshitaman, Toshkent atrofidagi hududlarda hozir xorazmliklar ancha ko'paygan. To'g'ri, buning yomon joyi yo'q – Vatan hammamiz uchun bitta. Ammo bu yerda gap boshqa masalada. Ketayotgan odam qishlog'i yo ovulida ko'rayotgan kunidan roziligi uchun ketayotgani yo'q... Men hech kimni yomon demagan, o'tgan kunlarni qoralamagan (chunki u kunlar ham bizning tariximiz) holda bir gapni sizga ochiq aytaman. Mendan yaqinlarim, hatto, nabiralarim Shavkat Mirziyoevni nega buncha yaxshi ko'rasiz, deb so'rashadi. Javobim bitta: bu odam xorazmning g'ururini, sha'nini qaytardi, deyman.
O'zingiz o'ylang, davlat tepasiga kelganiga yetti yil bo'lgan bo'lsa, Xorazmga bu galgisi, adashmasam, o'n ikkinchi safari bo'ladi. Yana har kelganida quruq qo'l bilan emas, shu elga naf beradigan, odamlarimizning turmushini farovonlashtiradigan taklif va tashabbuslar bilan keladi. Trillionlab mablag'lar, chet ellik hamkorlarni bu yoqqa olib kelib, viloyatimiz obodligi, odamlarimiz farovonligi uchun ishlatish o'zidan-o'zi bo'ladigan ish emas-ku!
Men Shavkat Miromonovich Xorazmning sha'nu shavkatini qaytardi, deganimda yana bir chuqur o'yni xayolimdan o'tkazdim. Bu – vohaning tarixi, qadriyatlari, madaniyati va san'ati bilan bog'liq. Bu inson 2022 yilda Urganchda Jaloliddin bobomizning juda ulkan haykalini o'rnatib, uning poyida so'zlaganda ko'ziga yosh olmagan asl Xorazm farzandi qoldi, deb o'ylaysizmi?! Holbuki, Jaloliddinning nomi ham, jasorati ham necha asrlardan buyon bor edi. Vatanimizning bu yovqur o'g'loni ko'rsatgan jasorat nafaqat Xorazmning, balki mintaqamiz, qolaversa, butun turkiy dunyoning faxri edi.
Ana shu ko'milib yotgan javohir, tarixning sindirib bo'lmas adolatini kim tikladi? Shavkat Mirziyoev! Shuncha ishni qilgan vatandoshimni, Yurtboshimni qanday yaxshi ko'rmasligim mumkin, axir?!
***
Ochig'i, oqsoqolning gaplari meni juda ta'sirlantirdi.
To'g'ri, Prezidentimiz bu yerda olib borayotgan kompleks ishlar bo'yicha ozmi-ko'pmi xabarimiz bor edi. Ammo ko'pchilik qatori bu ishlarga faqat viloyatning maishiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash sifatida qaraganim xato ekanini shu suhbatdan keyin tushundim. Shavkat Miromonovich masalaning ichiga chuqurroq kirgan ekan. Ya'nikim, xalqning ro'zg'orini butlash bilan birga, uning qadr-qimmati, g'ururini ham joyiga qo'yish, ma'naviy jihatdan qo'llab-quvvatlashni ham diliga tukkan ekan.
Shu o'rinda men Prezidentning «Arda Xiva» ochilish marosimida qilgan nutqidan bir necha iqtibos keltirmoqchiman. Zero, ular mazmun-mohiyatiga ko'ra, hozir mulohaza qilayotgan fikrlarimizni baholi qudrat qo'llab-quvvatlaydi.
Mana, ular:
«Xorazm dunyo tsivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo'shgan Sharq gavharidir. Bu ko'hna yurt jahonga dong'i ketgan ne-ne olimu fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatanidir.
Ilm-ma'rifat mash'allari bo'lgan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, vatanparvarlik timsoli bo'lgan Najmiddin Kubro va Jaloliddin Manguberdi singari ulug' zotlar xalqimizning faxru iftixoridir...».
«Biz ajdodlarimiz qoldirgan beqiyos ilmiy-ma'naviy merosni asrab-avaylash, boyitish va dunyoga keng targ'ib etishni o'z oldimizga ulug' maqsad qilib qo'yganmiz. Shu bois Ma'mun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bog' «Buyuk allomalar» nomli ochiq osmon ostidagi «smart» muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan o'nlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yo'li, boy ijodiy merosi interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.
Kuni kecha Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet va IT maktabini tashkil etish bo'yicha alohida qarorni imzoladim. Aminmanki, bu ta'lim dargohlari bo'lg'usi xorazmiylar, beruniylar bilim oladigan o'quv maskanlariga aylanadi».
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan yangragan ayni so'zlar qadim Xorazmning buyuk tarixi, o'z davrida insoniyat yo'lini yoritgan intellektual salohiyatining haqli ma'noda e'tirof etilishini, bu nodir ne'matlarga hurmat bajo keltirilishini anglatadi, albatta. Ushbu mulohazalar tasavvurimda bir manzarani paydo qiladi. Bu bugungi yangi dunyoda qadim diyorning ma'naviy jihatdan qayta kashf etilishi, tug'ilishi bilan bog'liq o'y-fikrlardir.
Men so'zimning avvalida Frederik Star maqolasidagi iqtibosni bejiz keltirmadim. Amerikalik olim ayni so'zlari bilan bu o'lka xalqlari o'z aql-idroki, zakosi bilan vaqtida dunyoni izmiga bo'ysundirgan, ortidan ergashtirolgan, biroq hozir bu yerlarda sahroning og'ir bir sukunati hukmron, ammo vaqt keladiki, bu cho'kkan «jimlik chimmatini»ni bir kun yana kuch-qudrat salobati, ilmu ziyo nuri yorib chiqadi, faqat buning uchun tarixiy zarurat va kuchli bir shaxsning qat'iyati kerak, degan fikrga ishora qiladi.
Bugun biz yana bir narsadan shodlanishimiz kerakki, o'sha kunlar keldi. Muhtaram Shavkat Mirziyoev bugun o'z g'ayratu shijoati, qalbidagi shu xalqqa bo'lgan so'nmas muhabbati bilan ayni tarixiy «jimlik»ni buzishga, so'ngan chiroqlarni qayta yoqishga, o'tmishda bobolarimiz zabt etgan manzillarni qayta egallashga barchamizni ilhomlantirmoqda, desam, to'g'ri aytgan bo'laman.
***
Men Xorazmning bugungi zamon adiblari orasida mashhur shoirimiz Omon Matjonning nomini alohida tilga olaman. Uning «Quyosh soati» nomli kitobiga kiritilgan bir she'ri meni mudom ham o'yga toldiradi, ham fikriy xassosligi jihatidan hayratlantiradi. O'sha she'rda shoir «Nega Xorazmda tog'lar yo'q?» degan savolni o'rtaga qo'yib, «Xorazmda tog'lar yo'q emas, bor. Xorazm tog'lari vohani tongda quyoshdan to'sib qo'ymaslik uchun odamlar qiyofasida yashashadi! Va ular – Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Feruzlardir», deya javob beradi.
Ushbu she'rni men ayni damda bekorga yodga olmadim. Zotan, iste'dodli shoirimiz o'z asarida Xorazmning tog'lari sifatida tizib chiqqan ro'yxatga bugun biz cheksiz g'urur va iftixor bilan yana bir tog' – vohaning tarixiy qalbini, shavkatini, shonini qayta tiklayotgan Shavkat Mirziyoev nomini ham qo'shib qo'ysak, ayni haqiqat bo'ladi, deb o'ylayman. Buning uchun ma'naviy asos bo'lib xizmat qiluvchi mulohazalarni yuqorida aytib o'tdik.
Shoirning bir vaqtlar yozgan she'rini tahrirlash uchun boshqa asoslarimiz ham bor. Bu, o'lkada bugun kechayotgan obodonchilik, yaratuvchilik, elni rozi qilish yo'lidagi xayrli tashabbuslar bilan bog'liq mulohazalardir. Ayni zamonda Qizilqum va Qoraqum sahrolariga tutash zaminda ulkan yaratuvchilik ishlari amalga oshirilmoqdaki, buni, albatta, viloyatga kelgan odam ostonadanoq payqaydi.
Ostona, deb shartli ma'noda atayotganimiz – Urganch xalqaro aeroporti va uning biqinida qad rostlayotgan Al-Xorazmiy shaharchasi bu gapimizga arzirli misol bo'la oladi.
Men Urganchga juda ko'p borganman va aeroportida ham ko'p bo'lganman. Ammo uning biqinida shunday muhtasham shaharcha bunyod etiladi, degan fikr hech mahal xayolimga kelmagan. Bugun bu yerda nafaqat shaharcha bunyod etilayotir, balki aeroportning o'zi ham qayta rekonstruktsiya qilinmoqda. Koreya Respublikasining «Incheon International Airport Corporation» kompaniyasi umumiy qiymati 223 million AQSh dollari bo'lgan loyiha doirasida katta hajmdagi ishlarni boshlab yuborgan. Bundan maqsad bitta: viloyatda turizm salohiyatini oshirish, xalqimizga namunali aviatsiya xizmatlari ko'rsatish.
Qolaversa, yuqorida aytganimizdek, aeroport biqinidagi 130 gektardan ziyod hududda muhtasham shaharcha bunyod etiladi. Ya'ni bu yerda kelgusida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog'chalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar bo'ladi. Shaharcha markazida ulug' bobomiz Al-Xorazmiyning qariyb 31 metrdan iborat muazzam haykali o'rnatiladi.
Ayni vaqtga qadar ushbu hududda 72 ta ko'pqavatli uy qurilib, 1 773 ta xonadon aholi ixtiyoriga topshirildi. Bu yil yana 1000 xonadonli 28 ta turarjoy qurilishi belgilangan. Yaqin istiqbolda ularning soni 5 mingdan ortadi.
Aslida sayyohlarning ilk taassuroti aeroportdan shakllanadi. Binobarin, Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish, uning yon-atrofida zamonaviy tipdagi intellektual hududni barpo etish voha ahliga qulaylik yaratibgina qolmay, havo kemalarida Xorazmga, demakki, O'zbekistonga uchib kelayotgan mehmonlarning mamlakat haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu o'rinda alohida ta'kidlash zarur: bugun Xorazm ahli va mehmonlariga yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar faqatgina viloyatning ramziy ostonasi – aeroport bo'sag'asida qolib ketgani yo'q. Uning jadal va ilhombaxsh sur'atlari viloyatning barcha soha va jabhalarida o'z aksini ko'rsatyapti.
Xususan, voha ahlining asriy orzuumidi bo'lgan temiryo'l transport-kommunikatsiya tizimi Prezidentimizning faol sa'y-harakatlari bilan izchil ro'yobga chiqa boshladi. Birgina Shovot – Gurlan – Qipchoq temir yo'lining ishga tushirilishi natijasida Rossiya hamda Qozog'istondan yuklarni tashish masofasi 240 kilometrga, tashish vaqti esa 6 soatga qisqardi. Buxoro – Urganch – Xiva temir yo'lini elektrlashtirish muvaffaqiyatli yakunlandi. Kelgusida Janubiy Koreyaning «Hyundai Rotem» kompaniyasidan yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta elektropoezd xarid qilinib, «Toshkent – Xiva» yo'nalishida qatnovlar yo'lga qo'yiladi. Natijada Toshkentdan Xivaga borish uchun oddiy poezdda sarflanayotgan 14 soatlik vaqt 7 soatgacha, ya'ni ikki barobar qisqaradi.
Viloyatda temir yo'l transporti bilan birga, ichki yo'nalishlardagi jamoat transportining ham xizmat sifati yaxshilanib boryapti. Masalan, o'tgan yili Xitoyning «Zhongtong» kompaniyasida ishlab chiqarilgan 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi. Ushbu avtobusning sig'imi 70 kishilik bo'lib, Wi-Fi va kuzatuv kameralari bilan jihozlangan hamda nogironligi bor va keksalar uchun ham qulay. E'tiborlisi, bunday sharoitlar transport yetishmovchiligi va ko'chalarda tirbandlikning oldini olib, fuqarolarning erkin harakatlanishiga xizmat qilmoqda.
Albatta, bu hali hammasi emas. Viloyatda tadbirkorlarga yaratilayotgan mislsiz imkoniyatlar tufayli yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan birga, yakka tartibdagi ishbilarmonlar, o'zini o'zi band qilgan aholi soni ham kundan-kunga ortib bormoqda.
Mebelsozlik shular jumlasidan. Bugungi kunda viloyatda 300 dan ortiq korxonalar shu faoliyat bilan shug'ullanadi. Sohadagi yakka tartibdagi tadbirkorlar 200 dan ortiq, 1 ming 300 dan ziyod aholi o'zini o'zi band qilgan. Lekin ularning ko'pchiligi tor joyda, noqulay sharoitda ishlardi.
Hozir esa sharoit butunlay o'zgardi – davlatimiz rahbarining mebel' sanoatini rivojlantirishga oid qaroriga muvofiq, Xonqa tumanidagi 10 gektar yerda mebel' mahsulotlarini klaster usulida ishlab chiqarish, ko'rgazma va savdo ob'ektlarini o'z ichiga olgan sanoat zonasi tashkil etildi. Pirovardida bu yerda Germaniya, Italiya, Shveytsariya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan zamonaviy dastgohlar o'rnatilib, qiymati 10 million dollardan iborat 61 ta korxona faoliyat boshladi. 650 kishi esa ish bilan ta'minlandi.
Aytish joizki, sanoat zonasida energiya samaradorligiga ham alohida ahamiyat qaratilgan. Muhimi, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorlarga ham yo'naltirilib, 3 million dollardan ziyod eksport qilinishi mo'ljallangan.
Meni Xorazmda ilhomlantirgan eng muhim voqealardan biri – Prezidentimizning Xonqa tumanidagi «Sobirjon Yusuf» oilaviy fermer xo'jaligi rahbari Oyimjon Otajanova bilan uchrashgani bo'ldi. 73 yoshga kirsa-da, yer bilan «tillashish»dan, «dillashish»dan aslo charchamagan bu ayol, aytish mumkin bo'lsa, Yurtboshimiz ilgari surgan tashabbus – tomorqachilik siyosatining yorqin namunasi, desam, yanglishmagan bo'laman.
Prezidentimizning mashhur bir iborasi bor. U kishi uzoq yillar amalga oshmay yotgan tashabbuslar ijobatini ko'rganda, odatda, ko'ngli quvonchga to'lib, shu iborani qo'llaydi: qilsa bo'lar ekan-ku! Men opaning g'ayrati, xo'jaligidagi ishlar ko'lami va unumini ko'rganimda shu gap xayolimda jonlandi. U bugun o'z xo'jaligiga qarashli 3 gektar maydonda mevali va manzarali daraxt ko'chatlari yetishtiradi. Yana ikki gektarida bog'dorchilik bilan shug'ullanadi. Qolaversa, 12 sotixli issiqxonada 40 turdagi gul ko'chatlarini parvarish qiladi. Issiqxona zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar bilan ta'minlangan bo'lib, uning har bir bo'limida ko'chatlarning turi va xususiyatidan kelib chiqib zarur mikroiqlim yaratilgan.
Serg'ayrat bu ayol yiliga 50 ming tupdan ortiq ko'chatlar o'stirib, sotuvga chiqaradi. Hozir ular qo'shni hududlar, Qozog'iston va Turkmanistonga ham yetkazib berilmoqda. Yillik daromad yomon emas – naqd bir milliard so'm!
Fidoyi mirishkorning yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta'minlashdagi hissasi ham katta ekan. Hozirgacha uning 200 dan ortiq shogirdlari bor. 300 nafar ishsiz fuqaroga ko'chatchilik sir-sinoatlarini o'rgatib, mahallasidagi 70 foiz xonadon bilan kasanachilikni yo'lga qo'ygan.
Shu o'rinda bir gapni aytay, Oyimjon opa yordamida bugun hayotda o'z yo'lini topgan o'nlab xotin-qizlar bor. Ularning aksariyati bir paytlar xorijga mardikor sifatida chiqib ketib, qiyin ahvolga tushib qolgandi.
Endi bir o'ylang, Xorazmda Oyimjon opadek ayollar, insonlar bittami? Yo'q, ular ko'pchilikni tashkil qiladi. O'nlab-yuzlab yaratilayotgan yangi ish o'rinlariga ishsiz aholi qamrab olinmoqda. Ha, bugun xorazmliklar asta-sekin olis o'lkalardan yurtga qaytmoqda. Prezidentimiz siyosatidagi insoniy printsiplarning asl o'zaklaridan biri ham shu aslida.
***
Buyuk renessanslar madaniyatlararo muloqotlar orqali hosil bo'ladigan hodisa, deyishadi olimlar. Bu, bor gap.
Tariximizni qarasak, o'tmishda yuz bergan ikki uyg'onish davri ham rivojlangan davlatchilik pallalariga to'g'ri keladi. Buyuk Ipak yo'li chorrahasida joylashgan Vatanimiz qachonki, savdo-sotiq, turizm, bordi-keldilarga ochiq bo'lgan zamonlardagina bu hodisa yuz ko'rsatgan. Сhunki bu o'lkaga kelayotgan savdogar ham, sayyoh ham, hech shubhasiz, o'zi bilan birga o'z madaniyatini olib keladi yoki aksincha. Shuning uchun ham bugun Prezidentimizning dunyo davlatlari bilan olib borayotgan do'stona munosabatlari, turizmga rivojlanishimizning asosiy drayveri sifatida baho berayotganining asl sabablari shu yerda, desak, to'g'ri bo'ladi, nazarimda.
Xorazm ham mamlakatimiz turizm gavharlarining bir shodasi. Shuning uchun keyingi yillarda viloyatda ayni sohaga yuksak e'tibor qaratilayotir va yutuqlar ham yomon emas.
Buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrdagiga nisbatan 30 barobar ko'payganida ham ko'rish mumkin. Sohadagi o'zgarishlar hisobiga bugun viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o'tgan yili 380 million dollarga yetdi.
Tasavvur qilyapsizmi, o'rtadagi farq 8 yil ichida qariyb 55 baravar ortgan. Albatta, bu raqamlar qanday zahmatli sa'y-harakatlar evaziga zohir bo'layotganini barchamiz ko'rib, bilib, his etib turibmiz. Binobarin, bugun ko'hna kent ichra qad rostlagan yana bir betakror shahar – «Arda Xiva» ana shu sa'y-harakatlarning mahsulidir, desak, sira xato bo'lmaydi.
Esimda, ilgari Xorazm turizmi haqida gap ketganda ko'pchilikning xayoliga faqatgina Ichan qal'a kelar edi. Biroq keyingi vaqtlarda bu boradagi tasavvurlar butunlay o'zgardi. Viloyatda turizmni rivojlantirishga alohida strategik yo'nalish sifatida qaralib, tarix va zamonaviylikni o'zida mujassam etgan yirik turistik majmualar barpo qilindi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo'nalishlar ishlab chiqilib, ularning soni yuztaga yetkazildi.
Darvoqe, «Arda Xiva» o'zida tarix va bugunni uyg'unlashtirgan me'moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi. U 25 gektarlik past unumli, sho'rxok maydonda qurilgan bo'lib, uning me'moriy yechimi Ichan qal'anikiga o'xshab ketadi. Faqat ularni bitta farq ajratib turadi – bunyod etishga ketgan muddat. Hammamiz yaxshi bilamizki, Ichan qal'a xonliklar zamonida asrlar davomida qurilgan. «Arda Xiva» esa atigi 9 oyda barpo etildi.
Yiliga 3 million nafar sayyohni qabul qilish imkoniga ega ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o'rinli amfiteatr, 5 ta kino va kontsert zali, ko'rgazmalar pavil'oni, 70 ta do'kon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sohil bo'yi yo'lagi bor. Ayniqsa, uning bir tomoni 150 gektarlik G'ovuk ko'lga tutashib ketgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko'rsatishga xizmat qiladi. Prezidentimiz ta'birlari bilan aytganda, «Ichan qal'a» tarixiy bo'lsa, «Arda Xiva» Xorazmning zamonaviy «tashrif qog'ozi» bo'ladi.
Ma'lumot uchun aytish o'rinliki, yaqin istiqbolda Xiva tumanida «Arda Xiva» singari yana bir majmua – «Sahro yulduzi» nomli yangi turistik kompleksni barpo etish rejalashtirilgan. Unda mehmonxonalar, ko'ngilochar markazlar, gastronomik va savdo ko'chalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager', ekstremal turizm joylari bo'ladi.
Shuningdek, Tuproqqal'ada cho'l hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qo'shko'pir, Xiva va Hazoraspdan oqib o'tadigan G'azovot, Polvon, Shovot kanallari bo'ylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat ko'rsatish, savdo-ko'ngilochar ob'ektlari ishga tushiriladi. Bog'ot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanlarida turizm qishloqlari tashkil etiladi. Qisqasi, bularning barchasi viloyat turizmi rivojida yangi sahifa ochishi aniq.
Xorazmga tashrifi davomida davlatimiz rahbari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha «Yo'l xaritasi»ni ham belgilab berdi. Xususan, vohaning eng chekka tumani – Tuproqqal'ada yirik gaz-kimyo majmuasi, Hazoraspda kimyo, Qo'shko'pirda «O'zbekiston – Xitoy» texnoparklarini qurish, shuningdek, Tuproqqal'adagi avtomobil' zavodida «Evro-5» standartiga javob beradigan avtomobil' ishlab chiqarish, iqtisodiyot sohasida esa yalpi hududiy mahsulotni 60 trillion so'mdan oshirib, 265 ming aholini ish bilan ta'minlash, 104 ming odamni kambag'allikdan olib chiqish vazifasi qo'yildi.
Albatta, statistika – bu statistika, deb qaraydigan odamlar bugun ham oramizda bor. Ammo uning hayotdagi aksini ko'rganda hech kim bu ma'lumotlarni rad etolmaydi. Bugun Xorazm vohasidagi hayot ritmi shunday ishonch ustiga qurilmoqda. Shaharu qishloqlar, ovulu mahallalarda odamlar gavjumlashmoqda, yo'qotilgan ishonch tiklanmoqda. Muhimi, odamlarimiz buni o'z turmushlarida his etishmoqda.
Maqolamizda viloyat oqsoqoli Rustam og'aning g'amgin hikoyasini keltirgan edik. Ammo u biz aytmoqchi bo'lgan mulohazalarning leytmotivi emasdi. Bu fikrni u kishining o'zlari ham «men o'tgan zamondan yoki kimdandir malomat qilmayman», degan mazmunda aytib o'tdi. Bizning asosiy va qayta-qayta takrorlamoqchi bo'lgan fikrimiz shunda ediki, buyuk ishlarni faqat buyuk qalb egalari qila oladi.
Ayni o'ylarimizni Prezidentimizning Xorazmga tashrifi davomida gurlanlik o'qituvchi, O'zbekiston Qahramoni Anor Mahmudova obrazli tarzda juda chiroyli ifoda etdi: «O'zbekistonimizning mehr quyoshi, Prezidentimiz bugun biz bilan birga».
Buyuklarimizdan qolgan bir gap bor: xalq o'z qahramonlarini taniydi va sevadi!
Ha, shunday!
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0