“Jizzax adiblari”: arxivlardan chiqqan xazina
Jizzax vohasi azaldan ilm-fan, sheʼriyat, baxshichilik va maʼrifat maskani sifatida tanilgan. Qadim karvon yo‘llari kesishgan, turli madaniyatlar uyg‘unlashgan ushbu zamindan ne-ne allomalar, shoirlar, adiblar, baxshilar etishib chiqmagan deysiz. Ular xalq qalbi, millat ruhi va davr nafasini so‘z orqali ifoda etib, adabiyotimiz xazinasiga munosib hissa qo‘shganlar.
“Jizzax adiblari” ko‘p jildli kitoblar majmuasining yaratilishi ham nafaqat Jizzax viloyati, balki butun o‘zbek adabiyotida muhim maʼnaviy voqelik sifatida baholanmoqda. Chunki loyihada eʼlon qilingan arxivlar, qo‘lyozmalar institutlarida saqlanayotgan qimmatli maʼlumotlar kitobxonlar ommasiga shu vaqtga qadar nomaʼlumligicha qolayotgan edi.
“Jizzax adiblari” loyihasining nazm yo‘nalishiga bag‘ishlangan jildi XV–XVI asrlarda yashab ijod qilgan Qozi Poyanda Zominiy haqidagi maʼlumotlar bilan boshlanishi bejiz emas. Zomin qozisi sifatida faoliyat yuritgan bu zot nafaqat shoir, balki adabiyotshunos olim sifatida ham o‘z davrida shuhrat qozongan.
Bu esa Jizzax vohasida adabiy muhitning shakllanishi bir necha asrlik tarixga ega ekanini ko‘rsatadi. Afsuski, ko‘plab ijodkorlar nomi turli sabablar bilan xalq xotirasidan uzoqlashib ketgan, ularning asarlari esa qo‘lyozmalarda yoki arxiv sahifalarida saqlanib qolgan edi. To‘plam ana shu maʼnaviy bo‘shliqni to‘ldirdi. Unda Shermuhammad Jizzaxiy, Saidxon, Kamoliddin, Narzullo Sharof o‘g‘li Narziy, Narzullo Umurzoq o‘g‘li Narziy, Inomxon Majhur kabi ko‘pchilikka nomaʼlum bo‘lgan ijodkorlar haqida muhim maʼlumotlar jamlangan. Bu esa adabiyotshunoslik uchun ham, milliy o‘zlikni anglash uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.
Ayrim tarixiy manbalarda XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Jizzaxda Xadicha Sharif qizi, Qurbonoy Ochil qizi, Mo‘ʼtabar Ochil qizi kabi ijodkorlar faoliyat yuritgani qayd etiladi. Bu esa vohada nafaqat yozma adabiyot, balki xalq ijodi ham yuksak darajada rivojlanganini anglatadi. Ayniqsa, ayol shoiralar ijodining tilga olinishi o‘sha davr maʼnaviy muhitida xotin-qizlarning ham adabiy jarayonda faol qatnashganini ko‘rsatadi. Bu esa milliy madaniyatimiz tarixida muhim ahamiyatga ega voqelik.
Jizzax adabiy muhiti haqida so‘z borganda, albatta, O‘zbekiston xalq shoiri Hamid Olimjon nomi alohida ehtirom bilan tilga olinadi. U nafaqat Jizzaxning, balki butun o‘zbek adabiyotining faxridir. Shoir ijodi voha adabiy muhitining qanchalik yuksak salohiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shuning uchun to‘plamda H. Olimjon ijodiga alohida o‘rin ajratilgan.
“Jizzax adiblari” loyihasida Shermuhammad Jizzaxiy (Mahzun), Saidxon, Kamoliddin, Narzullo Sharof o‘g‘li Narziy, Narzullo Umurzoq o‘g‘li Narziy, Inomxon Majhur kabi ko‘pchilikka nomaʼlum bo‘lgan ijodkorlar haqida muhim maʼlumotlar jamlangan. Bu esa adabiyotshunoslik uchun ham, milliy o‘zlikni anglash uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.
To‘plamning nasrga bag‘ishlangan jildlari jizzaxlik adiblarning o‘zbek nasri taraqqiyotida tutgan o‘rnini yorqin ko‘rsatadi. Xususan, Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Sarvar Azimov, Oqiljon Husanov, Mamadali Mahmudov kabi ijodkorlar asarlari bugun milliy adabiyotimizning sara namunalari sifatida eʼtirof etilmoqda. Ularning asarlarida inson taqdiri, jamiyat muammolari, milliy qadriyatlar va zamon ruhi chuqur badiiy tahlil qilingan.
Eng muhimi, Jizzax adabiy muhiti faqat o‘tmishi bilan faxrlanmaydi. Hozir ham jizzaxlik shoir va yozuvchilar milliy maʼnaviyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Nurali Qobul, Ergash Muhammad, Abdulla Ahmad, Abulqosim Mamarasulov, Ikrom Iskandar, Zulfiya Qurolboy qizi, Asror Mo‘min, Bahodir Qobul, Mehri Karimova, Turob Yusuf, Sayyora To‘ychieva, Isoq Ismoil va boshqa ko‘plab ijodkorlar bugungi adabiy jarayonda faol ishtirok etib, millat maʼnaviyatini boyitishga xizmat qilmoqdalar.
“Jizzax adiblari” ko‘p jildli kitoblar majmuasi – millat xotirasi, maʼnaviy meros va adabiy tarixni saqlab qolishga xizmat qilayotgan yirik maʼrifiy loyihadir. Bu kitoblar orqali yuzlab ijodkorlarning hayoti va asarlari yana xalqimizga qaytdi.
Bu esa milliy adabiyotimiz tarixini yanada to‘liqroq anglash imkonini beradi.
Dildora DO‘SMATOVA,
Mirnodir Mirakmalov (video)
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0