Agar ayol dard cheksa...
Dard bilmagan baxtning ham qadriga yetmas. Ehtimol, dard chekmas – kesak, deyishlari shundandir.
Ba'zan beixtiyor o'ylab qolaman. Xudo dardni erkakka ko'proq berganmikan yoki ayolga? Menimcha, ayolga, undan ortganini esa erkakka bergan... Сhunki faqat ayolgina, yuragini alam, jonini og'riq kemirayotganda ham kulib tura oladi. Сhunki faqat ugina dardini o'zgaga ko'rsatmaslikni, uning ham ko'nglini xufton qilmaslikni eplay oladi, boshqalarning dili og'rimasligi uchun o'z dil og'riqlarini yashira oladi. Ehtimol, shuning uchun ham ayolning jonini qirqta deyishar.
Ayol o'z matonatini ko'rsatish uchun oshkora qahramonlik ko'rsatishi shart emas. Uning o'z dardini sezdirmay, yorini kulib kutib ola bilishi, joni og'riyotganda ham bolasining ko'zlariga jilmayib boqishining o'zi matonat. To'lg'oq azobini ko'tarishining o'zi matonat!
Sevimli adibimiz O'tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» asaridagi buyuk matonat aks etgan voqeani eslab ko'ring-a: nemislar odamlar ustida o'tkazgan g'ayri-insoniy tajribalaridan biri edi u. Fashistlar qahraton qish pallasi muzni teshib, yalang'och asirlarni suvga tushiradilar va bo'ynigacha muzday suvda bo'lgan odamning bilagidan tutib, soatlariga qaragancha, muzlayotgan odamning pul'sini sanab turadilar. Ular o'sha sovuqda odam zoti qancha vaqtda muzlab o'lishi mumkinligini aniqlayotgan edilar. Ammo shu mudhish tajriba jarayonida ularni bir voqea hayratga soladi: muz orasidagi suvga tushirilgan navbatdagi asir – ayol kishining belgilangan, aniqrog'i, boshqa asirlar muzlab ulgurgan vaqtdan ancha keyin ham ko'zlari ochiq, yuragi esa hamon urib turgandi. Сhunki o'sha damda ayolning nigohi sovuqda dildirab turgan asirlar safidagi bolasida edi.
Men asarning shu qismini o'qiyotib yig'lagandim. Yig'layotib, ayol zotining naqadar buyuk qudratga ega ekanidan hayratlangandim ham. Hayot ayol nomli mo''jizasi bilan bunchalar hayratlarga to'la.
Aziz o'quvchi, ehtimol, siz mendan «Sadoqat va mehr yo'lida adashgan ayrim ayollar-chi?» deb so'ramoqchidirsiz. Ammo, siz bilasiz-a, qizaloqlarning hammasi farishta bo'lib tug'iladilar. Ba'zi hollarda tarbiya va muhit, ular erisha olmagan mehr va e'tibor, ayrim holatlarda esa alam va nafrat ularni johila, bemehr qilib qo'yadi. Lovullab turgan olov kulga aylanadi go'yo.
Men fahsh yo'liga kirgan, vujudining bir parchasi – farzandini sotgan, qotillikka qo'l urgan ayollar bilan ham suhbatlashganman. Suhbatga qadar, ularning sovuq nigohlariga boqib, bu ayollar allaqachon insoniylik tuyg'ularidan mosuvo bo'lganlar, deb o'ylaganman. Lekin, qiyinchilik bilan bo'lsa-da, ularning ko'ngliga qo'l sola bilgach, bu ko'ngilning qaeridadir ular amalga oshirgan o'sha razolat besabab emasligini anglaganman. To'g'ri, razolat va qabohatni hech qanday sabab oqlamaydi. Lekin, ana shu sabablar bo'lmaganida, ehtimol, o'sha ayol qizaloqligidagi kabi farishta bo'lib qolgan bo'larmidi?..
Esimda, u bo'liqqina, ammo bodom qovoqlari o'ziga yarashgan, oppoq yuzli, yonoqlari tog'liklarga xos qizg'ish rang olgan dilbar ko'rinishli ayol edi. Men birinchi bor uni «tungi kapalaklar» safida ko'rdim va ko'ngliga qo'l soldim.
Malika (uni shunday atay qolaylik) tog'li tumanning so'lim go'shalaridan birida tug'ilgan. Qishloqdagi barcha qizlar kabi o'qidi, ulg'aydi. Maktabni tamomlagach, bir yil onasiga uy-ro'zg'or ishlarida ko'maklashib yurdi. So'ng norg'ul bir yigitga turmushga chiqdi.
El qatori to'y bo'ldi. Kuyov bolaning tayinli ishi yo'q edi. Tomorqa mahsulotlari va otaning nafaqasi katta oila, jumladan, unga qo'shilgan Malika va yil oralab tug'ilgan ikki bolasini boqishga yetmasdi. Yetishmovchilik sabab oilada janjal, to'polonlar avj ola boshladi. Malikaning eri ichkilikka ruju qo'yib, uni turtkilay ham boshladi. Malikani himoya qiladigan hech kim yo'q edi. Vaholanki, u erini yaxshi ko'rardi. Ammo uni onasinikiga eltib qo'ydi. Baxtga qarshi, Malikaning onasi olamdan o'tgan, munkillab qolgan otasi kelinlarining rang-ro'yiga qarab kun ko'rardi.
Сhiqqan qiz chig'iriqdan tashqari, deb bejiz aytishmagan ekan. Otasi Malikani eri bilan yarashtirishga bir necha bor harakat qildi. Ammo qo'shimcha tomoqlar kerak bo'lmagani va o'rtaga sovuqchilik tushgani sababli kuyov tomon bu yarashuvga ko'nmadi. Ular ajraldilar.
-- Malika ota uyiga sig'may ikki bolasini yetakladi-da, shaharga ish izlab keldi. Lekin bu yerda ham unga oson bo'lmadi. Idish-tovoq yuvuvchi va choy tashuvchilikdan boshqasini eplay olmadi. Shunday bo'lsa-da, shu ishni topganiga ham shukr qildi. Lekin bu mablag' bolalarini boqishga va ijara haqini to'lashga yetmasdi. Hech qaerda ishlamaydigan eridan alimentni umid qilmay ham qo'ygandi. Ha, u o'z bolalari bilan mehr va e'tibordan chetda qolgandi. Keyin...
Hammasi ijarachi ayolning taklifidan boshlandi. Bu taklif – o'sha kuni uyga kelgan, ijarachiga tanish erkakning ko'nglini ovlash va shu bahonada pul ishlab olishdan iborat edi. Malika avvaliga bu taklifdan dahshatga tushdi. Ammo xushbichim, kiyimlari o'ziga yarashgan, boz ustiga, shaharliklarga xos mulozamatli erkak uni nimasi bilandir o'ziga tortdi.
Xullas, hammasi o'sha tundan boshlandi. Malika avvaliga erkakning ikkinchi xotiniga aylanarman, deb o'yladi. Lekin erkak uning yoniga faqat ko'ngilxushlik uchun kelardi. U bu xonadondan qadamini uzgach, Malika erkaklar bilan munosabat o'tkinchi, ulardan asosli moddiy manfaatdorlik yo'lida foydalanib qolish lozim, degan xulosaga kela boshladi.
Agar Malikaning eri biror kasbi yoki hunari bo'lib, o'z ro'zg'orini yuritish va ayoliga mehr berishga qodir bo'lganida, qaynona-qaynotasi esa farzandini uyli qilishdan oldin, uni oila boqishga tayyorlay bilishganida, uylariga kelgan birovning farzandidan kamchilik qidirishdan avval uning ko'nikishi va o'rganishi uchun muhit yaratishar edi. Yana Malikaning ota-onasi qizini bo'yi yetsa, ro'zg'orni eplasa bo'ldi, erga beraverish kerak, deb hisoblamay, uning biror kasb yoki hunar egallashiga yordam berishganida, u nopok yo'lga kirmasmidi?..
Demak, gap – ana shu zaminni yaratmaslikda, mehr berish barobarida, mehr olish uchun ham yaratilganini unutmaslikda! Qatragina mehr olgan ayol uni ummonlarga aylantirib bera oladi. Shu ummonlari bilan dunyoda mo''jiza yaratadi...
Shahlo Ahrorova,
Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi huzuridagi
Ijtimoiy ma'naviy tadqiqotlar instituti
katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari doktori(PhD)
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0