Amaliyot davrida ish haqi saqlanib qoladimi?
Savol:
— Assalomu alaykum, biz sirtqi ta'limda o'qiymiz. Amaliyot davrida ham ish haqimiz saqlanib qoladimi?
Ushbu savolga mehnat huquqlari bo'yicha ekspert Muhammadamin KARIMJONOV javob beradi.
– MK 385-moddasiga ko'ra, oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi ta'lim shakli bo'yicha o'qiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun o'rtacha ish haqi saqlangan holda o'quv ta'tillari beriladi.
Demak, e'tibor bering, birinchidan, 385-moddadagi ushbu kafolatlar barchaga emas, aynan kechki yoki sirtqi ta'lim shakli bo'yicha o'qiyotgan xodimlarga beriladi.
Ikkinchidan esa, laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etish uchun o'quv ta'tillari beriladi.
Malakaviy amaliyot esa laboratoriya-imtihon sessiyasi hisoblanmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi 930-son qaroriga 1-ilova “Oliy ta'lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta'limni tashkil etish tartibi to'g'risida”gi nizom bandiga ko'ra, sirtqi (maxsus sirtqi) ta'lim talabalarining malakaviy amaliyotlari ishchi o'quv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotidan boshqa amaliyotlar (ta'lim yo'nalishiga mos bo'lgan holda) talabaning ishlab turgan ish joyida mustaqil ravishda o'tkaziladi.
Bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyoti talabaning ish joyi ta'lim yo'nalishiga mos bo'lmagan holda, shuningdek, ishlamayotgan talabalar uchun barcha malakaviy amaliyotlar oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilangan ob'ektda, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Malakaviy amaliyotlarning hisobotlari o'quv sessiyasi davrida belgilangan tartibda himoya qilinadi.
Yuqoridagilardan xulosa qilsak, malakaviy amaliyot davrida sizning o'rtacha oylik ish haqingiz saqlanmaydi, hattoki amaliyotni o'zingiz ishlab turgan ish joyida o'tasangiz ham. Сhunki malakaviy amaliyot ishchi o'quv rejasiga muvofiq o'quv jarayonining bir qismidir.
MK 383-moddasiga ko'ra, ish beruvchi mehnat shartnomasi bo'yicha ishdan ajralmagan holda ta'lim tashkilotlarida o'qitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan o'tayotgan, shuningdek ishlab chiqarish ta'limini o'tayotgan xodimlarga ish va o'qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart. Demak, amaliyotdan bo'sh vaqtda tashkilotda MK 186-moddasiga ko'ra to'liqsiz ish vaqtida ishlashingiz mumkin. Yoki MK 193-moddasiga ko'ra moslashuvchan ish vaqti rejimida ham ishlashingiz mumkin.
Masalan, malakaviy amaliyot soat 9.00dan 14.00ga qadar deylik. Mana shu vaqt oralig'ida sizga haq to'lanmaydi. Сhunki, siz o'quv jarayonining bir qismi bo'lgan malakaviy amaliyotdasiz. 14.00dan so'ng esa to'liqsiz ish vaqtida ishlab (0.5 stavka yoki 0.75 stavka), ishlab bergan vaqtingizga mutanosib ravishda haq olasiz.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0