Andropovning o'g'rigina bolasi
Tanazzulga yuz tutgan sobiq SSSRning so'nggi rahbarlaridan biri Yuriy Andropovning shaxsiy hayoti haqida avvallari hech qanday ma'lumot berilmagandi. KPSS Markaziy Qo'mitasining Bosh kotibi lavozimini egallagandan keyin esa matbuot sahifalarida uning ikkinchi rafiqasi Tat'yana Andropovaning hayotiga taalluqli dalillar paydo bo'la boshladi. Biroq birinchi xotini va farzandi to'g'risida hech qaerda hech narsa yoritilmadi.
Holbuki, Andropov oldin Nina Yengalichevaga uylanib, Ikkinchi jahon urushiga qadar ikki yil u bilan birga turmush kechirgandi. Shu vaqt oralig'ida o'g'il farzand ko'rib, Volodya degan ism qo'ygandi. Afsus, oradan ko'p o'tmay, er-xotin o'rtasida kelishmovchilik paydo bo'ladi. Boisi, Andropovni Kareliyaga ishga yuborishganida xotini u bilan birga borishni istamaydi. Oqibatda ikkovlon ajrashadi. Volodya onasi qo'lida qoladi. U otasini juda yaxshi ko'rganidan, es-hushini tanigach, ro'y bergan mojaroda onasini ayblaydigan bo'ladi. Ayni chog'da, otasi ham undan mehrini ayamaydi. Volodyani avval Suvorov, keyin Naximov harbiy bilim yurtiga o'qishga joylashtiradi. Lekin u ancha erkatoy bo'lgani uchun ikkala o'quv yurtini ham tugatmay, tashlab ketadi.
Yuriy Andropovning onasi Yevgeniya xola nevarasini ko'pincha o'z uyiga olib ketardi. Ana shunday bordi-keldilar chog'i Volodya bezorilik va mayda o'g'rilik bilan shug'ullanadigan o'smirlar guruhiga qo'shilib qoladi. Evaziga bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Baland bo'yli, kelishgan, mallasoch, o'zi she'r yozib, o'zi kuylaydigan bu yigit uchinchi marta “o'tirib” chiqqanida otasi KPSS Markaziy Qo'mitasida ishlar, keyingi oilasi bilan tinch-totuv hayot kechirardi. Volodya qamoqdan so'ng Tiraspoldagi tikuvchilik fabrikasining avtomatika tsexiga ishga kirib, yotoqxonada yashay boshlaydi. Ammo xurmacha qilig'idan voz kecholmaydi. O'marilgan turli hujjatlarni, guvohnomalar va o'zi ship-shiydon qilgan bo'sh hamyonlarni esa korxona direktori Valentina Sergeevnaga kiritib turadi. Direktor uning aybini yashirar, o'g'rilangan narsalarni egalariga qaytarar ekan, turli bahonalarni ro'kach qilib, Volodyaning aybini xaspo'shlardi. Nihoyat, u bir amallab, Volodyani to'g'ri yo'lga soladi. So'ngra Moskvaga borib, Andropovga bor gapni ro'y-rost aytadi. Yuriy Vladimirovich farzandiga moddiy yordam berib turishni va'da qiladi va lafziga sodiq qoladi. Nina Yengalicheva esa o'g'lidan xabar olishni mutlaqo xayoliga keltirmaydi.
Oradan ma'lum muddat o'tgach, Volodya uylanadi. Otasi Davlat xavfsizligi qo'mitasi raisi bo'lgach, alohida uy va daromadli ish bilan ta'minlanadi. Biroq uzoq yashamaydi, jigar xastaligiga yo'liqib, hayotdan erta ko'z yumadi.
Afsus, ming afsus, tarixda bunday voqealar bot-bot ro'y bergan. Butun boshli qudratli davlatni boshqarganu ammo o'z farzandlarini to'g'ri yo'lga sololmagan shahonshohlar ham, nojo'ya qilmishlari bilan hukmdor otalari sha'niga dog' tushirgan yoki uning umriga zomin bo'lgan noqobil farzandlar ham yashab o'tgan.
Nachora, buni hayot deydilar, hech kim oldinda ayta olmaydigan taqdir-qismat deydilar!
Abdunabi HAYDAROV
Maqolaga baho bering
0/50
1
0
0
0