AQSh, Eron va Husiylar yangi mojaro ostonasida
Yaqin Sharq yana bir yirik to'qnashuv sahnasiga aylanmoqda. Bu yerda dunyoning yirik davlatlari, mintaqaviy kuchlar va strategik ittifoqlar manfaatlari to'qnashyapti.
Darhaqiqat, so'nggi oylarda Yaqin Sharq urush yoqasiga kelib qoldi: AQShning husiylarga zarbalari kuchaydi, G'azo sektorida vaziyat hamon beqarorligicha qolyapti, Eron va Isroil o'rtasida keskinlik ortdi, Tehron yadroviy dasturi atrofidagi diplomatik o'yinlar avj oldi. Bunday vaziyatda yangi mojaro yuz beradimi yoki yo'qmi, degan savoldan ko'ra, u qachon va qay tarzda yuz beradi, degan savolga javob izlash mantiqan to'g'riroq bo'ladi.
Donal'd Tramp ma'muriyati «kuchli bosim» strategiyasiga amal qilib, Yaman husiylarining Ansorulloh harakatiga nisbatan harbiy zarbalarni qaytadan boshladi. Rasmiy sabab – Qizil dengizdagi yo'llarni himoya qilish bo'lsa-da, bu Eronga qarshi katta o'yinning bir qismi, xolos. Vashington husiylarning tijoriy kemalarga hujumlarini bartaraf etish bilan bir qatorda, Eron mavqeini yanada zaiflashtirishga va uni yadroviy dastur hamda mintaqaviy ta'sir masalalarida yon bosishga majbur qilmoqchi.
Lekin Tehron bosim ostida murosaga keluvchi davlat emas. Mamlakat ichida esa muzokara tarafdorlari va keskin pozitsiyani qo'llab-quvvatlovchilar o'rtasida kurash kuchaymoqda. Iqtisodiyotda inqiroz ko'zga tashlanyapti, ammo hukumat o'z barqarorligini saqlab turibdi. Isroil esa Eron yadroviy ob'ektlariga ehtimoliy zarba berishga hozirlik ko'ryapti. Vaziyat Saudiya Arabistoni va BAA Vashingtonning mintaqadagi har bir qadamini diqqat bilan kuzatishga majbur qilyapti. Сhunki AQShning har qanday harakati ularning xavfsizligiga ta'sir ko'rsatishi mumkin.
Yangi mojaro ostonasida turgan Yaqin Sharqdagi mazkur to'qnashuvlar mahalliy nizolar doirasidan chiqib, keng ko'lamli mintaqaviy urushga aylanib ketishi mumkin. Ushbu maqolada biz keskinlik ortida turgan kuchlar, asosiy o'yinchilar va bu mojaro jahon tartibi uchun qanday oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini muxtasar tahlil qilmoqchimiz.
AQSh va husiylar o'rtasidagi keskinlik:
Dengiz savdosiga tahdid va mintaqaviy beqarorlik
Uzoq yillar davomida Eron ko'magiga tayanib kelgan Yaman husiylari so'nggi paytlarda Qizil dengizda xalqaro kemalarga hujumlarni kuchaytirdi. Tabiiyki, bu AQShning keskin javob harakatlariga sabab bo'ldi. Amerika aviatsiyasi kuni-kecha husiylarning asosiy ob'ektlariga qaqshatqich zarbalar berdi. Natijada kamida 53 kishi halok bo'ldi, 100 ga yaqin odam yaralandi.
Donal'd Tramp ushbu harbiy harakatlar husiylar savdo yo'llariga hujum qilishni to'xtatmaguniga qadar davom etishini ta'kidlayotgan bir paytda, isyonchilar hujumlarni yanada kengaytirish, jumladan, mintaqadagi Amerika harbiy bazalariga zarba berish bilan tahdid qilyapti.
Vaziyatning bu tariqa keskinlashuvi nafaqat Yaman, balki butun Yaqin Sharqqa xavf soladi. Yamandagi beqarorlik Saudiya Arabistoni, BAA va Fors ko'rfazidagi boshqa davlatlarni mojaro girdobiga tortib ketishi mumkin. Qolaversa, mintaqada keskinlikning ortishi neft' bozoridagi vaziyatni izdan chiqarib, xalqaro iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Yana bir masalani unutmaslik kerakki, Qizil dengizning husiylar tomonidan to'sib qo'yilishi global savdoni izdan chiqarishi mumkin, chunki ushbu strategik dengiz yo'li orqali jahon tovar aylanmasining taxminan 12 foizi o'tadi. AQSh esa bir o'q bilan ikki quyonni urish istagida: ya'ni, harbiy amaliyotlari bilan nafaqat husiylarga, balki Eronga ham qaqshatqich zarba bermoqchi.
Eron urush va diplomatiya o'rtasida
Hozirgi inqiroz Erondagi barqarorlikni ham jiddiy sinovdan o'tkazyapti. Prezident Mas'ud Pizishkiyon bir necha bor AQSh bilan muzokaralarga tayyor ekanini ma'lum qilgan bo'lsa-da, oliy rahbar Oyatulloh Ali Homanaiy Vashington bilan har qanday muloqotni keskin rad etyapti. Eron rahbariyati ichida jiddiy qarama-qarshilik yuzaga kelmoqda: diplomatik yo'l tarafdorlaridan biri – vitse-prezident Muhammad Javod Zarifning lavozimdan ketishi mamlakatda strategik yo'nalish borasidagi ichki kurash tobora keskinlashayotganidan darak beradi.
Vashington Tehronga yadroviy dasturni to'xtatish va Eron qo'llab-quvvatlayotgan guruhlardan voz kechish evaziga iqtisodiy imtiyozlar paketini taklif qilmoqda. AQSh Islom Respublikasining muzlatilgan aktivlarini erkinlashtirish, sanktsiyalarni bekor qilish va Eron iqtisodiyotini modernizatsiyalashda yordam berishga tayyor. Biroq Tehron uchun bu shartlarni qabul qilish mag'lubiyatga teng. Zero, yadroviy dastur mamlakat milliy xavfsizligining asosiy unsuri hisoblanadi.
Eronga tashqi bosimlar kuchayishi barobarida ichki muammolar ham tobora ko'proq bo'y ko'rsatyapti. Iqtisodiy inqiroz chuqurlashmoqda: inflyatsiya 50 foizdan oshib ketdi, aholi orasida kambag'allik darajasi ortib bormoqda. Mamlakat rahbariyati jiddiy tanlov qarshisida turibdi: yo AQShga yon bosishi, yo qat'iy siyosatni davom ettirib, xalq noroziligi kuchayishi xavfini nazardan qochirmasligi kerak.
Isroil omili: Eronga zarba berilishi mumkinmi?
Vaziyatni yanada taranglashtiruvchi omillardan biri Isroil tutgan yo'ldir. Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Eron yadroviy ob'ektlariga zarba berish zarurligini ochiq-oydin ta'kidlab kelmoqda. Yaqinda AQSh Isroilga katta miqdorda aviatsiya qurollarini, jumladan, Eronning yerosti yadroviy majmualarini yo'q qilishga qodir 15 tonnali bombalarni yetkazib berdi.
Tehron ehtimoliy tahdidni hisobga olgan holda, havo hujumidan mudofaa tizimlarini mustahkamlash va Rossiya bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kirishdi. Bu hamkorlik doirasida Eron bir nechta Su-35 qiruvchi samolyotini qabul qilib oldi. Biroq ularning soni Isroil va AQSh havo kuchlari qudrati bilan taqqoslanadigan darajada emas.
Odatdagidek, Isroil Eronga nisbatan keskin pozitsiyani egallab, diplomatiya uning yadroviy da'volarini to'xtata olmasligini ta'kidlab keladi. Biroq harbiy zarba Tehronni javob choralarini qo'llashga yetaklashi, shuningdek, «qarshilik o'qi» – HAMAS, «Hizbulloh» va husiylar harakatini faollashtirishi aniq. Bunday stsenariy butun Yaqin Sharqni keng ko'lamli harbiy to'qnashuv girdobiga tortib, global xavfsizlik tizimiga ham jiddiy ta'sir o'tkazishi mumkin.
Bugun Yaqin Sharqdagi vaziyat shunday. Tramp ma'muriyati husiylarga zarba berish orqali o'z kuchini namoyish etib, Eronni yon bosishga majburlash harakatida. Biroq Tehron taslim bo'lish niyatida emas va iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, o'z nuqtai nazarida sobit qolmoqda. Ushbu keskinlik haqiqiy urushga aylanishi ham yoki murosa yo'li bilan hal etilishi ham ehtimoldan xoli emas. Bu jarayonda Isroil tanlaydigan yo'l hamda Erondagi ichki vaziyat hal qiluvchi omillardan biriga aylanadi. Agar Tehron Amerika ob'ektlariga javob zarbalarini bersa, Vashington keskin choralar ko'rishi, jumladan, Eronning muhim infratuzilmasini yo'q qilishi mumkin. Siyosiy tarixga nazar tashlasak, haddan tashqari bosim ko'pincha murosaga emas, balki keskin qarama-qarshilikka olib kelganiga guvoh bo'lamiz. Sanktsiyalar va iqtisodiy muammolarga qaramay, Eron mintaqadagi ittifoqchilar tarmog'ini saqlab qolgan va ular orqali vaziyatni izdan chiqarish salohiyatiga ega. Keng ko'lamli mojaro Fors ko'rfazining beqarorlashishi, neft' narxlarining keskin oshishi, harbiy to'qnashuvlar avj olishi va terroristik faoliyatning kuchayishi kabi halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ana shunday qaltis sharoitda diplomatlar va jahon yetakchilari murosaga erishish yo'llarini izlashda davom etmoqda. Yangi yadroviy kelishuvga erishish mumkinmi? Vashington o'z yondashuvini o'zgartiradimi? Yoki dunyo geosiyosatda kuch ishlatish asosiy vositaga aylanadigan bosqichga kiryaptimi?
Jahongir Nahanov
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0