AQSh va jahon musiqasini o'zgartirgan hamda AQShda futbolni rivojlantirgan o'zbek – Ahmet Ertegun
Bugun Turkiya mamlakatini rivojlantirgan o'zbeklar haqida gaplashamiz. Ayni damda dunyoning ilg'or davlatlaridan sanaladigan Turkiya respublikasining mustaqilligi, taraqqiyoti va jahonda o'rin topishida o'zbek qondoshlarimizning ham salmoqli hissasi borligini bilasizmi? Turkiyalik olim Temur Xo'ja o'g'li bilan suhbatimiz shu haqda kechdi.
– Avvalgi suhbatlarimizda dunyoda musiqa qiroli nomi bilan tanilgan Ahmet Ertegunning o'zbekligi haqida aytgan edingiz. Bu shaxs haqida ko'proq ma'lumot ulashsangiz.
– Ha, O'zbekistonda hali hech kim Ahmet Ertegun ismli o'zbekni tanimaydi. Vaxolanki, u jahonda dong'i ketgan atoqli o'zbeklardan biri. Kelib chiqishi o'zbek millatiga mansub bo'lgan Ahmet Ertegun amerikalik tadbirkor, qo'shiqlar muallifi, musiqa ijrochisi va katta xayriyachi edi. Ertegun dunyoga mashhur bo'lgan “Atlatic Records” hammuassisi va prezidenti bo'lib, u ko'plab yetakchi ritm, blyuz va rok musiqachilarini kashf etdi, ularni himoya qilib, AQSh va jahonga tanitdi. Led Zeppelindan tashqari Erik Klapton, Areta Franklin va Rey Charlz kabi nomlarni musiqa olamiga olib kirdi. Qolaversa u klassik blyuz va estrada qo'shiqlarini ham yozgan.
– Bilamizki, Turkiyada ko'plab o'zeklar istiqomat qiladi. Ahmet Ertegunning kelib chiqishi va tug'ilishi tarixiga to'xtalsangiz.
– Istanbulda uchta o'zbeklar Takiyasi (takiya: diniy lo'ja) bor: Ular Istanbulning Uskudor, Sulton Ahmet va Eyub Sulton degan mahallalarida joylashgan. Mazkur o'zbeklar takiyalaridan tashqari, yana bir Buxoro takiyasi mavjud bo'lib, bu takiya 17-18 asrlar orasida Istanbulga kelgan buxorolik Ahmad Yassaviyning Yassaviya tariqatiga mansub bo'lgan shayxlar tomonidan qurilgan. Ularning eng mashhuri va ahamiyatlisi Uskudordagi o'zbeklar takiyasi bo'ladi. Ahmet Ertegun 1923 yil 31 iyulda Uskudor mahallasidagi o'zbeklar takiyasida tug'ilgan. Uning katta bobosi shu takiyaning mashhur shayxlaridan biri bo'lgan Ibrohim Adham afandidir (1826-1904 yilda tug'ilgan). Ibrohim Adham takiyada tug'ilib, buxorolik muallimlardan saboq oladi, o'zbek va ozarboyjon, turk, arman va frantsuz tillarini o'rganadi. Fan-texnika bilimlariga ega bo'lib, duradgorlik, o'ymakorlik, tokarlik, temirchilik, stanoklik, matbaachilik, to'quvchilik kabi mahorati tufayli hazorfan (ming san'at sohibi) sifatida shuhrat qozonadi. U ana shu o'zbeklar takiyasida laboratoriya tashkil etib, u yerda fizika va kimyo bo'yicha tajribalar o'tkazgan. Shuningdek, Ibrohim Adham Turkistondagi “abro” san'atini Usmonli imperiyasida tanitib, mashhur qilgan. Ahmet Ertegunning dadasi Munir Ertegun esa dastlab Angliyaga, keyin AQShga Turkiya elchisi sifatida yuborilgan. Shu bois uning bolalari Angliya va AQShda ta'lim-tarbiya olishgan. Onasi esa Hayrunnisa Rustam. Ahmet Ertegun aynan Munir Ertegunning zurriyoti edi va kichik yoshidan u musiqaga qiziqardi. Ahmet o'z faoliyatini Ertegun 1936 yilda AQShda “ATLANTIC” kompaniyasini tashkil qilib, amerikalik qora tanlilarning musiqasi va ashulachilarining asarlarini targ'ib qilishdan boshlagan.
– Ahmet Ertegunning muvaffaqiyat hikoyasi qanday?
– Ahmet 1923 yilda Istanbulda diplomat Mehmet Munir va Hayrunisa Rustamning ikkinchi farzandi bo'lib tug'ilgan. Buxorolik Hayrunisa Rustam musiqani juda yaxshi his qiladigan ayol edi va bu hislat Ahmet Ertegunda ham o'z aksini topdi. Ahmet 12 yoshga to'lganda, otasi AQShga elchi qilib tayinlanadi va bu oila Vashingtonga ko'chib ketadi. Ertegunning sarguzashtlari aslida shu yerda boshlangan. Ahmet va uning akasi Nasuhi jazz musiqasini juda yaxshi ko'rar edi. Ular 1930 yillarda irqchilik va qullik keng tarqalgan Amerikada Vashingtondagi Turkiya elchixonasida jazz kontserti uyushtiradi. Qora tanlilar bilan o'tkazilgan bu kontsert odamlar orasidagi chegaralarni olib tashlashda katta rol' o'ynaydi.
Ahmet 1944 yilda otasi vafot etgach, qisqa muddatga Turkiyaga qaytib keldi. Bu yerda diplomat bo'lish taklifini rad etdi va Amerikaga qaytdi.U azaliy orzusi bo'lgan lenta yasash ishlari bilan shug'ullandi. 1946 yilga kelib, o'zining birinchi ovoz yozish kompaniyasiga asos solgan bo'lsa-da, kompaniya muvaffaqiyatsizlikka uchradi va keyinchalik u boshqa kompaniyaga asos soldi. Afsuski, u ham to'xtatildi. Shundan so'ng uchinchi shirkat tashkil etish uchun u pul izlay boshladi. Biroq Ahmet oilasining eski do'stlaridan qarz ololmadi. Oxir-oqibat, u oilaviy shifokori bo'lgan Vahdi Sobitdan 10 000 dollar qarz oldi va 1947 yilda eski do'sti Xerb Abramsondan 2500 dollar evaziga “ATLATIC RECORDS” kompaniyasiga asos soldi. Bu yillar davomida kompaniya hali ham blyuz va jazzga e'tibor qaratadi, chunki Ahmet va Abramson tinglashni yoqtiradigan narsalar bilan nimadir ishlab chiqarishga harakat qilishdi. 2 yillik muvaffaqiyatsiz urinishlardan so'ng, 1949 yilda Stick Mghee bilan tuzilgan al'bom 1 million nusxada sotildi va “Atlatic Records” nisbatan muvaffaqiyatli kompaniyaga aylana boshladi. 1952 yilda Ahmet Ertegun Rey Charlzni kashf etdi va Rey Charlz tezda Amerikada shuhrat qozona boshladi. Rey Charlz shuhrat qozonayotgan bir paytda, “Atlatic Records” bozorda muhim rol' o'ynay boshladi va R&B - Jazz janrlaridagi eng yirik kompaniyalardan biriga aylandi hamda butun dunyoga tanildi.
Ahmet Ertegunning yutuqlari va umrining so'nggi davrlari...
– 1980 yillardan keyin asta-sekin yolg'izlikka chekingan Ahmet Ertegunning nomi 1987 yilda “Rok-n-Roll” shon-shuhrat zaliga munosib ko'rildi. U 1991 yilda Berkli musiqa kolleji tomonidan faxriy mukofot va 2001 yilda Amerika Kongress kutubxonasi tomonidan tirik afsona rutbasiga sazovor bo'ldi. Ahmet 2006 yilda Rolling Stones tomonidan uyushtirilgan xayriya kontsertida vafot etadi. Vafotidan 19 yil o'tib, LedZeppelin Ahmet Ertegun uchun kontsert tashkil qildi va kontsertdan tushgan mablag' Ahmet Ertegun jamg'armasiga o'tkazdi. Ahmet butun hayotini sevgan musiqasini yaratish, san'atkorlarni qo'llab-quvvatlash va ularni dunyoga tanitishga bag'ishlagan. O'sha paytda jazz va R&B dunyo bo'ylab tarqalishida Ahmet Ertegunning sa'y-harakatlari shubhasiz, juda katta edi. Ahmet Ertegunning musiqa olamida son-sanoqsiz mashhur nomlarni, san'atkorlarni kashf qildi. Dunyodagi ko'plab mashhurlar o'zining musiqa sohasiga kirishiga katta turktki bo'lgan Ahad Ertegundan minnatdorligi, u mohir tadbirkor ekanligini aytadi.
Ahmet Ertegunni yaqinroq bilishni istasangiz, Robert Grenfield tomonidan yozilgan “Oxirgi Sulton – Ahmet Ertegun” kitobini o'qishingiz mumkin. Qolaversa, u AQShliklarni futbolga mehr qo'yishiga sababchi bo'lgan o'zbek edi.
“Atlatic Records” orqali dunyoga mashhur ko'plab qo'shiqchilar bilan ishlagan Ahmet Ertegun o'zi asos solgan “NEW YORK COSMOS” futbol jamoasiga Pele, Karlos Alberto va Frans Bekkenbauerni transfer qilib, ularni qo'lladi va AQShliklarni futbolga mehr qo'yishga undadi.
Suhbatdosh: Maftuna Karimova
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0