Bir yilga 4,5 mln dollarlik maosh – 11:2 o‘yinga otning kallasidek xarajat!
Kapadzeni chetlashtirdik, JChga chiqib bo‘lgan milliy jamoani Kannavaroni olib keldik, «yangi darajaga olib chiqadi, jahonga munosib natija ko‘rsatadi» dedik. Xo‘sh, nimaga erishdik?..
O‘zbekiston ahli olam-olam umidlar bilan yashadi. Chempion bo‘lmasligimiz aniq edi, guruhdan chiqishimiz esa realdek ko‘ringan bo‘lsa-da, chiqa olmasak ham munosib o‘yin ko‘rsatishimizga ishongandik. Ammo o‘yindan o‘yinga sharmanda bo‘lib bordik…
To‘g‘ri, yigitlarning ilk musobaqasi edi, jahon chempionati tajriba bo‘ldi. Darvoqe, tajriba haqida: «Bu musobaqa men uchun ham katta tajriba bo‘ldi» – dedi Fabio Kannavaro. Nima, O‘zbekiston milliy termasi tajriba quyonchasi bo‘lib qoldimi? Odatda tajriba uchun, o‘rganish uchun pul beriladi. Demak biz ham tajriba maydoni qilib beribmiz, ham bir yilga 4 million evro (taxminan 4,5 mln dollar) pul to‘labmizda?!
Endi Kannavaroning faoliyatiga to‘xtalsak: to‘g‘ri, chempion, «Oltin to‘p» olgan, kuchli futbolchi bo‘lgan. Lekin murabbiylik yo‘nalishida qanday natijalarga erishgan? Hech qanday!
Muxlislar ham anoyi emas:
«Agar Kannavaroning o‘rniga meni qo‘yib qo‘yganda ham 5:0 ga yutqazib berardim. Juda bo‘lsa 6:0 ga… Harqalay buning o‘rniga qancha maktablarimiz qurilgan bo‘lardi» – deya sarkazm qiladi jurnalist Jamoliddin Bobojonov.
* * *
«100 nafar himoyachi bilan o‘ynasak ham gol o‘tkazaveramiz. Tarix isbotlab bo‘lgan. Oldindan hujumkor o‘ynaganmiz, bizda hujumkor yarim himoya iqtidorlar etarli. Nega kuchli jihatimizdan foydalanmasdan kuchsiz jihatimizni ishga solaveramiz? Taktika NOL! Bu taktika bilan Mo‘g‘ilistonni ham yuta olmaymiz!» – deydi “MIR” taxallusli muxlis.
* * *
«Darvozabon masalasi muhim – buni anglamaslik xato! Kapadze bilan ham guruhdan chiqishimiz aniq emas edi. Kannavaro taktikasi esa bundan ham past daraja» – deydi shifokor O‘ktam Qo‘ldoshev.
* * *
«Kapadzening ko‘nglini qattiq og‘ritganmiz, shekilli. Kimningdir mehnati qadrlanmasa, xayrli bo‘lmaydi. Darvoqe, kimdir undan kechirim so‘radimi?» – deb yozadi Fatxulla Jaʼfarov.
* * *
«Kannavaro bo‘lmasa ham guruhdan chiqa olmasdik, deysizmi? Bo‘lsa bordir. Lekin xalqning shuncha puli yonga qolardi» – deydi Orif Quvvatov.
* * *
«Futbolchilarimiz “mramor” go‘shtdan eyishmagan ekanda…» – deydi muxlislardan biri.
* * *
«Bu safar murabbiylikka Monika Belluchchini olib kelinglar. Yanada yaxshiroq piar bo‘ladi MTJ. Baribir o‘yin va natija ikkilamchi ekanku?» – qochirim qiladi jurnalist Shuhrat Shokirjonov.
* * *
«O‘yinlarni sotib yuborish kerak edi. Harqalay Kannavaroning oyligi bilan JChga qilingan xarajatlarni qoplab kelardik» – deya kuladi Ulug‘bek Usmonov.
* * *
«Kannavaro o‘zi ixtiyori bilan ariza yozarmikan, a?!» – degan savol qo‘yadi Abduvohid Mahkamov.
Darvoqe, shartnomani bekor qilish haqida. Hozir afkor omma, millionlab muxlislar g‘azablanib turibdi, pulni qaytarish yoki ishdan ketish masalasini qo‘yishyapti. Ammo bu endi ilojsiz. Kannavaroni haydab yuborish mumkin, lekin unda shartnoma bor. FIFAga shikoyat qiladi va pulni qurtdek sanab olaveradi.
Kannavaro bilan shartnomani tuzganlar «Sharmanda bo‘lsak, hamma yomonlaydigan paytda Kannavaroni ro‘para qilib qo‘yamiz. Hamma qarg‘ishlar shunga qarab ketadi» deya rejalashtirilgan degan taxmin ham yo‘q emas.
Faqat bitta prognoz o‘zini oqladi – Hojiboy Tojiboevning «muzqaymoq eb kelsa ham mayli» degan askiyasini epladik. Qolgani bir gap bo‘lar…
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0