Boku shahrida bosh muharrirga qo'yilgan haykal
Dunyoda haykallar juda ko'p. Ular buyuk yozuvchilar, shoirlar, davlat arboblari, bir so'z bilan aytganda xalqi va insoniyat tamadduni, rivoji yo'lida beqiyos xizmat ko'rsatgan odamlarga qo'yiladi.
Ozarbayjonning Boku shahridagi mahalliy xalq tili bilan aytganda «Icheri sheher», ya'ni, eski shahar qismida o'ziga xos haykal bor. U Ozarbayjon matbuoti va milliy jurnalistikaning asoschilaridan biri – Hasan bey Zardabi (Hasan bey Salimbek o'g'li Malikov)ning haykali bo'lib, ma'rifatparvar 1875 yilda mamlakatdagi ilk milliy nashr – «Ekinchi» (Dehqon) gazetasini chop etgan. Zardabi 1842 yilda Zardab qishlog'ida tug'ilgani bois, matbuotdagi chiqishlariga «Zardabi» taxallusini tanlagan.
U jurnalist, publitsist va mafkuraviy yetakchi bo'lgan. U «Ekinchi» gazetasini ham jurnalist, ham muharrir, ham noshir sifatida yolg'iz o'zi chiqargan va turli ijtimoiy g'oyalar, ta'lim va madaniyat taraqqiyoti uchun kurashgan. Nashr 1875 yildan boshlab chop etilgan, ammo siyosiy bosim va tsenzura tufayli 1877 yilga kelib to'xtatib qo'yilgan.
Hasan beyga haykal qo'yilishining boisi shundaki, u milliy matbuot va fikr erkinligiga dastlabki qadamlarni qo'ygan jurnalist-muharrirdir. U millatni, tilni, ta'limni rivojlantirish uchun amaliy harakatlar olib borgan. Gazetada asosiy e'tiborni kambag'al aholi va qishloq muammolariga qaratgan. «Ekinchi»ning bosh mavzusi ham asosan qishloq odamlari hayoti bo'lgan.
Haykal Ozarbayjon xalq rassomi va haykaltaroshi Umar Eldorov tomonidan ishlangan bo'lib, unda bosh muharrir va publitsist-noshir qo'lida gazeta ushlab o'tirgan holda tasvirlangan. Bugun Bokudagi eski shaharga sayohat qilgan turistlar albatta ushbu haykal oldida to'xtab rasmga tushishadi. Gidlar esa millatning jonkuyar farzandi Hasan bey Zardabi haqida, uning milliy matbuotga qo'shgan hissasi haqida gapirib berishadi. Zero, millat uchun qilingan fidoyilik hech qachon unutilmaydi.
Zebo NAMOZOVA
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0