Shak Norris Bryus Liga qarshi yoki qashshoq bolalik va boy kelajak
Shak Norris nomi o'zbek muxlislariga yaxshi tanish. U Bryus Li, Arnol'd Shvartsenegger kabi jang ustalari va aktyorlar qatorida tilga olinadi. 2026 yilning 20 mart kuni Norris AQShning Gavayi shtatidagi shifoxonada vafot etgani ma'lum bo'ldi. U 86 yoshda edi va sport bilan shug'ullanishni to'xtatmagandi. Hatto ma'lumotlarga ko'ra, u sportzaldagi mashg'ulotlar payt paytida betob bo'lib qolgan va so'ngra shifokorlar nazoratiga olingan. Xo'sh, aktyor mazkur maqomga erishguncha qanday yo'lni bosib o'tdi? Quyida shu haqda fikr yuritamiz.
Bo'lajak aktyorning asl ismi Karlos Rey Norris edi. U 1940 yil 10 martda Oklaxoma shtatining Rayan shahrida avtomobil' mexanigi va maktab o'qituvchisi oilasida tug'ilgan. Unda irland, nemis, ingliz va hatto hindularning cheroki qabilasining ham qoni bor edi. U bolaligini qashshoqlikda va doimiy harakatda o'tkazdi, ba'zan avtomobil' tirkamasida ham yashashga majbur bo'ldi. Norris dastlab sportga moyil bo'lmagan, uyatchan bola edi va maktabda yomon o'qirdi.
Norris 16 yoshga to'lganida, ota-onasi ajrashishdi. Bolalar onalari bilan qolishdi, ona esa Jorj Nayt ismli boshqa bir kishiga turmushga chiqdi. Aynan u Norrisda sportga mehr uyg'otdi. Shu bilan birga, Shak o'qish bilan birga yuk tashuvchi bo'lib ishlay boshladi va politsiya xodimi bo'lishni maqsad qildi. Ushbu maqsadga erishish uchun Norris o'rta maktab diplomini olgandan so'ng, Janubiy Koreyaning Osan shahridagi bazada AQSh havo kuchlariga qo'shildi va u yerda Shak laqabini oldi. Armiyada yigit dzyudo va tang su do bilan shug'ullana boshladi va xizmatining oxiriga kelib, u qora kamarga ega bo'ldi.
“Hammasi 20 yoshimda va Janubiy Koreyada havo kuchlarida xizmat qilganimda boshlandi. Xizmat nihoyatda zerikarli edi va menga nimadir qilish kerak edi. O'shanda men birinchi marta jang san'ati bilan tanishdim. 1960-yillarning boshlarida Amerikada hech kim jang san'ati haqida hech narsa bilmas edi. Koreyslar qanday shug'ullanayotganini birinchi marta ko'rganimda, hayratda qoldim”, degan edi Norris 2007 yilda CE nashriga bergan interv'yusida.
1963 va 1964 yillarda Shak Norris ikkita karate maktabini ochdi va turnirlarda qatnasha boshladi. Norris dastlabki ikkita jangida Jo Lyuis va Allen Stenga qarshi qaror bilan mag'lub bo'ldi va keyinchalik Jahon karate chempionatida Toni Tullenersga uch raundda yutqazdi. “Har bir mag'lubiyatdan keyin men nima uchun yutqazganimni tushunishga harakat qildim. Shuning uchun men hech qachon bir xil sababga ko'ra ikki marta yutqazmasdim. Shunki agar siz buni tushuna olsangiz, aslida yutqazmagansiz. Siz yangi bilim olganingiz uchun g'alaba qozondingiz. Siz biror narsa o'rgandingiz va kuchliroq bo'ldingiz. Agar siz muvaffaqiyatsizliklaringizga shunday munosabatda bo'lsangiz, ularning o'zi eng yaxshi turtki bo'ladi. Menimcha, shuning uchun men beshinchi mag'lubiyatimdan keyin olti yil davomida - nafaqaga chiqqunimgacha mag'lubiyatsiz yurdim”, dedi aktyor “Sport Ekspress” nashriga bergan interv'yusida.
Norris aktyor va jang san'ati ustasi Bryus Li bilan uning chiqishlari paytida tanishgan. Bir versiyaga ko'ra, bu 1966 yilda, boshqasiga ko'ra, 1968 yilda sodir bo'lgan. Shak o'zining “Ichki kuchning siri: Mening hikoyam” (1987) kitobida Liga suratga olish paytida oyoq bilan boshga qanday zarba berishni aytib berdi va buni “Yashil shox” (1966-1967) teleserialida muvaffaqiyatli namoyish etdi.
Aktyorning kinodagi yo'li ham o'ziga xos. Shak Norris 1968 yilda “Buzuvchilar jamoasi” komediyasidagi roli bilan kino sanoatini zabt eta boshladi. 1972 yilda Norris Bryus Lining “Ajdaho yo'li” fil'mida rol o'ynadi. Undagi Kolizey maydonidagi jang mashhurlikka erishdi. Shak Norris Bryus Liga qarshi lavhasini tomosha qilmagan odam qolmadi hisob.
Oradan olti yil o'tgach Norris bosh rolda o'ynadi. 1978 yilda Shak “Qonunbuzar” fil'mida yuk mashinasi haydovchisi Jon Dous rolida paydo bo'ldi. Uning qahramoni o'zining shafqatsiz qonunlari bo'lgan shaharda g'oyib bo'lgan ukasini qidiradi. Norris 1978 yilda “Yaxshi yigitlar qora kiyadilar” fil'mining prem'erasi va sobiq Yashil Beret rolini ijro etganidan keyin keng shuhrat qozondi. Fil'm katta muvaffaqiyatga erishdi, kassada 18 million dollar daromad keltirdi va Shak Norrisni birinchi muvaffaqiyatli Amerika jang san'ati yulduziga aylantirdi.
Ushbu fil'mdan so'ng, Norris rollarni tanlash formulasini aniq ishlab chiqdi va unda rivojlanishda davom etdi. U “Bir kishining kuchi” (1979), “Oktagon” (1980), “Ko'z uchun ko'z” (1981) va “Majburiy qasos” (1982) kabi loyihalarda rol o'ynadi.
1984 yildan beri Norris harbiylar obrazini ommalashtirishni boshladi. Bu “Izsiz yo'qolganlar” (1984), “Jimlik kodeksi” (1985), “AQShga bosqin” (1985), “Del'ta bo'linmasi” (1986), “Qahramon va terror” (1988) kabi jangovar fil'mlarning paydo bo'lishiga olib keldi. 1989 yilda, ushbu rollardan so'ng, Shak kino sanoatiga qo'shgan hissasi uchun Gollivud shon-sharaf xiyobonidan joy oldi. 1990 yilga kelib, Norrisning fil'mlari butun dunyo bo'ylab jami 500 million dollardan ortiq daromad keltirdi.
Norrisning keyingi faoliyatidagi uzoq tanaffuslar qisman uning faol yozuvchilik va televideniedagi chiqishlari bilan bog'liq. Aktyor shuningdek, T-Mobile, World of Warcraft o'yin seriyalari, BZ WBK banki reklamalarida ham rol' o'ynagan.
“Men uchun Gollivud osmondan tushgan mo''jiza edi. Bu amalga oshgan orzu: professional maydon uchun juda qariganimdan keyin jang san'ati bilan shug'ullanishni davom ettirish men uchun muhim. va texnikamni rivojlantirish va nima bilan mashhur bo'lganimni namoyish etishda davom etish, lekin shu bilan birga, ancha ko'p pul ishlash!”, dedi u.
Shaxsiy hayot masalasiga kelsak, Shak Norris serfarzand ota edi. U dastlab o'rta maktabdagi sinfdoshi Dayan Key Xolechek bilan 30 yil turmush qurgan. Juftlik 1958 yil dekabr' oyida, Norris 18 yoshda va Xolechek 17 yoshda bo'lganida turmush qurishgan. Aktyorning bu nikohdan Mayk va Erik ismli ikki o'g'li bor. Uning shuningdek, 1963 yilda nikohdan tashqari munosabatlardan tug'ilgan Dina ismli qizi bor.
1989 yilda juftlikning ajralishi e'lon qilindi. Ajrashganlariga qaramay, sobiq turmush o'rtoqlar farzandlari (o'g'illari Mayk va Erik) uchun iliq munosabatlarni saqlab qolishdi va 2025 yil dekabr oyida Dayanning vafotigacha do'st bo'lib qolishdi. Aktyorning ikkinchi rafiqasi Jena Kelli edi. Ular 1998 yil 28 noyabrda turmush qurishdi. Ular Dallasda fil'mi suratga olayotgan paytda tanishishgan. 2001 yilda ular egizak farzandli bo'lishdi. Aynan Jenaning 2013 yildagi jiddiy kasalligi tufayli Norris asosan kino kar'erasini tashlab, unga g'amxo'rlik qilishga vaqtini bag'ishladi. Keyinchalik Jenna yillar davomida davolanish va Shakning g'amxo'rligi tufayli qisman sog'ayib ketdi.
Norris umrining so'nggi yillarida Texas shtatida yashadi va bu yer uning haqiqiy uyiga aylandi. Uning 400 gektardan ortiq maydonni egallagan asosiy mulki Navasota shahri yaqinida joylashgan. Rancho uning 1983 yildagi mashhur fil'mi sharafiga nomlangan. Bu yerda oila C'Force brendi ostida hayvonlarni boqib, artezian suvi ishlab chiqargan. Norris shuningdek, Gavayida, Kauai orolida mulk sotib olgan. Aynan shu yerda u oilasi bilan so'nggi kunlarini o'tkazgan. 2026 yil 10 martda Shak 86 yoshini nishonladi va ijtimoiy tarmoqlarda mashq qilayotgan videosini joylashtirdi.
19 mart kuni aktyor sog'lig'ining to'satdan va jiddiy yomonlashishi tufayli shoshilinch shifoxonaga yotqizildi. Uning oilasi o'lim sababini oshkor qilmaslikni tanladi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0