+22C

+22C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Dunyo mo‘ʼjizasi: 13 farzandni dunyoga keltirgan malika sharafiga qurilgan Tojmahal

O'zgacha rakurs
110 15:55 | 29.06.2026 15:55

Hindistonda yirik davlat barpo etgan Zahiriddin Muhammad Boburning avlodi Shohjahon 1612 yilda 19 yoshli kambag‘al qiz – Mumtozmahalga uylanadi. Ular o‘n etti yillik turmushlari mobaynida 13 nafar farzand ko‘rishdi. Biroq 14-farzandi dunyoga kelishi arafasida Mumtozmahal olamdan o‘tdi. Bu ayriliq Boburiy hukmdorni tamomila tang ahvolga soldi. U rafiqasining vafotidan karaxt holatda edi. Bir yildan so‘ng biroz o‘ziga kelgan hukmdor marhumaga atab maqbara qurdirishga qaror qiladi. Malika 1631 yilda vafot etgan bo‘lsa, qurilish ishlari bir yil o‘tib boshlandi. Naq 20 yilda sharq meʼmoriy yodgorligining ajoyib namunasi bo‘lgan Tojmahal bunyod etildi. Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, uning qurilishida oz emas, ko‘p emas 20 mingdan oshiq usta ishtirok etgan. Ular orasida hozirgi O‘zbekiston hududidan borgan ustalar ham bor edi.



Yuqoridan qarasangiz, hashamatli Tojmahal yodgorligi Agra shahrida qashshoqlar yashaydigan mahallalar orasida yaqqol ko‘zga tashlanib turadi va o‘ziga xos qarama-qarshilik kasb etadi. Tarixiy inshoot YuNESKO tomonidan Butunjahon tarixiy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilgan, 2007 yilda esa dunyoning yangi etti mo‘ʼjizalaridan biri deb topilgan.


Maqbara qurilishidan avval rejalar juda katta edi: Jamna qirg‘og‘ida nafaqat bitta maqbara, balki go‘zal bog‘ ichidagi binolar majmuasini qurish. Va bularning barchasi 17 gektar maydonda qurilishi kerak edi. Qurilishga butun dunyodan hunarmandlar olib kelindi, masalan, gumbazning ko‘rinishi ustida Usmoniy turklar imperiyasidan kelgan mutaxassis ishladi, fors meʼmorlari esa bino chizmalarini chizdi, suriyalik va fors xattotlari Qurʼondan parchalar bitib, binolarni bezatishdi.


Mumtozmahal qabri joylashgan maqbaraning o‘zi 17 yil ichida qurilgan, qolgan besh yilda boshqa binolar bunyod etildi. Qurilish xarajatlarining hisob-kitoblari ko‘p asrlik narxlarni hisobga olish qiyinligi tufayli nisbiydir. O‘sha paytda qurilishning umumiy qiymati Boburiylar xazinasi uchun taxminan o‘ttiz ikki million rupiyga tushdi.



Tojmahal qurilishi uchun materiallar butun Hindiston va Osiyoning turli joylaridan keltirilib, ularni tashishda mingdan ortiq fil ishlatilgan. Shaffof oq marmar Makrana, Rojistondan, qimmatbaho qizil toshlar Panjobdan, nefrit va kristallar Xitoydan keltirildi. Bundan tashqari, Tibet, Afg‘oniston, Shri-Lanka, Arabistondan turli mahsulotlar olib kelingan. Oq marmarga jami yigirma sakkiz turdagi qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar ishlangan.


Shimoliy Hindiston bo‘ylab yig‘ilgan yigirma ming ishchi qurilish maydonchasida ishladi. Majmuaning badiiy ko‘rinishiga masʼul bo‘lgan o‘ttiz etti kishidan iborat guruh orasida buxorolik haykaltaroshlar, Suriya va Forsdan kelgan xattotlar, Hindiston janubidan kelgan ustalar, Belujistonlik tosh ustalari, shuningdek, minoralar qurish bo‘yicha mutaxassislar bor edi. Toj-Mahal quruvchilardan baʼzilarining nomlari saqlanib qolgan: Usmoniy imperiyasidan Ismoil Afandi (Ismoilxon) — turk meʼmori, bosh bino loyihachisi, eronlik Ustod Iso, (uni ko‘pincha yodgorlik meʼmoriy qiyofasining asosiy yaratuvchisi deb atashadi), fors davlatidan Usta Puru, u nazoratchi arxitektor sifatida tilga olingan. Laho‘rlik Kozim Xon binoning oltin qoplamasi ustida ishlagan. Dehlilik tosh o‘ymakor Chiranjilol mozaika bo‘yicha mohir haykaltarosh va mutaxassis edi. Eronning Sheroz shahridan Amanat Xon mohir xattotlik ishlarini bajargan.


Tojmahal markaziy binosi har bir tomoni 95 metrdan bir oz ko‘proq bo‘lgan kvadrat poydevor ustida joylashgan. Bino burchaklari har biri 40 metrli minoralar bilan bezatilgan. Tojmahal majmuasi eklektik uslubga ega bo‘lib, uning binolarida fors, hind va arab meʼmorchiligi elementlari mavjud. Misol uchun, maqbaraning o‘zida barcha musulmoncha binolarda mavjud bo‘lgan elementlar - arklar, minoralar va tomdagi katta gumbaz mavjud, ammo bu erda ham baʼzi yangiliklar ham mavjud. Masalan, binoning asosiy qismi hind meʼmorchiligi uchun xos bo‘lgan kesilgan burchakli kvadrat shaklida qilingan.Ustunlar va gumbazli tomlardan tashkil topgan ayvonlar hind meʼmorchiligining elementi hisoblanadi.


Mashhur inshootni ko‘rish uchun Agraga kelgan sayohatchilar darhol oppoq va go‘zal binoga duch kelishmaydi. Avval siz Shohjahonning yana ikki xotini maqbaralari joylashgan katta yopiq hovlidan o‘tishingiz kerak. Qizil qumtoshdan yasalgan, tepasida to‘rtta chattri (hindcha minora) bo‘lgan go‘zal sakkiz burchakli inshoot Tojmahal bog‘iga kirish joyi bo‘lib xizmat qiladi. Uni Tojmahal darvozasi deb ham atashadi.



Majmua hududi suv bilan to‘ldirilgan tor sunʼiy kanal orqali ikkiga bo‘lingan. Bog‘ning markazida marmar platformali kvadrat suzish havzasi mavjud bo‘lib, u butun majmuaning ajoyib manzarasini taqdim etadi. Yashil maysazorlar, moviy suv, hashamatli oq bino va bulutsiz osmon - bu manzara insonni hayratlantirmasdan qolmaydi.


Maqbara joylashgan bog‘ va undagi binolarning joylashishi qatʼiy simmetriyaga bo‘ysunadi. Qabrning o‘ng tomonida mehmon uyi, chap tomonida masjid joylashgan. Ikkala binoning tashqi ko‘rinishi asosiy binoning dizayniga o‘xshash meʼmoriy echimlardan foydalanadi. Misol uchun, bu erda gumbazni o‘rab turgan bir xil arkalar va chattrilarni ko‘rishingiz mumkin. Ammo bu tuzilmalarning asosiy qismi oq marmardan emas, balki qizil qumtoshdan qilingan.


Asosiy binoning orqasida majmuaning yana bir qiziqarli elementi — daryoga qaragan baland terassa joylashgan. Uning uzunligi deyarli 300 metr, kengligi esa 8,5 metrdan oshadi, qizil va oq qumtoshdan yasalgan va toshlar bilan qoplangan geometrik naqshlar bilan bezatilgan.


Tojmahal bo‘yicha bir qator afsonalar va tasdiqlanmagan tarixiy maʼlumotlar mavjud. Bino haqidagi eng mashhur afsona shundan iboratki, Shohjahon Jamna daryosining narigi tomonida Tojmahalning ro‘parasida qora marmardan boshqa maqbara qurishni rejalashtirgan. Bu afsona 1665 yilda Agraga tashrif buyurgan evropalik sayyoh Jan-Batist Tavernierning qaydlariga borib taqaladi. Taxminlarga ko‘ra, Shohjahon qora marmar maqbara qurishga ulgurmagan, chunki uni o‘g‘li Avrangzeb Olamgir taxtdan ag‘dargan. Daryoning qarama-qarshi tomonidagi qora marmar xarobalari bu afsonani mustahkamlagandek edi. Biroq 1990 yillarda olib borilgan qazishmalar natijasida «qora marmar» toshlar aslida qoraygan oq marmar ekanligi aniqlandi. Valiahd shahzoda Avrangzeb otasiga qarshi isyon ko‘tarib, taxtni egallagach, otasi Shohjahonni uy qamog‘iga hukm etadi. U faqatgina o‘zi hibs etilgan hujraning darchasidan Tojmahalni ko‘rib turardi, xolos. Buyuk hukmdor shu erda bandalikni bajo keltiradi. Lekin baʼzi hind tarixchilariga ko‘ra, bu ham haqiqatga yaqin emas. Shohjahon band etilgan qalʼa Tojmahal joylashgan Agradan yuzlab kilometr olisda bo‘lgan.



Yana bir maʼlumotga ko‘ra, Shohjahonning buyrug‘iga ko‘ra qurilishda ishtirok etgan ko‘plab meʼmorlar va hunarmandlar shafqatsizlarcha o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin, lekin bu keyinchalik yolg‘on bo‘lib chiqqan. Ko‘plab quruvchilar maxsus shartnoma imzolaganligi haqida hikoyalar bor, unga ko‘ra ular hech qachon Toj Mahalga o‘xshash narsalarni qurmaslik majburiyatini olganlar. Shuningdek, 1830 yillarda inglizlar qo‘ygan Hindiston general-gubernatori Lord Uilyam Bentink Tojmahalni vayron qilishni va uning marmarlarini kim oshdi savdosiga qo‘yishni rejalashtirgani aytiladi. Bentinkning tarjimai holini yozgan Jon Rossellining aytishicha, bu voqea gubernatorning Agra qalʼasi inshootlaridagi marmarni sotishi haqidagi tarixiy voqeadan kelib chiqqan.


Naqadar pishiq qurilgan bo‘lmasin, binoga vaqt o‘z taʼsirini o‘tkazmoqda, hozirda Tojmahal devorlarida yoriqlar aniqlangan. Olimlarning fikricha, yoriqlar paydo bo‘lishi yaqin atrofdagi Jamna daryosining sayozlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Daryoning yo‘q bo‘lib ketishi maqbaraning tuproq strukturasining o‘zgarishiga va cho‘kishiga, hatto vayron bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, u ifloslangan havo tufayli o‘zining latofatli oqligini yo‘qota boshladi. Toj Mahal atrofida kengayib borayotgan park maydoni va Agradagi bir qator o‘ta iflos sanoat korxonalari yopilganiga qaramay, maqbara hali ham sarg‘ayib bormoqda. Uni maxsus oq loy yordamida muntazam tozalash kerak.



Toj Mahal atrofidagi katta hududda tarixiy obidani ifloslanishdan himoya qilish uchun maxsus cheklovlar mavjud. Ushbu zonadagi korxonalarga, xususan, ko‘mirdan foydalanish taqiqlanadi: ular tabiiy gazdan foydalanishga o‘tishlari yoki zonadan tashqariga ko‘chirilishi lozim. Har kuni o‘n minglab odamlar Tojmahalga tashrif buyurishadi, «Hind marvaridi» mamlakat xazinasiga juda ko‘p pul olib keladi; har yili bu erga 5-7 milliongacha sayyoh tashrif buyuradi. Aksariyat sayyohlar yilning salqin oylarida - oktyabr, noyabr va fevralda kelishadi. Majmua yaqinida ichki yonuv dvigatelli avtotransport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan, shuning uchun sayyohlar yodgorlik hududiga piyoda yoki elektrobusda borishi mumkin.


Abror Zohidov


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs