Erning “himoya qalqoni” katta xavf ostida qolmoqda
Taniqli o'zbek fantast yozuvchisi Hojiakbar Shayxovning “Umid sayyorasi” hikoyasida o'z planetasidagi atmosferaning yemirilishi oqibatida yashashga boshqa joy izlagan mavjudotlar haqida hikoya qilinadi. Garchi, to'qima bo'lsa-da, mazkur hikoya qaysidir ma'noda o'z bag'rida haqiqatni jamlagan.
Yozuvchi atmosfera himoya qalqoni ekologik fojialar sabab yo'q qilingan sayyora misolida yerliklarni ogohlantiradi. Afsuski, yashash uchun yakka va yagona bo'lgan ona Yerimizning himoya qalqoni bo'lgan ozon bo'yicha ham vaziyat ko'ngildagidek emas. Yaqinda ayrim ommaviy axborot vositalarida Antarktida materigi ustidagi “ozon tuynugi” yana kattalashib ketgani haqida ma'lumotlar paydo bo'ldi.
Ta'kidlash kerakki, 2020 yilga kelib, tuynuk bilan bog'liq xavf ancha kamaygani qayd etilgandi. Biroq 2022 yil oxiridan boshlab vaziyat yana yomonlasha boshladi. Olimlarning aytishicha, mazkur hodisa Yer sharidagi barcha aholi uchun katta talofat tug'dirishga qodir.
Ozon tuynugi borligi haqida birinchi marta olimlar 1980 yillarda bilishgan edi. Bu hodisa Yer sayyorasidagi tiriklik xavfi deb topildi, chunki ozon qatlami sayyora yuzasini quyoshning ul'trabinafsha nurlaridan himoya qiladi.
Tuynukning o'lchami har doim ham bir xil bo'lmagan. Diametri 1000 km.dan ortiq bo'lgan ozon teshigi birinchi marta 1985 yilda janubiy yarimsharda, Antarktida ustida bir guruh britaniyalik olimlar tomonidan topilgandi. Olimlar Shanklin, Farman, Gardinerlar Nature jurnalida hodisaga tegishli maqola chop etishgan. O'shanda tuynuk har avgustda paydo bo'ldi va dekabr-yanvarda yo'qoladi. Shuningdek, ozon yemirilishlari faqat janubiy qutbga xos bo'lib qolmadi. Arktikadagi Shimoliy yarim sharda ham kuz va qishda ko'plab mini-ozon teshiklari mavjud bo'ladi. Bunday tuynuklarning maydoni 2 million km² dan oshmaydi, uning mavjud bo'lish vaqti bir haftagacha davom etadi.
Ozon qatlami nima uchun muhim va uning yemirilishi katta falokat sifatida ko'rilishi kerak?
Eng asosiysi, ozon qatlami tirik hujayralar uchun halokatli bo'lgan quyosh ul'trabinafsha nurlanishining bir qismini yutib yuboradi. Qatlamning asosiy qismi stratosferada, yer yuzidan o'rtacha 15-50 km. balandlikda joylashgan. Qutblarda esa bu bor-yo'g'i 8 km. balandlikdan boshlanadi. Juda katta qatlamni tashkil etsa-da, ozonning zichligi juda past, agar u yer yuzidagi havo qadar zichlashtirilsa, atigi 3,5 mm.li juda yupqa plyonka hosil bo'ladi. Ozon kimyoviy jihatdan kislorod moddasiga yaqindir. Erkin kislorod atomlari kislorod molekulasi bilan birlashadi va ozon paydo bo'ladi (O-O2->O3). Ozonning o'zi juda zararli modda, agar oddiy hayotimiz uchun oladigan bo'lsak, insonni o'ldirishi ham mumkin, chunki u g'irt zahar. Biroq kimyoviy va jo'g'rofiy tuzilishiga ko'ra ozonning vazifasi qutqaruvchi pozitsiyasiga o'tadi. Ozon qatlamining zaiflashishi ul'trabinafsha quyosh nurlarining okean suvlariga ta'sirini oshiradi, bu dengiz hayvonlari va o'simliklari o'limining oshishiga olib keladi. Insonlar bundan zararlanmaydi deya ayta olmaymiz, eng yomoni o'ta xavfli teri saratoni ko'payadi, ul'trabinafsha nurlar sabab immun tizimi susayib, ko'rish qobiliyatiga zarar yetadi.
Antarktida atmosferasidagi ogohlik qo'ng'irog'idan so'ng, 1985 yilda ozon qatlamini himoya qilish bo'yicha Vena konventsiyasi tuzildi. 1987 yil sentyabr' oyida esa Monrealda ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo'yicha protokol (Monreal protokoli) imzolandi. 2016 yilga kelib uni 197 davlat imzolagan. U bir necha toifadagi 100 ga yaqin kimyoviy moddalarni kuzatib boradi. Ozon qatlamini yemiruvchi moddalarning har bir guruhi uchun ishlab chiqarish va iste'mol qilishning bosqichma-bosqich to'xtatilish jadvali ishlab chiqilgan bo'lib, ular oxir-oqibat ularni butunlay yo'q qilishga qaratilgan. 1996 yilda xlorftoruglerodlarni ishlab chiqarish butunlay to'xtatildi. Hisob-kitoblarga ko'ra, Monreal protokolining to'g'ri amalga oshirilishi 2030 yilga kelib 2 million teri saratoni holatining oldini olishga yordam beradi.
Biroq... Ayrim vaqtlarda ozon qatlami tiklanib borayotgani haqiqat, lekin oxirgi paytda barchasi teskari tomonga aylanmoqda. Olimlar Antarktida ozon teshigi 2040 yilga kelib yo'qolishini bashorat qilgandilar. Biroq 2022-2023 yilgi ahvolning yomonlashuvi bu umidlarga soya solmoqda. 2023 yilgi ozon tuynugi allaqachon uch yil oldingi hajmdan oshib ketdi, kuzga kelib uning maydoni 26 million km.dan oshdi — bu Antarktidadan deyarli ikki baravar katta hudud sanaladi.
Qizig'i, ozon tuynugini katta xavf hisoblamaydigan, vaziyat aslida boshqacha ekanini isbotlashga urinuvchilar ham bor. Ba'zi olimlarning ta'kidlashicha, ozon teshiklari bo'yicha vaziyat u qadar yomon emas. Tomas Rou nomidagi Energetika va atrof-muhit bo'yicha iqtisodiy siyosatni o'rganish institutining sobiq katta ilmiy xodimi Ben Liberman Monreal protokoli unchalik zarur emasligiga va ozon teshiklari muammosi juda bo'rttirilganiga ishonadi: “1980 yillar davomida yuzaga kelgan ozon qatlami 1990 yillarning boshlarida to'xtab qolgan. Buni Monreal protokoli bilan bog'lashga hali erta”.
U, shuningdek, ozon qatlamining yemirilishi bilan inson, hayvonlar va o'simliklar salomatligiga xavf ortishi o'rtasidagi bog'liqlik juda bahsli, deb hisoblaydi: “Ozon qatlamining yemirilishi o'z-o'zidan inson salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazmaydi. Olimlar guruhi statistik jihatdan og'riqli tendentsiyalar topilmaganligini tan oladi. Shuning uchun aytish mumkinki, ozon qatlami qalinligining aholi punktlarida ul'trabinafsha nurlanishiga ta'siri shunchalik kichikki, hatto uni aniqlash qiyin”.
Frantsuz olimi Xorun Taziev ham xuddi shunday fikrda. Uning fikricha, ozon tuynuklarining paydo bo'lishi mutlaqo normal holat va buning uchun hech narsa qilish shart emas: “Ozon teshigi — tabiiy tuynuk bo'lib, oktyabr oyi boshida Antarktida ustida paydo bo'lib, dekabr oyining oxiriga kelib yo'qoladi. Yevropada men asosiy talqinni rad etadigan yagona odamman deb o'ylayman, ammo na ekologlar, na olimlar menga rasman qarshi chiqmaganlar”, deydi u. Uning ta'kidlashicha, ozon teshiklari katta siyosiy o'yinning bir qismi bo'lishi mumkin. Siyosatchilar tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan muammolar, uning fikricha, ulkan mablag'larni asosiy ekologik muammolar qolib, boshqalariga yo'naltirishiga olib keladi.
Boshqa olimlar muammo bo'yicha yetarli darajada faktlar va ma'lumotlar yo'qligi haqida gapirishadi. Ularning aytishicha, ozon teshiklarining oqibatlari haqidagi ko'plab dahshatli bashoratlar amalga oshmagan yoki hatto afsonalarga asoslangan. Masalan, 1992 yilda New York Times Сhili janubida ozon qatlamining yemirilishi qo'y va quyonlarda ko'rish muammolariga sabab bo'layotgani haqida xabar berdi. Bu voqea keyinchalik boshqa manbalarda, shu jumladan televidenieda ham takrorlandi. Biroq, Jon Xopkins universiteti jamoasi hayvonlarning ko'rligi odatiy kon'yunktiv sabab tufayli ekanligini isbotlaganda, “ozon talqini” rad etildi.
Lekin nima bo'lganda ham, ozon tuynugini mensimaslik yoki uni e'tiborsiz qoldirish yaramaydi. Сhunki ekologiya bo'yicha vaziyat qaysi tomonga ketayotganini bugun oddiy insonlar ham his qilmoqda.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0