Fol'klend orollari: Atlantika qa'ridagi “muzlagan” mojaro
42 yil avval olis Atlantika ummoni janubida chinakamiga urush yuz berdi: bu shunchaki kichik to'qnashuv yoki harbiy amaliyot emasdi.
Dunyoning qudratli davlatlaridan biri bo'lgan Buyuk Britaniya Janubiy Amerikaning yetakchi mamlakatilaridan sanalgan Argentinaning Fol'klend orollarini egallab olishiga qarshi urush ochdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, 1982 yilning 2 aprelidan 14 iyuniga qadar davom etgan mazkur urushda mingga yaqin kishi halok bo'lgan, ulardan 649 nafarini argentinalik, 255 nafarini esa britaniyalik harbiylar tashkil etadi. Shuningdek, orol aholisidan ham uch kishi to'qnashuvlar oqibatida halok bo'lgandi.
Britaniyaning dengizorti hududi
Dengizorti hudud sifatida ko'riladigan Fol'klend orollari maydoni 12 ming kv.kmdan oshiqroqni tashkil etadi. Aholisi 3 ming kishidan ziyod. Ushbu hudud ikki yirik orollar guruhi (Sharq va G'arb)dan tashkil topgan. Aholining mutlaq ko'pchilik qismi sharqiy hududda istiqomat qiladi.
Orollar iqtisodiyoti dastlab kit oviga va kemalarga texnik xizmat ko'rsatishga, keyin esa (1870-yillardan 1980-yillarga qadar) butunlay qo'ychivonlikka asoslangan edi. Bugungi kunda arxipelag iqtisodiyoti asosan chorvachilik, sanoat, baliqchilik, baliqni qayta ishlash, turizm va qishloq xo'jaligiga bog'liq. Orollar hududining 80 dan ortig'ini bo'liq yaylovlar egallaydi. Hukumatning statistik ma'lumotlariga ko'ra, Fol'klend arxipelagida 500 mingga yaqin qo'y bor (3 ming aholiga 500 ming qo'y!). Fol'klend orollari asosan Buyuk Britaniyaga ketadigan yuqori sifatli jun eksportchisi hisoblanadi. Sharqiy orolda qassobxonalar ham bor.
Misol uchun, 2019 yilda eksport hajmi 306 million dollarni tashkil etdi (asosan, muzlatilgan mollyuskalar va jun), Ispaniya asosiy xaridor bo'ldi (umumiy hajmning 77,9 foizigacha), import hajmi - 96,8 million dollar (asosan, turli xil tayyor mahsulotlar, yoqilg'i va iste'mol tovarlari). Asosiy yetkazib beruvchilar Buyuk Britaniya va Niderlandiya sanaladi. BMT ma'lumotlarida esa orollar “o'z-o'zini boshqarmaydigan Buyuk Britaniya hukmi ostidagi hudud” sifatida tavsif etiladi.
Eski mojaro
Qizig'i, argentinaliklar va inglizlar talashgan hududni ilk bor portugaliyalik kishi kashf etgan. Orollar 1520 yilda Ferdinand Magellan ekspeditsiyasi paytida Ispaniya qirolligi xizmatida “San-Antonio” kemasini boshqargan portugal sayyohi Esteban Gomes tomonidan kashf etilgan. Gomes Magellan bo'g'ozida ekspeditsiyani tark etdi va 1521 yil 6 mayda Gvineya yo'li orqali Ispaniyaga qaytib keldi. Qaytib kelgach, Gomes keyinchalik “Isla-de-Sanson-i-de-los-Patos” deb nomlanadigan ba'zi orollarni topdi. Inglizlar esa orollarni o'zlari kashf etganini da'vo qiladilar.
1763-1765 yillarda orollarni frantsuz dengizchisi Lui Antuan de Bugenvil o'rgangan. 1764 yilda u Sharqiy Fol'klend orolida Port-Sent-Lui (1828 yildan - Port-Lui) deb nomlangan birinchi aholi punktiga asos soldi. 1765 yil yanvarda ingliz kapitani Jon Bayron orollarda frantsuzlar borligidan bexabar holda, arxipelagning g'arbiy uchidagi Sanders orolini o'rganib chiqdi va uning Buyuk Britaniyaga qo'shilishi haqida e'lon qildi.
O'z navbatida orol uchun kurashga Ispaniya qo'shildi. Ispanlar fratsuzlar egallagan hududlarni ulardan tinch yo'l bilan oldilar va hatto gubernator ham belgiladilar. Oqibatda Ispaniya va Angliya urush yoqasiga kelib qoldi. Biroq ikki asr avvalgi kuch-qudrati qolmagan Ispaniya yon berishga majbur bo'ldi va orollar Britaniya hududi deya e'lon qilindi.
Biroq AQShning mustaqillik uchun kurashi va Britaniyaning bu masala bilan ovora bo'lib qolishi oqibatida orollar qarovsiz qoldi. 1816 yilda mustaqil bo'lgan va Fol'klenddan bor-yo'g'i besh yuz kilometr uzoqlikdagi Argentina hududga da'vo qila boshladi. Ammo bu da'vo qog'ozda edi, orollar bu vaqtda kimsasiz qoldi.
1834 yilgacha Fol'klend orollari o'zini-o'zi boshqarish huquqiga ega edi. Va faqat 1834 yil 10 yanvarda ingliz dengiz leytenanti Genri Smit Port-Luis ustidan britan bayrog'ini ko'tardi. Shu bilan birga, gubernatorlar faqat 1842 yilda tayinlana boshladilar. Keyinchalik, Britaniya qirollik floti Fol'klenddagi Stenli manzilgohida harbiy baza qurdi va orollar Janubiy Atlantika uchun strategik muhim nuqtaga aylandi.
E'tiborli tomoni, Birinchi jahon urushida orollar yaqinida nemis va ingliz kuchlari o'rtasida kuchli to'qnashuvlar bo'lib o'tgan. Nemislar vitse-admirali fon Shlee Fol'klend orollariga zarba berishga qaror qiladi. Ammo omadsizlikka uchrab, qochishga majbur bo'ladi, nemislar eskadrasiga jiddiy talofat yetadi.
Ikkinchi jahon urushida Fol'klend orollaridan ingliz kemalarini ta'mirlaydigan nuqta sifatida foydalanilgan.
2,5 oylik urush
Orollar tarixidagi eng qonli davr 1982 yilga to'g'ri keldi. Kutilmaganda Argentina kuchlari orollarda harbiy amaliyot boshladi. Britaniyaning hududdagi harbiy kontingenti oz va zaif edi. Natijada dastlab argentinaliklar muvaffaqiyatga erishib, katta hududlarni egallab oldi.
Biroq ularning xursandchiligi uzoqqa cho'zilmadi. “Temir xonim” – Margaret Tetcher boshchiligidagi hukumat qattiq choralar ko'ra boshladi. Argentina hujumiga qarshi yirik flot va katta desant kuchlari safarbar etildi.
May oyida Argentinaning yirik kemasi “General Bel'grano” cho'ktirib yuborildi. Unga qo'shilib 323 askar ham qurbon bo'ldi. Bu Argentinaning urushdagi yo'qotishlarining yarmi edi.
Inglizlarning bosimiga qarshi tura olmagan janubiy amerikaliklar mag'lubiyatga uchradilar, naq 11 ming askar asirga ham tushdi. Hatto ularning bir qismi Argentina hukumatining keskin choralariga qarshi garov sifatida ma'lum muddat orollarda ushlab qolindi. 14 iyun Fol'klend orollari ozod etilgan kun sifatida nishonlana boshlandi.
Muzlatilgan mojaro
E'tiborli jihati, muammo hanuz hal etilganicha yo'q. To'g'ri, orollar rasman Buyuk Britaniya hukmi ostida yashamoqda, ammo Argentina nafaqat hududdan voz kechmayapti, hatto 2024 yil yanvarda bu masala qayta ko'tarildi.
Jumladan, Argentina tashqi ishlar vazirligi Mal'vin orollari (bu atama argentinaliklar tomonidan qo'llaniladi, jahonda britancha Fol'klend orollari atamasi mashhurroq) bo'yicha kelishmovchilikni imkon qadar tezroq tinch yo'l bilan hal qilish maqsadida Buyuk Britaniya bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Departament Fol'klend orollarini 1833 yildan beri Britaniya tomonidan noqonuniy ravishda bosib olingan deb hisoblashini ta'kidladi va Argentinaning barcha hukumatlari ushbu hudud ustidan o'z suverenitetini talab qilishda davom etishini eslatdi. Buenos-Ayresning pozitsiyasi BMT Bosh Assambleyasining maxsus qo'mitasi, Amerika Davlatlari Tashkiloti va boshqa nufuzli partiyalar tomonidan qo'llab-quvvatlandi.
Mamlakatning yangi saylangan prezidenti Xav'er Milley orollarni qaytarishning “gongkongcha” yo'lini taklif etdi. Miley hududlar mojarosini harbiy yo'l bilan hal etishni istisno qildi va 1982 yilgi mag'lubiyatni yodga olgan.
Ammo Buyuk Britaniya bularning barini inkor etadi va bu mavzu bo'yicha muhokama qilinadigan masalaning o'zi yo'q, deb hisoblaydi. 2013 yilda orolning taqdiri bo'yicha o'tkazilgan referendumda 98 foiz aholi Britaniya tarkibida qolishga ovoz berdi. Shunday qilib, “Fol'klend mojarosi” hali-hanuz o'zining tugal yechimini kutib yotir.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0