Sayt test rejimida ishlamoqda
    Valyuta UZS
  • USD

    12 900.00-20.16

  • EUR

    14 595.06-86.12

  • RUB

    157.32-1.29

+31C

+31C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+31c

  • Hozir

    +31 C

  • 16:00

    +30 C

  • 17:00

    +30 C

  • 18:00

    +29 C

  • 19:00

    +27 C

  • 20:00

    +25 C

  • 21:00

    +23 C

  • 22:00

    +21 C

  • 23:00

    +19 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Juma, 02-May

+31C

  • Hozir

    +31 C

  • 16:00

    +30 C

  • 17:00

    +30 C

  • 18:00

    +29 C

  • 19:00

    +27 C

  • 20:00

    +25 C

  • 21:00

    +23 C

  • 22:00

    +21 C

  • 23:00

    +19 C

  • Juma, 02

    +31 +20

  • Shanba, 03

    +33 +20

  • Yakshanba, 04

    +34 +20

  • Dushanba, 05

    +35 +20

  • Seshanba, 06

    +36 +20

  • Chorshanba, 07

    +37 +20

  • Payshanba, 08

    +35 +20

  • Juma, 09

    +26 +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax

Germaniyadan qaytgach, otilgan o'zbek yoshlari izidan...

Adabiyot faqat tarbiya vositasi, emas, buning uchun pedagogika fani bor. Adabiyot san'at, u sizni davolab qo'ymaydi, lekin umum og'riqlar, asriy kasalliklar ildizini topadi va uni ko'rsatadi. Yozuvchi millat og'riqlarining tashhischisidir.
Madaniyat va ma'rifat
1056 15:02 | 11.03.2024 15:02


Abdulla Qahhor bir zamonlar «Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o'tin yorishga sarf qilish kerak emas», – deganida favqulodda bugungi kunlarimizni nazarda tutmaganmikan, degan xayolga ham borib qolasan, kishi. Har qalay, u yashagan zamonlarda adabiyotga qarash bugungidek jo'n bo'lmagan.


Masalan, u davrlarda istagan kimdir istagan odami haqida roman, o'zi haqida chuchmal doston yozish uchun adabiyot ostonasini bemalol xatlab o'tib ketavermagan. Bu dargohga kirishning ma'lum qonun-qoidalari bo'lgan.


O'sha qoidalarning bugun yo'qolib qolgani, adabiyot baayni darvozasiz bir qo'rg'onga aylanib qolayotganini bugun bizga “adabiyot”, deb taqdim etilayotgan ko'plab kitoblar misolida ko'rish mumkin. O'z legitimligini miqdor va olomon tafakkuri qo'llovi bilan mustahkamlab borayotgan “ko'cha adabiyoti” bugungi global madaniy dunyoning tan olingan “qadriyati”. Ammo bu dunyoda san'at, degan tushuncha bor va u o'lib bitmagan ekan, adabiyotning, so'zning o'rni muvaqqat emas.


Gap so'z, ochiqrog'i, ijodkorning o'quvchiga aytadigan gapi haqida ketar ekan, bugun badiiy pishiq-puxta, odamlarning dardini, orzu umidlarini o'zida ifoda eta oladigan, ko'ngillarga estetik zavq ulasha oladigan quvvatga ega asarlar ham yozilayotganini va bunday kitoblar qo'lma-qo'l bo'lib o'qilayotganiniyam e'tirof etish kerak, albatta.


Bundan bir necha yil ilgari o'zining ilk romani – «Qo'rqma» bilan ko'pchilikni hayratlantirgan, “qo'rqitgan” yosh ijodkor Javlon Jovlievga ana shunday maqom nasib etdi, nazarimizda.


Darhaqiqat, uning romani javonlardan javonlarga o'tdi, qo'lma-qo'l bo'ldi, katta e'tiroflarga erishdi. Xususan, «Qo'rqma» 2021 yilning may oyida Afg'onistonning «Oltin qalam» mukofotiga sazovor bo'ldi. Muallif Prezidentimiz tomonidan «Kelajak bunyodkori» davlat mukofoti bilan taqdirlandi.


Yaqinda Javlon Jovliev Germaniyada bo'lib qaytdi. Yozuvchi bilan kechgan suhbatimiz safar, bugungi adabiy jarayonlar, ijtimoiy hodisalar haqida bo'ldi.


– Javlon, «Qo'rqma» romanini yozish vaqtida o'z qahramonlaringiz bilan birga g'oyibona bo'lsa-da, Germaniyaga sayohat qilgansiz. Yaqinda o'sha davlatda bo'lib, asarda o'zingiz tasvirlagan joylarni ko'rib keldingiz. Xo'sh, taassurotlar qalay?


– Darhaqiqat, tasavvur qilish boshqayu, uni o'z ko'zingiz bilan ko'rish o'zgacha ekan. Safar mobaynida Germaniya haqidagi fikrlarim butunlay o'zgardi. Biz uchun doim Ovropa sehrli maskan o'laroq ko'rsatilgan, lekin asl hayotni ko'rish doim qiziq, ayniqsa, kaminaga, ya'ni Olmoniyaga bir uchi bog'langan asar yozgan odamga. Tashrif chog'ida Germaniyaning oltita shahrida bo'ldik. O'zbekistonlik talabalar, ishchilar, umuman, bu mamlakatda yashayotgan o'zbeklar bilan ko'rishdik. Ëshlar ishlari agentligi bir xayrli tashabbusni boshlagan. Shu g'oyaga biz ham qo'shilib qoldik. Maqsad – Germaniyaning nufuzli tashkilotlariga yosh kadrlarni jo'natish, yoshlarni o'qitish.


Safar asnosi Ëshlar ishlar agentligi tomonidan shu paytgacha jo'natilgan yoshlar haqida hujjatli fil'm suratga olindi.


Xulosalarim haqida aytadigan bo'lsam, Germaniyada hammasi qandaydir rejaga asoslanganligini ko'rasiz, qishloq xo'jaligi ham, sanoati ham, ijtimoiy hayot ham to'liq tartibga solingan, faqat fikr emas, u turfa xil. Hamma joyda shahar va tabiat uyg'unligini ko'rasiz, shunday katta ishlab chiqarishlarga ega davlatning ekologiyasi buncha yaxshiligidan hayratlanasiz, hatto. Xo'sh, ular bu darajaga qanday erishgan, deya o'z-o'zingizga savol berasiz.


Shunday bo'lsa-da, bu davlatning ham o'ziga yaarasha kamchiliklari yo'q emas. Masalan, tug'ilishning kamligi, ishchi kuchi yetishmasligi, vaqt bosimi va turli jinoyatlar, bir jinsli nikoh xurujlari kabilar. Lekin nemis xalqi bizning ongimizga singdirilganiday qo'pol va «fashist» emas ekan, ular bir-biriga hushmuomala bilan so'zlashadi, qo'ldan kelgancha yordam berishga tayyor, eng muhimi, sizning shaxsiy huquqlaringiz, sha'ningizga ta'sir qiladigan biror narsa demaydi. Meni quvontirgan narsa ayniqsa, shu bo'ldi.


Bironta bo'sh, tashlandiq joyni uchratmaysiz. Shahar markazlarida yo'llar tor, unchalik katta emas, ammo tirbandlik yo'q. Ijtimoiy transport yaxshi yo'lga qo'yilgan. Dabdabali uylar deyarli yo'q. Muhimi havosi juda toza.


Aslida bu davlat men uchun ancha oldin, ya'ni romanni yozishga kirishgan vaqtimda qadrli bo'lib qolgandi. O'sha kezlarda, albatta, qachondir u yerga borishimga ishonardim.


Buni qator suhbatlarda ham aytganman. Tasavvur qilib, qog'ozga tushirgan shaharlarni o'z ko'zim bilan ko'rarkanman, meni ajib bir his-tuyg'ular qamrab oldi. Ularni so'z bilan ifodalab berishim mushkul.


Safar chog'i Haydelberg shahriga poezdda bordik, buni qarangki, bir paytlar mana shu poezdda mening qahramonim ham borardi. O'sha mashhur ko'prik, qal'a, universitet… Men u yerlarni qayta ko'rayotganday bo'ldim.


Haydelberg shahri haqida yozayotganganimda tez orada bu yerga kelish xayolimga ham kelmagandi. 100 yil oldin o'zbek talabalari shu yerda o'qiganiga ishonish qiyin, lekin bu haqiqat.


Shahar yashash uchun dunyoning eng qulay hududlaridan biri hisoblanarkan. Tabiati, tarixi, tuzilmasi juda zo'r – ta'rifga til ojiz. Muhimi bu yerlarda bugun ham o'zbek yoshlari, talabalari bor. Ular o'qib, ishlab, o'z kelajagini bunyod etmoqda.


Umuman, Germaniyada ko'p sohalar ancha ilgarilab ketgan. Ayniqsa, ta'lim, meditsina sohasi. Shu bois o'sha vaqtda yetmish nafar talabamiz bu mamlakatga yuborilgan edi. Garchi o'sha paytda bu ishlarning natijasi xayrli yakun topmagan bo'lsa-da, hozir vaziyat o'zgardi. Agar ular tirik qolganda bugun ko'p narsalar o'zgararmidi. Shukrki, bugun davlatmiz rahbarining tashabbusi va sa'y-harakati bilan nafaqat Germaniyada, balki dunyoning istalgan joyida o'qish, o'rganish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.


Bizga berilgan ma'lumotlarga binoan, bugungi kunda Germaniyada 300 ming nafar tibbiyot xodimiga ehtiyoj bor ekan. Yoshlar ishlari agentligi xodimlari bilan Germaniyada tibbiyot yo'nalishi bo'yicha sakkizinchi o'rinda turadigan universitet va uning huzuridagi poliklinikada bo'ldik. Kasallarga e'tibor va doktorlar malakasi juda zo'r. Shifoxona to'liq IT ning eng yuqori texnologiyalari bilan jihozlangan. Bolalar bo'limlarida ular kasalxonada emas, qandaydir dam olishda.


Meni ajablantirgan holat shundaki, bu yerda bemorlarni kimyoviy garmonlar bilan davolashdan voz kechilgan, aksincha, ularning ruhiyatiga jiddiy e'tibor qaratilar, shuning ustida jiddiy izlanish olib borilar ekan. Quvonarlisi, ushbu shifoxonaning rahbarlaridan biri vatandoshimiz, ya'ni o'zbek ekan. 20 yildan buyon shu yerda ishlarkan va u bugun besh ming ishchiga ehtiyoj borligini aytdi.


Shuningdek, bu yerdagi vatandoshlar orasida restoran biznesi yo'nalishida katta yutuqlarni qo'lga kiritgan insonlar borligini eshitib, ko'rib, g'oyat quvondik.


– «Qo'rqma» romani jadidlar, jadidchilik harakati haqida edi. Xususan, 70 nafar talabani Germaniyaga o'z hisobidan o'qishga jo'natganlar ham jadidlar edi. Hozir jadidlar, jadidchilik g'oyalariga hukumat alohida e'tibor qaratmoqda. Bu bo'yicha maqtashga arzigulik ishlarga ham ulgurdik. Xususan, Oliy sud tomonidan jadidlar nomi oqlandi. Sizningcha endi bu borada qanday yo'l tutishimiz kerak? Vaqt o'tib, bu bo'yicha olib borayotgan sa'y-harkatlarimiz ham shunchaki piar uchun qilingandek bo'lib qolmasmikan?


Jadidlarga munosabat tubdan o'zgargani rost. Uzoqqa bormaylik, hatto 2015-2016 yillarda ham ustozlar bilan o'zaro suhbatlarda shu mavzuda fikr almashish, bahslashish xavotirli edi. Shu mavzuda gap ketgudek bo'lsa, ular xavotirga tushib qolgan vaqtlarini ko'p ko'rganman.


Jadidlar haqida gapirishga hamon to'sqinlik borligi haqidagi mish-mishlar tufayli ko'pchilik bunga ehtiyotkorlik bilan yondashardi. Achinarlisi, o'sha paytlar jadidlar haqida gapirmang, eskilik, degan odamlar bugun «jadid-jadid» deb og'iz ko'pirtirmoqda.


Aslida bu ham bizga yopishgan bir kasallik, tutumsizlik, uyatsizlik. Lekin jadidlar borasida haqiqatlar tiklanayotgani juda yaxshi ish bo'ldi. Zotan, ular bizga mustabid tuzumning ayanchli oqibatlarini hamisha eslatib turadi. Nazarimda, jadidlar xususida qancha ko'p gapirsak, targ'ib qilsak, shuncha oz. Ayniqsa, rus shovinistlari tahlika ko'tarayotgan bir paytda jadidlar mavzusi dolzarblashgani ham ayni muddao bo'ldi.


Bugun haqiqat qaror topib, shaxsan davlat rahbarining tashabbusi va sa'y-harakati bilan jadidlarga katta urg'u berilmoqda va ular orqali qaysidir ma'noda bugungi kunning gaplari ham aytilyapti. Ular timsolida bugungi yo'nalishimiz, maqsadimiz oydinlashmoqda.


Ayniqsa, Oliy sud tomonidan jadidlarning oqlanishi ko'p yillardan buyon kutilayotgan ish edi. To'g'ri, bu jarayon har xil talqin qilindi. Kimlardir endi ularni oqlashdan nima naf dedi. Biroq bu juda ham muhim masala. Сhunki zulm hech qachon unutilmaydi, tarixni yoqib bo'lmaydi. Bugun qilgan qilmishingiz yuz yildan keyin bo'lsa ham fosh bo'lishi mumkin. Har qanday holatda aybsiz odam oqlanishi, adolat qaror topishi kerak.


Shu jihatlardan olib qaraganda, jadidlarga bundan-da ko'p e'tibor qaratilishi tarafdoriman. Ammo mazkur xayrli tashabbusdan ayrimlar shaxsiy manfaati uchun foydalanishi, kampaniyabozlikka aylantirishiga qattiq qarshiman. Jadid so'zini chuqur anglagan har bir shaxs vatanga xuddi ulardek xizmat qilishni o'z oldiga maqsad qilishi darkor va «agar men mustabit tuzum davrida yashagan bo'lganimda xuddi ulardek ish tutgan bo'lardim, nobodo bundan keyin mamlakat ozodligiga tahdid tug'ilsa, ular kabi hamma narsaga, hatto jondan kechishga ham tayyor turishim kerak», degan qat'iy pozitsiyada turmog'i joiz, deb hisoblayman.


– Sizningcha zamoniviy adabiyotimiz jadidlar orzu qilgan pog'onaga ko'tarildimi? Ayrim yoshi katta ijodkorlar bugungi adabiyotni qandaydir turg'unlikka tushib qolgan, deb o'ylashyapti. Ularning nazdida zamonamizni akslantiradigan zalvorli asarlar yaratilmayapti…


– Yaxshi asarlar doim bo'lgan va har qanday sharoitda bo'ladi. Faqat tan olishni bilish kerak. Shu jumladan, oxirgi yillarda o'zbek adabiyotida yaxshi asarlar yaratilmadi desak ijodkorlarga nisbatan sal adolatsizlik qilgan bo'lamiz. Adabiyot dehqonchilik bo'lsa-ki, bu yil muncha hosil oldik, kelasi yil buncha olamiz deydigan.


Aslida ijodkorlarga qo'llov, e'tibor juda muhim. Hozir bozor iqtisodiyoti, ham ishlash, ham ijod qilish juda qiyin. Abduqayum Yo'ldoshevning «Puankarre» qissasida bu jarayon juda o'rinli ochib berilgan. Qorni to'q odam ijod haqida o'ylaydi. Yaxshi asar ustida bosh qotiradi. Maishiy muammolari ko'p, uyi yo'q, bolalari och va yupun bo'lsa, har qanday ijodkorning ko'ngliga adabiyot sig'masa kerak. Qalam haqi yaxshilanishi kerak. Adabiyotchi insonlarning ta'minoti yaxshi bo'lsa, ijod zo'r bo'ladi, deyish ham to'g'ri emas. Uning ko'ngli, yuragi, qalbi to'q bo'lishi kerak, u ijod uchun kelganini, ijod uchun yashayotganini anglashi kerak. Turmushning qattiq tishlari esa doim o'tkir, u ko'pchilikni kesib, maydadalab tashlaydi. Shundan omon chiqqanlar tirik qoladi. Adabiyotni qo'llash, aslida kelajakni qo'llashdir.


– Umuman, adabiyot insonni tarbiyalashga xizmat qilishi kerakmi?


– Adabiyotga faqat tarbiya vositasi, emas, buning uchun pedagogika fani bor. Adabiyot san'at, u sizni davolab qo'ymaydi, lekin umum og'riqlarga, asriy kasalliklarning ildizini topadi va uni ko'rsatadi. Yozuvchi millat og'riqlarining tashhischisidir. Adabiyotda hamma narsa bor, tarbiya, siyosat, ijtimoiy hayot, din, lekin nima bo'lganda ham, u birinchi navbatda, so'z san'ati, ijodkorlik, gohida unga biz boshqa narsalarni yuklab yoki undan kutib xato qilamiz.


Ma'joziy ma'noda aytganda, adabiyot bizning dardimizni, qaerimiz og'riyotganini ko'rsatishi, davolash uchun yechimlar beradi. Kimdir davo topadi, kimdir yo'l, kimdir esa hech nima.


Muxtasar aytganda, adabiyot millatning yuragi, Сho'lpon aytganidek, adabiyot bizning yuragimizdagi kir va dog'larni tozalaydi. Shuning uchun adabiyoti bor millat hamisha rivojlanadi. Kuchli mamlakatlarning adabiyoti ham kuchli, adabiyot millatni va xalqni kuchli qiladimi, desangiz, men bunga «albatta, ha», deb javob beraman.


– Interv'yularingizning birida maktablarda erkak o'qituvchilar yo'qligi, qishloqlarda butun boshli avlod otasiz voyaga yetayotgani, buning oqibati yaxshilik bilan tugamasligi haqida kuyinib gapirgan edingiz. O'sha xavotirlar bizni uzoq kuttirmagandek. Mana masalan, o'tgan bir yilda 49 mingta oila ajrashibdi. Demak, yildan yilga tirik yetim bolalar soni ortib bormoqda. Jamiyat tanazzuli ham aslida oila parokandaligidan boshlanadi, to'g'ri emasmi?


– Taassufki, oilalar inqirozi juda katta muammo va tashvish. Bir-birini tushunmaslik, ayniqsa, qizlarga, kelinlarga bo'lgan munosabat hamisha dilimni ezib keladi. Lekin bir narsa ham bor, adolatsizliklarga endi ko'pchilik ko'nmayapti, chidab yashamayapti, ular hayotini o'zgartirishga intilyapti, biz bu munosabatlarda ham o'tish davridamiz. Oila qurishda va uning o'sishida boshqalarning ta'siri saqalanib qolarkan, bu inqiroz davom etadi va o'ylaymanki, bu dahshatli raqamlar ortib boradi.


Yuqoridagi statistika har birimizni hushyorlikka chorlashi kerak. Hech kim shunchaki majburiyat yoki qoida tariqasida oila qurmasligi lozim. Inchinun, majburiy turmushning oxiri ko'p hollarda parokandalik bilan yakun topmoqda. Oila qurishning erta kechi yo'q. Bir qadrdon do'stimning bir gapi bor: «Men o'ttiz yoshdaman, dunyo uchun bu yosh oila qurish uchun eng maqbul yosh hisoblanadi, bizda bu oldinlab ketgani uchun men aybdormasman». Menga uning ishonchi yoqadi. U erga tegish yoshi kelgani uchun tegmoqchimas, u o'z odamini topsa tegadi va bunga boshqalarning aralashishini istamaydi, eng muhimi, uni yaqinlari tushunadi. Ota-onasi «turmushga chiq», deb qistamaydi. Afsus, bunday ota-onalar juda kam. Undaylar ko'paymas ekan, og'riqlar tugamaydi, fojialar ortib boraveradi.


Meningcha, har bir yosh o'z hayoti uchun o'zi qaror qabul qiladigan, xorlikka, zorlikka qat'iy qarshilik ko'rsatadigan shaxs bo'lib shakllanishi joiz.


Xullas, oila masalasidagi qarashlarimiz hamon o'sha yuz yil oldingi davr bilan bir xil. Jadidlar davridan buyon bu masala dolzarb. Ijtimoiy muammolar, ishsizlik hamon dolzarb. Aslida oilaning mustahkamligi avvalo moddiyatga bog'liq. Shu bois biz birinchi navbatda, ishsizlikka qarshi kurashishimiz darkor.


Ikkinchidan, muallimlarga, ilmli shaxslarga e'tibor berishimiz kerak. Jamiyatda ularning obro'sini joyiga qo'yish muhim. Ziyoli qatlam o'z o'rnida qadr topsa, ko'p masalalar o'z-o'zidan hal bo'lar, balki. Bugun jamiyatga ilmli-bilimli o'qituvchilar har qachongidan ko'proq zarur. Zotan, bugungi bolalarni faqat qo'rqitib, kaltak bilan tarbiyalash katta xato va dunyo bundan allaqachon voz kechgan va to'g'ri qilgan.


Gap oilalar haqida ketarkan, yana bir narsaga alohida to'xtalishni istardim. Ko'pchilik erkaklar ayollarga past nazar bilan qarashadi. Bu mutlaqo noto'g'ri. Сhunki avlodlarning kim bo'lib voyaga yetishi xotin-qizlarga bo'lgan munosabatimizga bog'liq. Xulosa o'rnida bir rivoyatni keltirmoqchiman:


Aytishlaricha, bir kishi hakimlardan birining huzuriga kelib: «Hazrat, mening bir o'g'lim va bir qizim bor. Ulardan har ikkisini o'qitishga qurbim yetmaydi, faqatgina bittasini o'qitishga imkonim bor, qaysi birini o'qitay?», – deb so'rabdi.


Shunda hakim zot: «Qizingni o'qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o'g'lingni o'qitsang, bir kishini o'qitgan bo'lasan, ammo qizingni o'qitsang, butun bir jamiyatni o'qitgan bo'lasan», deb javob bergan ekan.


Agar biz ajdodlarimiz pand-nasihatlariga amal qilib, ayollarni o'qitsak, oiladagi muammolarimiz o'z-o'zidan barham topadi, nazarimda.


– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!


G'ulomjon MIRAHMEDOV


suhbatlashdi



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
5/5

1

0

0

0

0

Qoldirilgan izohlar (1)

22:35 | 11.03.2024

Rahmat katta!

Maqolaga baho bering
5/5

1

0

0

0

0

Mavzuga oid

Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat