Hindiston havo hujumlari sabab 26 nafar pokistonlik halok bo'ldi – Reuters
Joriy yilning 22-aprelida Kashmirning Hindiston nazorati ostidagi qismida qurolli shaxslarning sayyohlarga hujumi oqibatida 30 ga yaqin odam halok bo'lgan edi.
Hindiston tomoni ushbu hodisada Pokistonni terrorchi guruhlarni qo'llab-quvvatlashda aybladi va qo'shni davlatga nisbatan qator choralarni qo'llay boshladi.
O'z navbatida, Islomobod ushbu ayblovlarni rad etgan. Biroq har ikki davlat chegaraga yaqin hududlariga harbiy kuchlarini yig'a boshladi.
Keskinlikning 15-kuniga kelib, ya'ni bugun tongda Hindiston mudofaa vazirligi bayonotiga ko'ra, “Sindur” harbiy amaliyoti doirasida” Pokistondagi 9 ta obyektga havo hujumlari amalga oshirildi.
Bayonotda Hindistonga qarshi terrorchilar infratuzilmasiga zarba berilgani va Pokistonning bironta harbiy ob'ekti nishonga olinmagani aytiladi.
Ammo Pokiston tomoni havo hujumlaridan tinch aholi jabr ko'rganini ma'lum qildi.
Reuters agentligining yozishicha, Hindiston harbiy-havo kuchlarining Pokistonga bergan zarbalari natijasida halok bo'lganlar soni 26 kishiga, jarohatlanganlar esa 46 kishiga yetgan. Hindiston OAVsi esa operatsiyada kamida 12 terrorchi halok bo'lgani va 55 nafari yaralangani haqida xabar tarqatgan.
Ayrim OAVlarining yozishicha, ikki mamlakat o'rtasida urush kechgan 1971-yildan buyon ilk marta Hindiston Pokistonning bahsli bo'lmagan (Kashmirdan tashqaridagi) ichki hududiga zarba bergan.
Pokiston tomoni ham Hindistondagi nishonlarga javob raketa hujumlarini uyushtirdi. Mamlakat bosh vaziri Hindistonning zarbalariga “mamlakat to'liq kuch bilan javob berishga haqli” ekanini ta'kidladi.
Pokiston havo mudofaasi, shu bilan birga, Hindistonning 5 ta samolyotini, jumladan, ikkita Rafale qiruvchisini urib tushirganini ma'lum qildi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0