Inson ruhiyati biznes vositasi emas
Hozir kim bilan gaplashmang, asabi tarang bo'lib, oilaviy tashvishlar, moddiy qiyinchiliklar, farzand tarbiyasidagi muammolar haqida so'z ochadi. Balki turli stresslar ularni qiynayotgandir?..
Mutaxassislar fikricha, uzoq vaqt stressda bo'lish oddiy holga aylanib bormoqda. Lekin inson doim shu tarzda yurolmaydi, chunki bunga moslashmagan. Ortiqcha tushkunlik uning salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Bunday vaziyatda psixiatr ko'magi zarur. Agar holat shuni taqozo qilsa, ruhiy kasalliklar shifoxonasida bir muddat davolanish kerak. Lekin ko'pchilik psixologga borishni istamaydi yoki uning qabuliga qatnayotganini boshqalardan yashiradi. Ayniqsa, xalq orasida «jinnixona» deb nomlanuvchi maskanga borishni hech kim xohlamaydi. Mabodo kimdir u yerda davolanib kelgudek bo'lsa, uni barmoq bilan ko'rsatib, jamiyatdan ajratib qo'yamiz.
Toshkent tibbiyot akademiyasi Psixiatriya va narkologiya kafedrasining ruhshunos-shifokori Humoyun Qo'chqorov bilan shular haqida suhbatlashdik.
– Ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanib qaytgan kishidan boshqalar o'zini olib qochishi turgan gap, – deydi Humoyun Qo'chqorov. – Borib-borib, bunday shaxslar jamiyatdan uzib qo'yiladi. Bu tibbiyotda «Stigma» deyiladi. Aslida ruhiy kasalliklar shifoxonasida faqat shizofreniyaga chalingan bemorlar emas, balki, qisqa muddatli stress, depressiya, xavotir va psixoemotsional muammolardan azob chekayotganlar ham davolanishadi. Ular davolanib, uyiga qaytishgach, yaqinlari yoki atrofdagilar unga yaxshi munosabatda bo'lishmasa, yana qaytalashi mumkin. Demak, ruhiy kasallik bilan og'rigan kishilarni to'g'ri tushunish va qo'llab-quvvatlash lozim.
Ayollar ko'proq stressga tushadi
Shifokorning ta'kidlashicha, bugungi kunda odamlar orasida ruhiy buzilishlar ko'paygan va buning sabablari turlicha. Kundalik tashvishlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kerak-nokerak ma'lumotlar, ishdagi muammolar, charchoq shular jumlasidan. Kasallik, ayniqsa, ayollar orasida ko'p kuzatilmoqda. Сhunki ular erkaklarga nisbatan his-hayajonga beriluvchan bo'lishadi. Stressdan keyin depressiya kuzatiladi. U nisbatan og'irroq. Stressga tushgan kishi ma'lum muddatda o'zini qo'lga olib, vaziyatdan chiqib ketishi mumkin. Ammo depressiyadan tibbiy muolajasiz qutulish qiyin.
Сhuqur depressiyaga tushgan odamda yashashni istamaslik, o'z joniga qasd qilish holatlari kuzatiladi. Achinarlisi, bemorlar o'z vaqtida shifokorga murojaat qilishmaydi. Buning o'ziga yarasha sabablari bor. Xususan, qarindosh-urug', hamkasb va qo'ni-qo'shnilardan uyalish, bundan tashqari, psixiatr nazoratiga tushib qolish va oqibatda ishdan haydalish yoki ishga kirolmaslikdan hayiqish, tuzalib ketishiga ishonmaslik, psixotrop dorilarni qabul qilishdan bosh tortish kabi vajlar bunga yo'l bermaydi.
Inson ruhiyati biznes vositasi emas
Insonlarga ruhiy ko'mak berishni maqsad qilgan psixologlar ko'p. Biroq aksariyati oliy ma'lumotga ega emas, 3-6 oylik maxsus kursni tamomlagan. Shu bois yetarlicha tajribasi yo'q.
– Yaqinda kurs tashkil qilgan bir psixologdan sohaga qanday kirib kelganini so'radim, – deydi Humoyun Qo'chqorov. – Aytishicha, u avval kosmetolog bo'lgan ekan. Ishlari uncha yurishmagach, uch oylik psixologiya o'qishini bitirib, o'zi ham shunaqa kurs ochibdi. Mijozlari talaygina ekan. Hayron qoldim. Axir, inson psixologiyasi chegara bilmaydi, uni anglab yetish uchun juda ko'p o'qish, izlanish kerak. Bu jiddiy masala.
Shifokorga ko'ra, aslida o'sha psixologlar murojaatchi bemorning ahvolini tushunib, uni malakali mutaxassislar ko'rigiga yo'naltirishi kerak. Har holda gap inson taqdiri, uning kelgusi hayoti haqida ketmoqda. Demak, psixolog kasbini shunchaki biznes vositasiga aylantirish mutlaqo noto'g'ri ish.
«Bitta-yu bitta farzandimdan ayrildim, yashashni istamayman...»
– Yaqinda bir ayolni olib kelishdi, – deydi suhbatdoshimiz. – Eri dunyodan o'tib ketgan, bir farzandi bilan qolgan ekan. Ammo bolasi ham yo'l-transport hodisasi oqibatida vafot etibdi. Onaxon yashashni istamas, chuqur depressiyada edi. Yaqinlari uni turli psixologlarga olib borishgan. Lekin bundan naf chiqmagan. Сhunki ayol bilan nomutaxassislar shug'ullanishgan. Ularning muolajasi bemorning ruhiy ahvoli yanada og'irlashishiga xizmat qilgan, xolos. Bir necha haftalik kurslardan so'ng bemorni chuqur depressiyadan chiqardik.
Yana bir misol. Bir bemorimizda ruhiy o'zgarishlar ro'y bergan. Buning oqibatida quloqlariga turli ovozlar eshitilib, uni o'z joniga qasd qilishga undagan. Qiz bu ishga bir necha bor uringan ham. Yaxshiyamki, yaqinlari undagi o'zgarishlarni o'z vaqtida payqashgan va halokatning oldi olingan. Shundan so'ng ota-ona farzandini xalq tabobati bilan shug'ullanuvchi azayimxonlarga ko'rsatgan. Lekin natija chiqmagan. Qizga tegishli tartibda tibbiy yordam ko'rsatdik va sog'ayishiga erishdik.
Axborotlarning ko'pligi – ruh kushandasi
Gadjetlar bir qarashda oddiy narsaga o'xshaydi, ammo uning inson xotirasini susaytirishdagi roli juda yuqori. Xususan, undan chiqadigan nur miyani toliqtiradi. Yoki ijtimoiy tarmoqlarni olaylik. Turli sayt va telegram kanallarida qotillik, zo'ravonlik, vahshiylikka oid sahnalar ko'payib ketdi. Istaymizmi-yo'qmi, bunday xabarni o'qish ongimizga, ruhiyatimizga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlardan kamroq foydalanish maqsadga muvofiq. Iloji boricha salbiy xabarlarni o'tkazib yuborish lozim.
Kasallikning katta-kichigi, og'ir-engili bo'lmaydi. Unga jiddiy qarash darkor. Ayniqsa, ruhiyat bilan bog'liq masalaga jo'n qarash yaxshilikka olib kelmaydi. Binobarin, ruhiyatdagi noqislik o'zlikni anglashni qiyinlashtiradi. Inson yuksak zehniyati bilan mukammaldir.
Xolida EGAMBERDIEVA
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0