Kapitalizm va kommunizm chegarasi: Berlin devori intihosi
Berlin devori tarixdagi o'ziga xos inshoot edi. U faqatgina Sharqiy va G'arbiy Berlin yoki Germaniya federativ respublikasi hamda GDR orasiga tortilgan to'siq emasdi. U dunyo miqyosidagi ikki yirik g'oya – kapitalizm va kommunistik mafkura o'rtasidagi devor ham edi. Har ikki tomon ham yillar davomida o'zining zo'rligini isbotlashga urinib keldi. Oxir-oqibatda kommunistik g'oya mag'lubiyatga uchradi, uning orzusida yashayotgan Sharqiy Germaniya deb atalmish davlat o'zining G'arbdagi qudratli qo'shnisi tarkibiga qo'shilib ketdi. Naq 35 yil avval qulatilgan Berlin devori bu kurashning bevosita guvohiga aylandi.
Barchasi 1945 yilda Ikkinchi jahon urushining tugashiga borib taqaladi. Natsistlar mag'lubiyatga uchragach, Germaniya to'rtga bo'lindi, ular to'rt ittifoqchi okkupatsiya zonasi deya atalardi. 1949 yilda Frantsiya, Buyuk Britaniya va AQSh zonasida yagona Germaniya federativ respublikasi vujudga keldi va u kapitalistik qadriyatlar asosida rivojlana boshladi. Sharqiy Germaniya hududida esa Germaniya demokratik respublikasi e'lon qilindi va u SSSR boshchiligidagi sotsialistik blokka kirdi. O'z navbatida poytaxt Berlin ham shu tariqa bo'lingandi. G'arbiy Berlin kapitalistik yo'ldan ketgan bo'lsa, sharqiy Berlin kommunistlar qo'lida qolgandi. 1948 yilda Berlin bo'linganidan so'ng devor darhol paydo bo'lib qolmadi, lekin ko'chalarda belgilangan ajratuvchi chiziq va 81 ta kirish nuqtasi mavjud edi. Hududlar o'rtasida aniq chegaraning yo'qligi tez-tez to'qnashuvlarga va mutaxassislarning G'arbga ommaviy ravishda chiqib ketishiga olib keldi. Сhunki G'arbiy Berlinda yashash darajasi sharqdan ancha yaxshi edi. Maoshlar masalasida ham G'arb mutlaq oldinda edi. Natijada millionlab odamlar g'arbga ketib qola boshladi. Ma'lumotlarga ko'ra, devor bo'lmagan vaqtda sharqdan g'arbga 2,5 milliondan oshiq kishi ketib qolgan. Ayniqsa, juda ko'p yuqori malakali mutaxassislar g'arbdan qo'nim topdi.

Berlin devori 1961 yil 13 avgustdan 1989 yil 9 noyabrgacha saqlanib turdi va deyarli bir kechada qurildi. 1961 yil 13 avgust kuni ertalab berlinliklar sharqiy sektorda qurilish ishlarini ko'rdilar. Qurilishni boshlash buyrug'ini Sharqiy Germaniya rahbari Valter Ulbrixt mahalliy parlament qarori bilan bergan. Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, u qaror Moskvaning bosimi bilan vujudga kelgan. Birinchi tikanli simlar paydo bo'ldi, ular 15 avgustda beton va tosh to'siqlar bilan almashtirila boshlandi.
«Bizning ko'chamizda hech kimning televizori yo'q edi, biz odamlar, gazetalar va telefon orqali yangiliklar oldik. Devor paydo bo'lgan kechasi oilamiz uyda edi. Biz ko'chada odamlarning qichqirganini va yig'layotganini eshitdik. So'ng dahshatli vahima va qo'rquvni ko'rish uchun tashqariga chiqdik. Qo'shnilar Sharqiy Berlinda qarindoshlari borligini aytishdi, ular bilan bog'lanishga harakat qilishdi, lekin bog'lana olmadilar va nima bo'layotganini hech kim bilmasdi. Mish-mishlar tarqaldi. Ba'zilar qarindoshlarini o'ldirilgan deb o'ylashgan. Men hech qachon bunaqasini ko'rmaganman, hamma yig'lardi», deya eslaydi o'sha paytda Berlinda yashagan mahalliy aholi vakillaridan biri Barb Dignan.
Darhaqiqat, inshootda ikkita devor bor edi - ular orasidagi neytral hudud «o'lim chizig'i» deb nomlangan, uning kengligi 15 dan 150 metrgacha bo'lgan, bu yerda har qanday qoidabuzarni otib tashlash mumkin edi. Devorning umumiy uzunligi taxminan 170 km ni tashkil etadi, shundan 45 km Berlin orqali o'tgan. Kuzatuv minoralari soni – 302 ta, bunkerlar soni – 20 tani tashkil etardi.
Sharqiy Berlinda istiqomat qiluvchi Liza Shtaynxoyzer-Glyaynser devor haqida: «Men o'zimni qamoqxonada yashayotgandek his qilgandim», deb eslaydi.
Berlin devori asosan balandligi 3,6 metr va kengligi 1,5 metr bo'lgan standart bloklardan iborat bo'lib, inshoot vayron bo'lgandan so'ng undan Germaniyada turli xil qurilish loyihalari uchun 40 mingga yaqin blok olib ishlatilgan, ko'plari sotilgan yoki boshqa shaharlarga sovg'a qilingan. Masalan, Moskvadagi Saxarov markazi yaqinida Berlin devorining bir qismi bor.

1961 yildan 1989 yilgacha G'arbiy Berlin politsiyasi 5000 dan ortiq muvaffaqiyatli qochishni qayd etgan. Xuddi shu davrda devorda rasmiy ma'lumotlarga ko'ra kamida 140 kishi halok bo'ldi. Lekin bu ma'lumot bo'yicha ham turli bahslar mavjud. GDR hukumati Berlin devorini kesib o'tishga urinishlar paytida halok bo'lganlarning ro'yxatini yuritmagan. Misol uchun, Bi-bi-si nashri 2007 yildagi maqolalaridan birida ism-sharifi oshkor etilmagan tadqiqotchilarga tayanib, qochishga urinish paytida 1245 kishi halok bo'lganini ma'lum qilgan. 2000-yillarning o'rtalariga qadar nashr etilgan ko'pgina tarixiy tadqiqotlarda Sharqiy Berlindan G'arbiy Berlinga qochishga urinayotganda o'lganlar soni «200 dan ortiq odam» deya belgilangan. GDRning so'nggi rahbari Egon Krets devorning qulashi va Germaniyaning birlashishi paytida og'ir kunlarni boshdan kechirdi. U buni SSSRning xiyonati sifatida qabul qilgan. Hatto 1997 yilda u devor qulashdan oldin shaharning Sharqiy va G'arbiy qismlari o'rtasidagi chegarani kesib o'tishga uringan odamlarning o'limida aybdor deb topildi va u olti yarim yilga qamaldi.

1987 yil 12 iyunda AQSh prezidenti Ronald Reygan Berlinning 750 yilligi sharafiga Brandenburg darvozasi oldida nutq so'zlab, KPSS Markaziy Qo'mitasi Bosh kotibi Mixail Gorbachevni devorni buzishga chaqirdi va xitob qildi:
«Biz Moskvadan yangi islohotlar va ochiqlik siyosati haqida eshitmoqdamiz. Ayrim siyosiy mahbuslar ozod qilindi. Fuqarolar bir qadar erkin harakat qilmoqdalar. Bosh kotib Gorbachev, agar siz tinchlikni, Sovet Ittifoqi va Sharqiy Yevropa uchun farovonlikni qidirayotgan bo'lsangiz, liberalizatsiyani izlayotgan bo'lsangiz bu yerga keling! Janob Gorbachev, eshiklarni oching! Janob Gorbachev, devorni buzing!»
Devorning vayron bo'lishi esa deyarli tasodifan sodir bo'lgan. 1989 yil 9 noyabrda GDR televideniesi siyosiy byuro a'zosi Gyunter Shabovski g'arbga o'tish tartibini soddalashtirish darhol boshlanishini jonli efirda ko'rsatdi. O'sha oqshom minglab odamlar chegaraga yaqinlasha boshladilar, Bornholmer Strasse nazorat-o'tkazish punktining birinchi ofitseri Xarald Jegar olomonni o'tkazishga buyruq berdi, ular odamlar oqimiga dosh bera olmadi. Boshqa nazorat punktlari ham ulardan o'rnak oldilar.
Devorning qulashi paytida SSSRda Mixail Gorbachyov davri hukm surayotgan bo'lib, ittifoqning o'zi ham og'ir iqtisodiy-siyosi jarayonlarni boshdan kechirayotgandi. Shu sababdan Gorbachyov devorning qulashi va Germaniyaning muqarrar birlashuviga qarshilik qilib o'tirmadi. «9 noyabr' kuni Berlin devori qulaganida, bu biz uchun kutilmagan hol bo'lmadi. Germaniyaning qayta birlashishi nafaqat muqarrar, balki yaqin kelajak masalasi ekanligi tobora oydinlashdi», deya yozgandi SSSRning so'nggi rahbari «Kartaga nima tikilgan: global dunyoning kelajagi» kitobida. Sovetlar nafaqat devor qulashi, balki butun Sharqiy Yevropada boshlangan inqiloblarni to'xtata olmadilar. 1988-89 yillarda Polsha, Сhexoslovakiya, Vengriya, Ruminiya kabi davlatlarda kommunistlar hokimiyatni boy berdilar.
Devorning vayron bo'lishi Germaniyaning - Germaniya Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasining 1990 yil 3 oktyabrda rasman birlashishining so'nggi va muhim bosqichlaridan biri edi. Qayta birlashtirilgan Berlin mamlakat poytaxtiga aylandi, ammo parlament va hukumat faqat 1999 yilga kelib Bonndan bu yerga ko'chib o'tdi.
GDR sobiq fuqarosi, Germaniyaning 2005-2021 yillardagi kantsleri Angela Merkel, agar Germaniya birlashmaganida, hayoti qanday kechishi mumkinligini aytgandi:«Ayollar 60 yoshida nafaqaga chiqardilar va men xorijga chiqish pasportini olib, safarga ketgan bo'lardim. Amerikaga sayohat, Rokki tog'larni ko'rish, mashinada bu mamlakatni aylanish va Bryus Springstinning kontsertiga borish - men orzu qilgan narsam edi…»
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0