Kelajak kimning qo'lida?
Dunyo siyosiy tarixi hukmron doiralar o'rtasidagi son-sanoqsiz ixtiloflarga guvoh bo'lgan. Buyuk imperiyalarni tashqi dushman emas, balki ichdan chirish, hokimiyat tepasidagilar hamda uni qo'lga kiritmoqchi bo'lganlar o'rtasidagi kurash qulatgan. Bugun biz ham shunga o'xshash jarayonlar guvohiga aylanyapmiz. Uzoq yillar AQSh va dunyoning kattagina qismini boshqarib kelgan maxfiy davlat (deep state) qaqshatqich zarbalar nishoniga aylandi.
Donal'd Tramp – omma ko'z o'ngidagi shaxs. Biroq uning ortida ancha murakkab va shakllangan kuchlar bor. Ularni yanada maxfiyroq davlat (deeper state) deb atasak, aslo adashmaymiz.
Albatta, bu faraz g'ayritabiiydek tuyulishi mumkin. Lekin yashirin davlat hayotning barcha asosiy sohalarini nazorat qilayotgan tuzilma bo'lsa, undan ham maxfiyroq davlat bo'lishi mumkinmi? Bu shunchaki so'z o'yini emas. Tarixga nazar tashlasak, bunday hodisa tabiiy ekaniga amin bo'lamiz. Har qanday imperiyaning rasmiy hokimiyati niqobi ortida bir qancha siyosiy kuchlar bo'lgan va hukmron doiraning bir qatlami nazoratni yo'qota boshlasa, uning o'rnini ta'sir kuchi, resurslari, kelajak haqida sobit qarashlari bor yangi maxfiy aristokratiya egallagan.
Trampizmning dastlabki ko'rinishi (2016-2020) xalqning liberal hukmron doiralarga qarshi qo'pol va tartibsiz zarbasi edi. Ammo uning iqtidorga ikkinchi bor kelishi (2024) birgina populistik to'lqin natijasi emas. Uni rejalashtirilgan inqilob deyish mumkin. Mazkur inqilobda xalq g'azabi faqat qurol vazifasini o'tab berdi. Haqiqiy kuch esa texnokratlar va akseleratsionistlar (texnologik shiddatchilar – yangi texnologiyalar, sun'iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni tezkorlik bilan joriy etish tarafdorlari) qo'lida. Ular aynan deeper state – eng maxfiy davlatdir.
Liberal-globalistik elita AQShda bir necha o'n yillar davomida shakllangan. Uning tamoyillari juda jo'n: jamiyat ongini OAV va madaniyat orqali nazorat qilish, iqtisodiy faoliyatni moliyaviy institutlar va xalqaro kelishuvlar orqali tartibga solish, siyosiy raqiblarni byurokratiya va sud tizimi orqali bostirish. Biroq uning bitta kamchiligi bor: u barqarorlikni talab etadi. Vaqtning XX asrdagidek osuda kechishi, resurslarni sekin-asta qayta taqsimlash, har qanday tahdidni chegaralarni yemirish, ommaviy migratsiya va ijtimoiy islohotlar orqali zararsizlantirish – liberal elita ma'qul ko'rgan hayot tarzi.
Biroq XXI asr – tezlashuv asri. Vaqtning ayni shu kesimida texnokrat-akseleratsionistlar sahnaga chiqdi. Ular kelajakning eng muhim valyutasi neft' ham, pul ham emas, balki tezlik ekanini anglab yetishdi.
Agar an'anaviy yashirin davlat byurokratik institutlar va media qudratiga asoslangan bo'lsa, yangi yashirin davlat algoritmlar, ma'lumotlar va texnologik hukmronlikka tayanadi. Uning yetakchilari — Silikon vodiysidan chiqqan shaxslar: Piter Til', Ilon Mask, Mark Andrissen, Vivek Ramasvami kabilar.
Texnokrat-o'ngchilar (tech right) mafkurasi "Qorong'i ma'rifat" (Dark Enlightenment) g'oyalariga asoslangan bo'lib, bu kontseptsiya Kertis Yarvin va Nik Lend tomonidan ishlab chiqilgan. Ularning asosiy tezislari an'anaviy siyosatga tahdiddek yangraydi: “Demokratiya – samarasiz. U taraqqiyotni sekinlashtiradi, innovatsiyalarga to'g'anoq bo'ladi va boshqaruvni omma mehrini qozonish uchun cheksiz kurashga aylantiradi.
Liberal mafkura eskirdi. Gender siyosati, tenglik, ijtimoiy adolat kabi tamoyillar rivojlanish yo'lidagi to'siqqa aylandi.
Kelajak – texnokratiyaniki. Davlat institutlarini sun'iy intellekt, algoritmlar va raqamli platformalar almashtiradi”.
Bu yondashuv hukmron doiralar o'rtasida ixtilof keltirib chiqardi. Ayrim texnokratlar (Google, Meta, Amazon) liberal yo'nalishga sodiq qoldi, boshqalari esa (Mask, Til', Andrissen) yangi tartibga ovoz berdi. Ular populizmga ishonganlari uchun Trampni qo'llab-quvvatlayotganlari yo'q. Aksincha, uni eski tizimni vayron qilib, kelajakka yo'l ochuvchi vosita sifatida ko'rmoqdalar.
AQShda elitalar o'rtasidagi kurash davom etayotgan bir paytda, Yevropa deyarli piyodaga aylanib boryapti. Ikkinchi jahon urushidan keyin u AQShga vassallik rishtalari bilan bog'langan edi. Biroq Tramp kelishi bilan ushbu kelishuv ildiziga bolta urildi. AQSh moliyaviy va harbiy himoyasi ostida yashab kelgan Yevropa hukmron doiralari bundan buyon o'z muammolari qarshisida yakka-yolg'iz qolishganini anglab yetdilar. Hadikli choralar sababi shundan. Yevropa Ittifoqi favqulodda sammit o'tkazib, mudofaa uchun 800 milliard yevro ajratishga qaror qildi. Yevropa investitsiya bankini esa harbiy dasturlarni moliyalashtirish yo'liga o'tkazish rejalashtirildi. Bularning barchasini nazoratni saqlab qolish, fuqarolar e'tiborini ichki muammolardan tashqi tahdidlarga qaratishga bo'lgan urinish sifatida baholash mumkin. Biroq ular vaziyatni nazorat ostida ushlab tura oladilarmi?
Agar voqealar hozirgi o'zanda davom etsa, quyidagi natijalardan biriga guvoh bo'lamiz:
Evropada harbiylashuv jarayoni boshlanadi. Asosiy maqsad ichki noroziliklarni kamaytirish va iqtisodiyotni urushga safarbar qilishga yo'naltiriladi.
Ijtimoiy muammolar Evropada keskin vaziyatni yuzaga keltiradi. Agar inqiroz nazoratdan chiqsa, yevropaliklarning qashshoqlashgan qatlamlari inqilobiy o'zgarishlar tarafdoriga aylanadi.
Evropa parchalanadi. Frantsiya va Germaniya globalistik yo'nalishni saqlab qolishga harakat qilsa, Vengriya va Italiya kabi davlatlar taraqqiyotning muqobil yo'llarini qidira boshlaydilar.
Nima bo'lganda ham, Tramp va texno-o'ngchilar bugungi Yevropani ittifoqchi emas, balki boshqarish mumkin bo'lgan resurs sifatida ko'ryaptilar. Ular uchun Yevropa Ittifoqi – tarixni tezlashtirishga to'g'anoq bo'layotgan eski tuzilma, xolos.
Ilon Mask “Biz hal qiluvchi chegaraga yetib keldik” deb yozganida, faqat texnologik kelajakni nazarda tutmagan ko'rinadi. Siyosiy voqelik ham ortga qaytmas tus olyapti. Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan global tartib poyoniga yetyapti. Xalqaro institutlar mavqei pasaymoqda, eski siyosiy elitalar jon-jahdi bilan hokimiyatga chirmashsa-da, tobora ojiz va notavon ko'rinyapti.
Avvallari kelajakni taxmin qilsa bo'lardi. Bugun esa u girdob misoli o'zidan avvalgi barcha narsalarni o'z domiga tortib ketyapti. Uning ortida nimalar borligini hech kim bilmaydi. Bu endi tadrijiy evolyutsiya emas, balki shiddatli tezlashish, mavhumlikka sakrash bilan barobar qadam.
Eski tartib ikki iskanja o'rtasida qolgan. Birinchisi – elitalardan, ularning yolg'onidan, mafkurasidan, nazorat ostidagi realligidan charchagan omma isyoni. Ular oddiy yechimlarni, avvalgi dunyoni qaytarishni talab qilishyapti. Trampga ovoz berishmoqda, radikallarni qo'llab-quvvatlashmoqda, norozilik namoyishlariga chiqishmoqda. Ikkinchisi – hokimiyatnigina emas, balki boshqaruv tizimini ham o'zgartirayotgan texnokratlar inqilobi. Ular siyosat, davlatlar va demokratik taomillar eskirganiga, kelajak algoritmlar, sun'iy intellekt va ma'lumotlarga ega bo'lganlarniki ekaniga ishonyaptilar. Ushbu to'qnashuvda yashirin davlat eskilik sarqitiga aylanyapti. U endi vaziyatni nazorat qila olmayapti – boshqarmayapti, tiyib turibdi, xolos.
XX asr global tartibiga asos solganlar yangi asr tezligiga moslasha olmadilar. Ular institutlarga tayanib yashadilar, ammo dunyo raqamli platformalarga ko'chdi. Ular jamiyatni OAV tashviqotiga tayanib boshqarish mumkin deb o'yladilar, ammo jamiyat ongini nazorat qilish ijtimoiy tarmoqlar algoritmlariga o'tib ketdi.
Bunday vaziyatda Piter Til', Ilon Mask, Vivek Ramasvami, Mark Andrissen uchun demokratik institutlar ahamiyatsiz. Ularni qiziqtirgan narsa – hokimiyatni muhandislik tizimi sifatida qayta qurish, keraksiz unsurlarni olib tashlash, odamlarni algoritmlarga almashtirish.
Xo'sh, yaqin yillarda dunyoni nimalar kutmoqda?
Birinchidan, eski qoidalar yemiriladi. Siyosiy institutlar asta-sekin kuchsizlana boradi, xalqaro tashkilotlar o'z ahamiyatini yo'qotadi, milliy davlatlar esa inqirozlar girdobida qoladi. Yevropa bu zarbani ko'tara olmasligi mumkin, chunki uning elitalari bunday stsenariyga tayyor emas.
Ikkinchidan, texnologik inqilob hokimiyat quroliga aylanadi. Eng yaxshi boshqaruvchilar emas, eng yaxshi bashoratchilar g'alaba qozonadi. Sun'iy intellekt, ulkan ma'lumotlar tahlili va total raqamli nazorat hukmronlikning asosiy mexanizmlariga aylanadi.
Uchinchidan, liberal globalizm qulaydi. Dunyoni shartnomalar, sammitlar va byurokratiya orqali boshqarish davri bora-bora o'tmishda qoladi. Uning o'rniga tartibsizlik, texnologik raqobat va kelajakni kuch bilan qayta taqsimlash keladi.
To'rtinchidan, an'anaviy siyosat ham o'zgarishlarga uchraydi. Katta korporatsiyalar, transmilliy texnotuzilmalar va raqamli platformalar davlatlar funktsiyalarini o'z zimmasiga olishi ham ehtimoldan xoli emas.
Bugungi dunyo ana shunday tarixiy o'zgarishlar ostonasida turibdi. Yangi o'tish davrini kimlar o'zgartiradi? Jarayonlar nazorati kimning qo'liga o'tadi? Vaqt qaysi yo'nalishda tezlashishini kim belgilaydi?
Ana shu savollarga javob topa olsak, voqealar rivojiga ham aniqlik kiritgan bo'lamiz.
Bu faqat AQSh va Yevropaga taalluqli jarayonlar emas. O'zgarishlar butun dunyoga, shu jumladan, Markaziy Osiyoga ham ta'sir qilishi, shubhasiz.
Biz hamisha turli siyosiy kuchlar – Rossiya, Xitoy, AQSh, Turkiya va Ko'rfaz davlatlari o'rtasida muvozanat saqlab kelganmiz. Biroq dunyodagi bugungi jarayonlar sabab ushbu muvozanatni saqlab turish tobora qiyin kechishi mumkin. Shu bilan birga, mavjud voqelik geosiyosiy chorrahada joylashgan mamlakatlarga yangi tahdidlar qatori yangi imkoniyatlar ham taqdim etishi ehtimoldan xoli emas.
Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston misolida olib qaraydigan bo'lsak, mazkur jarayonlar mintaqa uchun quyidagi oqibatlarni keltirib chiqaradi.
1. Eski xalqaro tartibning o'zgarishi. Markaziy Osiyo uzoq yillar yirik siyosiy kuchlar o'rtasidagi muvozanatni saqlab keldi. AQSh va Yevropa mintaqada global tartib o'rnatuvchi kuch, Rossiya va Xitoy esa hududiy barqarorlik kafolati sifatida ko'rildi. Tabiiyki, AQSh elitalari o'rtasida kurash kuchaygan, Yevropa ta'siri kamaygan, Rossiya geosiyosiy qarama-qarshiliklar girdobida qolgan bir paytda, mintaqadagi vaziyatni kim belgilaydi degan savol tug'iladi.
Agar dunyo ko'p qutbli, ammo tartibsiz ko'rinish olsa, mamlakatimiz Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari qatori o'zining suvereniteti va milliy manfaatlarini himoya qila oladigan yangi modellarni ishlab chiqishi kerak bo'ladi.
2. Texnologik inqilob. Mask, Til' va Andrissen ilgari surayotgan texnokratik inqilob dunyodagi "rivojlangan" va "rivojlanayotgan" davlatlar o'rtasidagi an'anaviy tafovutni yo'qqa chiqaradi. Bundan keyin global tizimda asosiy rolni texnologik anklavlar va raqamli davlatlar o'ynaydi, ular buyuk davlatlar bilan teng raqobat qilishga kirishadi.
Xo'sh, ushbu vaziyat O'zbekiston uchun nimani anglatadi? Birinchidan, mamlakatimiz texnologik iqtisodiyotga kirish uchun yangi imkoniyatlarga ega bo'ladi. Agar sun'iy intellekt, blokcheyn, raqamli moliya va kiberiqtisodiyotga o'z vaqtida va samarali e'tibor qarata olsak, mintaqaning yangi raqamli iqtisodiyotida yetakchi o'rinlardan biriga da'vogarlik qilishimiz mumkin. Zarur infratuzilmani yarata olmasak, faqat chet el texnologiyalarini iste'mol qiluvchi davlatlar qatorida qolib ketishimiz turgan gap. Qolaversa, yangi tartibot davrida xomashyo va ishchi kuchi eksportiga qaramlik tobora ahamiyatsiz tus oladi. Hozirgi kunda milliy sun'iy intellekt, raqamli valyuta va biotexnologiya strategiyalarini ishlab chiqish o'ta muhim masalalardan biriga aylanib boryapti.
3. Global liberalizm zaiflashuvi. Markaziy Osiyo uzoq yillar davomida mafkuralar kurashi maydoni bo'lib keldi. G'arb NNTlari, AQSh va Yevropa institutlari demokratiya va liberal qadriyatlarni targ'ib qilgan bo'lsa, Xitoy, Rossiya va Turkiya muqobil modellar taklifini ilgari surdi.
Biroq global liberalizm zaiflashgani sari, G'arb o'z g'oyalarini majburan singdirish salohiyatini yo'qotyapti. Buning natijasida gumanitar loyihalarni, OAV va fuqarolik jamiyatini moliyalashtirib kelgan G'arb tashkilotlarining mintaqaga ta'siri asta-sekin yo'qqa chiqishi mumkin. Ana shunday bir sharoitda mintaqa davlatlari G'arb standartlaridan farqli, o'ziga xos siyosiy yo'lni topishga harakat qilishi, shubhasiz.
4. Intellektual va madaniy mustaqillik uchun kurash. Agar eski liberal tartib yakun topsa, uning o'rnini qaysi qadriyat egallaydi? Variantlar ko'p emas: Xitoy modeli, Turkiya neousmonchiligi yoki Yangi Markaziy Osiyo modernizatsiyasi. Ayni paytda mamlakatimiz boshqa modellardan farqli o'z mafkuraviy yo'nalishini aniq belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatga ega.
Qolaversa, yangi siyosiy evrilishlar global iqtisodiy marshrutlarning o'zgarishiga ham olib keladi.
Xitoy necha yillardan buyon “Bir makon – bir yo'l” loyihasini ilgari surmoqda. AQSh dengiz yo'nalishlariga bosimni kuchaytirgani bois Markaziy Osiyo quruqlik orqali Xitoy va Yevropani bog'laydigan asosiy hududga aylanishi kerak.
Rossiya Yevropa bilan avvalgi iqtisodiy aloqalarini yo'qotgan. Bu esa uni Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirishga majbur qilyapti.
Turkiya va Yaqin Sharq iqtisodiy hamkorlik bilan bog'liq yangi shakllarini taklif qilib, Markaziy Osiyoda ta'sirini kengaytirmoqda.
Agar mamlakatimiz ushbu imkoniyatdan samarali foydalana olsa, shubhasiz, Evroosiyo savdosi markaziga aylanadi.
Biroq buning uchun transport koridorlari infratuzilmasini rivojlantirish – temir yo'llar, avtomobil' yo'llari va logistika markazlarini modernizatsiyalash, yangi logistika texnologiyalariga sarmoya kiritish, samarali va tezkor yuk tashish tizimlarini, raqamli savdo va logistika platformalarini yaratish, blokcheyn, avtomatlashtirish va sun'iy intellekt asosida ilmiy tahlil tizimlarini joriy etish talab etiladi. Qolaversa, mintaqadagi barqaror vaziyat ham muhim ahamiyatga ega.
5. Yangi harbiy va siyosiy voqelik. Yangi voqelik kutilmagan inqirozlar va mojarolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa hech qaysi harbiy blokka a'zo bo'lmagan davlatimiz uchun turli kuchlar o'rtasidagi muvozanatli siyosatni davom ettirishga undaydi.
Har doim ta'kidlanganidek, Afg'oniston, Kavkaz va Yaqin Sharqdagi notinchliklar mintaqaga ta'sir qiladi. Markaziy Osiyo davlatlari, ehtimol, Turkiya, Xitoy yoki kiberxavfsizlikni ta'minlaydigan texnologik korporatsiyalar bilan yangi xavfsizlik ittifoqlarini izlashga majbur bo'ladi.
Tarixdagi barcha ulkan o'zgarishlar avvaliga aql bovar qilmas jarayon sifatida namoyon bo'lgan. Bugungi dunyo aynan shunday pallada. XX asrda shakllangan global tartibot endilikda o'z samarasini yo'qotmoqda. Bashariyat tarixi qator tamaddunlar inqiroziga guvoh bo'ldi. Endi esa eski globalistik dunyo tartibi tugayotganini ko'rmoqdamiz.
Bu jarayon natijasini hech kim aniq bashorat qila olmaydi. U haddan tashqari tez, haddan ziyod murakkab va nazoratdan tashqari rivojlanmoqda. Agar oldin tarix yillar, o'n yilliklar davomida shakllangan bo'lsa, endilikda u oylar, haftalar, hatto kunlar ichida o'zgaryapti.
Bu jarayonlar ichida Markaziy Osiyo ham o'z o'rnini aniq belgilab olishi shart. Har bir tsivilizatsiya o'z kelajagini tanlash imkoniyatiga ega bo'lgan tarixiy pallalar bo'lgan. Bu imkoniyatni qo'ldan chiqarganlar zamon changalzorlarida yo'qolib ketgan, undan foydalanganlar esa yangi davr yetakchilariga aylangan.
Bir qarashda, bu nafaqat tahdid, balki katta imkoniyat hamdir. Agar O'zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari texnologik jarayonlarni o'zlashtirib, raqamli iqtisodiyot va sun'iy intellekt singari sohalarda tashabbuskorlikni qo'lga olsa, ular o'zlarining iqtisodiy va siyosiy mustaqilligini mustahkamlashlari mumkin. Aks holda, yangi transmilliy texnokratiya vositasiga aylanib qolish xavfi bor.
Xulosa shundan iboratki, dunyo shiddat bilan o'zgarmoqda. Qaysidir qavmlar bu o'zgarishlar qurboniga aylanadi, qay birlari esa ularni boshqaradi. Tarix bugun tub burilish olmoqda – endi uni kim yozishini faqat vaqt ko'rsatadi.
Jahongir Nahanov
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0