Kreditga bog‘langan yoshlar
Bugun ko‘chada eng so‘nggi rusumdagi telefon ko‘targan yoshlarni ko‘rib, ularni boy deb o‘ylab qolamiz. Ammo o‘sha telefon ortida oyma-oy to‘lanayotgan kredit va qarzlar bo‘lishi mumkin. Hozirgi yoshlar uchun kredit etarli pul yig‘ishni kutmasdan, xohlagan narsasini darhol qo‘lga kiritishning eng oson yo‘lidek tuyuladi. Biroq bu qulaylik bilan birga jiddiy muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.
Yoshlarning kreditga tayanishining asosiy sabablaridan biri — yangi rusumdagi telefonlarning tez-tez yangilanib borayotgani. Ko‘pchilik tengdoshlardan ortda qolmaslik, ular oldida uyalib qolmaslik uchun kreditga telefon olishga harakat qiladi. O‘smirlar orasida “Hamma oldi, men ham olay” degan tushuncha shakllanib ulgurgan. Aynan shu havas ko‘plab yoshlarni o‘ylamasdan qarzga kirishga undaydi.
Albatta, kreditning foydali tomonlari ham yo‘q emas. Talabalar yoki endigina ishlay boshlagan yoshlar uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati katta engillik yaratadi. Masalan, noutbuk yoki smartfon taʼlim olishda, internet orqali ishlashda va yangi kasb o‘rganishda yordam beradi. Yoshlar yillab pul yig‘ishni kutib o‘tirmasdan, kerakli texnikani darhol sotib olib undan foydalanishni boshlaydi. Baʼzi holatlarda kredit insonning hayot sifatini yaxshilab, shaxsiy rivojlanishiga xizmat qilishi mumkin.
Ammo kreditning salbiy oqibatlarini ham unutmaslik kerak. Ko‘pchilik yoshlar uzoq muddatli moliyaviy masʼuliyatni to‘liq anglamasdan qarzga kiradi. Avvaliga hammasi osondek tuyuladi: har oy oz-ozdan to‘lash mumkin. Lekin vaqt o‘tib, to‘lov muddati yaqinlashgani sari moliyaviy bosim va stress ortib boradi.
Men o‘zim ham bir yil muddatga kreditga telefon olganman. Dastlab to‘lov qilish unchalik qiyin tuyulmagan edi. Ammo vaqt o‘tgan sari har oy to‘lov qilish tobora og‘irlashib bordi. To‘lov sanasi yaqinlashganda turli qiyinchiliklar boshlanadi. Kursdoshlarim orasida ham “Ayfon tutaman” degan havas bilan kreditga telefon olganlar ko‘p. Ammo ularning aksariyati ham keyinchalik to‘lov masalasida qiynalayotganini aytadi.
Muddatli to‘lov asosida telefon va noutbuk sotadigan do‘konlardan biri xodimi bilan suhbatlashganimda, u ham talabalar va o‘smirlar eng ko‘p xaridor bo‘lishini taʼkidladi. Biroq aynan ular to‘lov vaqtida ko‘proq qiynalar ekan. Hatto ayrim hollarda to‘lovlar oyning oxirigacha cho‘zilib ketishi ham kuzatiladi. Bu esa yoshlarning moliyaviy savodxonligi hali etarli darajada shakllanmaganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, kreditning o‘zi yomon narsa emas. Agar u ehtiyoj uchun ishlatilsa, inson hayotini engillashtiradi va imkoniyat yaratadi. Ammo faqat havas va boshqalarga o‘xshash istagi bilan olingan kredit keyinchalik muammoga aylanishi mumkin. Shuning uchun har bir yosh kredit olishdan oldin o‘z imkoniyatini, daromadini va kelajakdagi masʼuliyatini chuqur o‘ylab ko‘rishi kerak.
Dilovar Shoymurodova,
O‘zDJTU talabasi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0