Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi
2026 yil 28 yanvar' kuni Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilish yakunlariga ko'ra, asosiy stavkani 14 foiz darajasida o'zgarishsiz qoldirish to'g'risida qaror qabul qilindi.
Markaziy bank ma'lumotiga ko'ra, mamlakatda inflyatsiya pasayish tendentsiyasini davom ettirmoqda. Jumladan, 2025 yil dekabr' oyida umumiy inflyatsiya 7,3 foizga, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizgacha tushdi.
Inflyatsiyaning sekinlashishi qat'iy pul-kredit siyosati, so'mning mustahkamlanishi hamda import narxlarining ta'siri ostida bazaviy inflyatsiyaning pasayishi hisobiga ta'minlanmoqda. Shu bilan birga, xizmatlar sohasida narxlar o'sishi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Markaziy bank prognozlariga ko'ra, 2026 yil yakuni bo'yicha inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, iqtisodiyotda yuqori faollik saqlanib qolmoqda. Joriy yil yakunida iqtisodiy o'sish sur'atlari 6,5–7 foiz atrofida bo'lishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, bank tizimida ijobiy real foiz stavkalari milliy valyutadagi jamg'armalarni rag'batlantirmoqda. Ayni paytda chakana kreditlash va fiskal faollik yuqori sur'atlarda davom etmoqda.
Markaziy bank ma'lum qilishicha, pul-kredit sharoitlari inflyatsiyaning barqaror pasayishini ta'minlash maqsadida joriy qat'iy darajada saqlab qolinadi.
Asosiy stavkani navbatdagi ko'rib chiqish 2026 yil 18 mart kuniga belgilangan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0