+20C

+20C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Mahrning narxi oshdimi yoki qadri tushdimi?!

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda maishiy mavzular asosiga qurilgan so‘rovnomalar keng tarqalmoqda. Aynisa, mahr mavzusidagi savollar atrofida katta auditoriya jamlangan. Dastlab oddiy ko‘ngilochar kontent sifatida paydo bo‘lgan bu kabi so‘rovnomalar bugunga kelib jamiyatda jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan muhokamali mavzuga aylandi. Ayrim videolarda qizlarning “Gelik olib bersa, turmushga chiqaman”, “Toshkent citydan to‘rt xonali uy so‘rayman” kabi javoblari atrofida yuzlab fikrlar aylanmoqda.
Jamiyat
316 15:07 | 03.06.2026 15:07

Bu kabi baland istaklarning sababi so‘ralganda ko‘pchilik qizlar “Dinimizda shunday” deya engilgina javob qaytarishadi. Aslida esa aksar javoblar dinda keltirilgani uchun emas, balki insonning dunyoqarashi va saviyasidan kelib chiqib aytilmoqda. Baʼzi ayol-qizlarimiz berayotgan javoblarni ko‘rib, to‘rt xotinlikni “Islomda shunday” deya oqlayotgan erkaklar hayolimizga keladi…


Avvalo, Islom dinida “mahr” nikohning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. U ayolning shaxsiy mulki bo‘lib, er tomonidan beriladi va ayolning huquqini eʼtirof etish ramzi sifatida qaraladi. Mahr nafaqat moddiy qiymatga ega sovg‘a, balki nikohning masʼuliyat va hurmatga asoslanganligini ifodalovchi maʼnaviy tushunchadir.


Shariatimizda mahrning eng yuqori miqdori cheklanmagan bo‘lsa-da, uning maqsadi boylik namoyishi yoki iqtisodiy musobaqa emas. Islom manbalarida ham nikohning engil va barakali bo‘lishi targ‘ib etiladi. Shu sababli mahrning mohiyati ham tomonlarni qiynash emas, balki oilaning mustahkam poydevorini yaratishga xizmat qilishi kerak.


Bugungi bahslarning markazida esa mahrning asl mazmunidan ko‘ra uning miqdori va qiymati haqida gapirilayotgani kuzatilmoqda. Natijada mahrning maʼnaviy mohiyati ikkinchi darajaga tushib, uning moddiy tomoni ustuvor ko‘rinish ola boshlagan. Bunday dunyoqarashdagi yoshlarning ortayotganligi ijtimoiy tarmoqlarning qadriyatlarga sezilarli taʼsir ko‘rsatayotganligini bildiradi.


Tabiiyki, kontent yaratuvchilar ko‘proq auditoriya yig‘ish uchun eʼtibor tortadigan mavzular va keskin javoblardan foydalanadi. Mahr haqidagi videolar ham ko‘pincha aynan shu maqsadga xizmat qiladi. “Qimmat avtoulov so‘rayman”, “Bir necha milliardlik uy bo‘lishi kerak” kabi javoblar ko‘pincha jiddiy talab emas, balki tomoshabin eʼtiborini tortishga qaratilgan chiqishlar bo‘lishi mumkin.


Biroq tarmoqlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u erda aytilgan har bir fikr keng auditoriya tomonidan haqiqat sifatida qabul qilinishi ehtimoli yuqori. Natijada yigitlarda “Barcha qizlarning talabi shunday” degan noto‘g‘ri tasavvur shakllansa, ayrim qizlar trend taʼsirida real hayotga mos kelmaydigan standartlarni o‘zlashtira boshlaydi. Bu esa jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, stereotiplar va qarama-qarshi qarashlarning kuchayishiga olib kelishi tabiiy.


Har qanday talab ham avvalombor iqtisodiy sharoitga bog‘liq. Bugungi kunda uy-joy narxlari, avtomobillar va boshqa qimmatbaho mulklar qiymati yuqori bo‘lgan bir paytda ayrim talablar aksariyat yosh oilalar imkoniyatidan tashqarida bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, ayolning mahr olish huquqini inkor etish yoki uni ahamiyatsiz deb hisoblash ham noto‘g‘ri yondashuvdir. Ammo, haddan tashqari baland talablar nikohning kechikishiga, oilaviy munosabatlarning boshlanishidan oldin ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin.


Mahr shunchaki moddiy sovg‘a yoki boylik mezoni emas balki ayolning haqi, erkakning masʼuliyati va nikohning qadriyatlar asosida qurilganini ifodalovchi muhim tushunchadir. Ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvli so‘rovnomalar vaqtinchalik bo‘lishi mumkin, biroq ular yoshlar ongiga dinni boshqacha talqin qilishga sabab bo‘lishi mumkin.


Shu sababli mahr haqida gap ketganda hissiyotlar, stereotiplar yoki boshqalarning fikri emas, balki diniy bilim, hayotiy tajriba va mantiq ustuvor bo‘lishi kerak. Chunki baxtli oila qimmat avtomobil, hashamatli uy yoki katta mablag‘ bilan emas, avvalo hurmat, mehr, ishonch va masʼuliyat bilan quriladi.


Dildora DO‘SMATOVA


Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 6619 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat