Minimal ish haqini hisoblash tizimi o‘zgarishi mumkin
O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini (MHEKM) belgilash tizimini isloh qilish taklif etilmoqda. Takliflarga ko‘ra, kelgusida minimal ish haqi byudjet sohasidagi ish haqini hisoblash bazasidan ajratilishi, xalqaro standartlarga yaqinlashtirilishi hamda hududlar va tarmoqlar kesimida alohida belgilanishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti tahlilida MHEKMni 2030 yilgacha bosqichma-bosqich mediana ish haqining 40 foiziga etkazish taklif qilingan. Hozirgi mediana ish haqi hisobidan kelib chiqilsa, bu minimal ish haqini taxminan 2,1 million so‘mgacha oshirishni anglatadi.
Tahlilda qayd etilishicha, amaldagi tizimda MHEKM bir vaqtning o‘zida ham minimal ijtimoiy kafolat, ham byudjet tashkilotlarida ish haqini hisoblash mezoni vazifasini bajaradi. Bu esa har safar MHEKM oshirilganda davlat byudjeti xarajatlarining ham avtomatik ko‘payishiga olib keladi.
Shu bois, byudjet sohasida ish haqini hisoblash uchun alohida bazaviy tarif miqdorini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu orqali minimal ish haqini oshirish davlat byudjetiga ortiqcha moliyaviy bosim qilmasdan amalga oshirilishi mumkin.
Hujjatda, shuningdek, yashash xarajatlari va mehnat bozoridagi farqlarni hisobga olgan holda MHEKMni hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida turlicha belgilash, shuningdek, soatbay va kunbay minimal ish haqi tizimini joriy etish imkoniyatini ham ko‘rib chiqish taklif etilgan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0