Mutaxassis foydasiga qariyb 1 milliard so'm undiriladigan bo'ldi
Toshkent shahrida ta'lim tizimida mehnat huquqlari buzilishiga doir yana bir rezonansli xabar tarqaldi. Fuqarolik ishlari bo'yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi AKT sohasida faoliyat yuritgan mutaxassis foydasiga jami 997 million so'mga yaqin mablag' undirish haqida qaror chiqardi.
Voqeaning muxtasar tafsiloti quyidagicha: Najibullo Jo'raev qonuniy haq-huquqlarini tiklashda amaliy yordam so'rab, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar kengashiga murojaat qildi. Uning shikoyatini mehnat huquq inspektorlari o'rganib chiqdi. Ma'lum bo'lishicha, u 2021 yil 1 apreldan Yangihayot tumani maktabgacha va maktab ta'limi bo'limida AKTni joriy etish va raqamlashtirish bo'yicha metodist lavozimida ishlab kelgan.
Prezidentimizning 2018 yil 19 fevraldagi «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoniga muvofiq, davlat organlari va byudjet tashkilotlarida AKTni joriy etish uchun mas'ul xodimlarga lavozim maoshidan kam bo'lmagan miqdorda qo'shimcha ustama to'lanishi shart. Ammo amalda ushbu tartib-qoida bir necha yil davomida bajarilmagan.
Jumladan, N.Jo'raevga 2021 yil aprelidan 2025 yilning oktyabrigacha jami 207 million 883 ming so'm ustama haq to'lanmagan. Bundan tashqari, ish haqi o'z vaqtida to'lanmagan holatlar uchun Mehnat kodeksining tegishli bandiga asosan, 789 million 123 ming so'm kompensatsiya ham mavjud.
Federatsiyaning Toshkent shahar kengashi yuqoridagi holatlardan kelib chiqib va fuqaroning manfaatini ko'zlab, tegishli tartibda sudga da'vo-ariza kiritdi. Yangihayot tumani Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limining sudga taqdim etgan ma'lumotnomasida keltirilishicha, ustama va qo'shimcha to'lovlar uchun smetada mablag' ko'zda tutilmagan, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag'lar yetarli emas.
Sud bu vajlarni asossiz deb topdi. Shunki moliyaviy qiyinchiliklar ish beruvchini qonun talablarini bajarishdan ozod etmaydi.
Shunga ko'ra, ish beruvchidan N.Jo'raev foydasiga 207 883 000 so'm ustama haqi, 789 123 000 so'm kompensatsiya puli undiriladigan bo'ldi.
Aksariyat fuqarolarda kasaba uyushmasi haq-huquqlarimizni yetarlicha himoya qilmaydi, degan tushuncha mavjud. Aslida bu noto'g'ri. Negaki, kasaba uyushmasi mehnat qonunchiligiga oid shikoyatlarning birontasini ham e'tibordan chetda qoldirmay, qat'iy nazoratga oladi. Natijada ishdan nohaq bo'shatilgan xodimlarning ko'pchiligi uyushmaning sa'y-harakati bilan o'z vazifasiga tiklanmoqda, qanchasiga ustama haqi, kompensatsiya pullari undirib berilmoqda. N.Jo'raevning ishi bunga yaqqol misol bo'la oladi.
G'ulomjon MIRAHMEDOv
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0