NETAY, TABIBIMNING O'ZI HAM BEMOR: Saidali Muxtoraliev Bandlik vazirligi tomonidan ishsiz qoldirilgan ayolni himoya qilishini bildirdi
So'nggi paytlarda sudlarda mehnat nizolari ko'paygan. Bu bir jihatdan yaxshi, xodimlar o'z huquqini talab qilayotgani jamiyatimizda demokratik tamoyillar ishlayotganini ko'rsatadi. Ammo mehnat huquqlari bo'yicha ekspert Saidali Muxtoraliev bugun ijtimoiy tarmoqlardagi o'z postida xodimlar huquqini himoya qilishga mas'ul tashkilot o'zi tizimdagi xodimini, u bola parvarishlash ta'tilida bo'lgan paytda ishdan bo'shatgani haqida yozdi:
"Migratsiya bilan bog'liq yangi sudlarimiz boshlangan. Ishga qarshi tomondan Bandlik vazirligi ham qo'shilgan. O'tgan xaftada Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo'yicha sudida bir nechta ishlarimiz bor edi. Jadvalga qarasam, Migratsiyaning ishi ham turibdi. Xodim tomonining familiyasiga adashib, menga qarashli xodimning ishi bo'lsa kerak deb sud majlisi xonasiga kirsam, boshqa bir xodim ekan. Ayol kishi. Tinglovchi sifatida qatnashishga qaror qildim.
Haligi xodim Namangandan kelibdi. U haqida avval eshitganman, lekin birinchi bor ko'rishim edi. Migratsiya tomoni uning 2 yoshga to'lmagan yosh bolasi, chaqalog'i bo'lsa-da, qonunga zid ravishda ishdan bo'shatib yuborgan. FIB Shayxontohur tumanlararo sudi ishga tiklash haqida qaror chiqargan. Endi, Bandlik vazirligi va Migratsiya mas'ullari sudning ishga tiklash haqidagi qaroridan norozi bo'lmoqda. Mayli, sudga shikoyat kiritish ularning huquqi. Hammasiga sud baho beradi.
Lekin, yosh bolasi bor boyagi ayol bo'shatilgandan beri ishsiz, xoru-zor bo'lib yuribdi. Sudning ishga tiklash haqidagi qarori vaqtida ijro qilinmagan, ish haqlari to'lab berilmagan. Buning ustiga qalin qor, yon-atrof muzlama bo'lib turgan vaqtda yosh bolasini yaqinlariga tashlab Namangandan Toshkentga sudga qatnab yuribdi.
Sud boshlandi. vazirlik vakili o'z vajlarini bildirdi. Ayol ham fikrlarini bildirdi. Ish beruvchi uni yosh bolasi borligiga, dekret ta'tilida bo'lishiga qaramasdan bo'shatib yuborganini aytdi. Ishni ko'rayotgan sud'yalar ayolga tushuntirdiki, Namangandan qiynalib, Toshkentga kelib o'tirish shart emas, masofaviy tizimlar bor, o'sha yerdan qatnashsa bo'ladi. Xodim o'ylanib qoldi. Sud boshqa kunga qoldirildi.
Tashqariga chiqqandan keyin, u ayolga ishida bajonidil advokat bo'lib qatnashib berishimni aytdim. “Advokatga to'lashga pulim yo'q edi-da” dedi u. “Yo'q, bir so'm puliz kerak emas, tekinga himoya qilamiz sizni” dedim ko'nglini ko'tarib. Bechora hursand bo'lib ketdi.
Shunday qilib, Bandlik vazirligiga qarshi sudlarimiz davom etadi. Asosiysi, biz kim tomonda ekanimiz ma'lum: murg'ak bola va uning ishsiz qolgan onasi tomonida“.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0