Yangi ish boshlagan yosh shifokorga oylik ustama to'lanadimi?
Savol: Men o'tgan yili shifokorlik mutaxassisligini olib, tibbiyot muassasasida yangi ish boshladim. Bir kursdoshimdan oylik ish haqimga qo'shimcha ustama to'lanishi kerakligi to'g'risida eshitdim. Shu rostmi?
Savolga Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Toshkent viloyati bo'yicha mehnat-huquq inspektori Muhammadjon Ro'zmetov javob berdi.
– O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 maydagi “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo'llab-quvvatlash hamda rag'batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-136-sonli Farmoniga asosan ishlab chiqilgan “Tibbiyot muassasalarini moddiy rag'batlantirish va jamg'armasi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 3416-sonli Yo'riqnomaning 13-bandida bu haqda keltirib o'tilgan.
Maxsus komissiyaning tegishli qarori asosida, ishga qabul qilingan tibbiyot muassasasi rahbarining buyrug'iga muvofiq, yangi ish boshlagan tibbiy oliy ta'lim tashkilotlari bitiruvchilariga, salohiyatli yosh shifokorlarga ishga qabul qilingan kundan boshlab, oylik ish haqi to'lovlariga maxsus oylik ustamalar berilishi ta'kidlangan. Uning 14-bandida salohiyatli yosh shifokorlar uchun 1 million so'mgacha maxsus oylik ustamalar ularning birinchi uch yillik mehnat faoliyati davomida to'lanishi belgilangan. Bunda yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlar uchun har oyda:
- birinchi yil uchun – 1 million so'mdan;
- ikkinchi yil uchun – 750 ming so'mdan;
- uchinchi yil uchun – 500 ming so'mdan maxsus oylik ustamalar berilishi belgilangan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0