+33C

+33C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Osmono‘par binolar: Xitoy rekordchi, Evropa esa Osiyodan ancha orqada

Ko‘pgina shaharlar uchun baland va chiroyli binolar tashrif qog‘ozi sanaladi. Bunga Dubayni misol qilib keltirish mumkin. Osmono‘par binolar insoniyat muhandisdik qudrati, meʼmorchilik cho‘qqisi va iqtisodiy taraqqiyotining muhim ramzi hisoblanadi. XIX asr oxirida paydo bo‘lgan bunday inshootlar bugungi kunga kelib megapolislar qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Ular dastlab AQSh shaharlarida ko‘plab qad rostlagan, keyinchalik bu tendentsiya Osiyoga ko‘chdi. Yangi asrga kelib, Xitoy va Yaqin Sharqdagi boy arab davlatlari baland binolar barpo etishda G‘arbni ortda qoldirdilar. Hozirga kelib, osmonga bo‘ylashgan inshootlarning ko‘pchiligi aynan Osiyo qitʼasiga to‘g‘ri keladi.
O'zgacha rakurs
282 10:53 | 17.08.2026 10:53

Dunyoda osmono‘par binolarni baholash va tasniflash bilan shug‘ullanuvchi asosiy xalqaro tashkilot — Baland binolar va shahar aholi maskanlari kengashi (CTBUH) hisoblanadi. Uning standartlariga ko‘ra, bino osmono‘par toifaga kirish uchun kamida 150 metr bo‘lishi kerak. Odatda balandligi 150 metr (492 fut) va undan yuqori bo‘lgan binolar umumiy balandlikdagi toifaga kiradi. Super-baland (Supertall) balandligi 300 metrdan 600 metrgacha bo‘lgan binolardir. Nihoyat mega-baland (Megatall) balandligi 600 metrdan ortiq bo‘lgan o‘ta yirik inshootlar 3-toifaga kiradi. Osmono‘par binolar asosan yirik megapolislarda, (Nyu-York, Tokio, Shanxay, Dubay) er maydoni cheklangan va o‘ta qimmat bo‘lgan hududlarda quriladi. Er va joy etishmovchiligi sababli zamonaviy osmono‘par binolar faqatgina ofis yoki turar joy emas, balki savdo markazlari, restoranlar, bog‘lar va mehmonxonalarni jamlagan “mustaqil mikro-shahar” vazifasini bajaradi.



Garchi insoniyat tarixi davomida yirik ko‘p qavatli binolar va shaharlar qurilgan bo‘lsa-da (masalan, Amir Temur qurdirgan Oqsaroy 70 metrdan oshgan degan maʼlumotlar mavjud) birinchi osmono‘par bino 1885 yilda qurilgan va 1931 yilgacha saqlanib qolgan Chikagodagi Sug‘urtalash binosi hisoblanadi. Dastlab u 10 qavatli va 42 metr balandlikda edi. Keyinchalik, 1891 yilda yana ikkita qavat qo‘shildi va binoning balandligi 54,9 metrga ko‘tarildi. Loyiha muallifi, amerikalik meʼmor Uilyam Le Baron Jenni yuk ko‘taruvchi ramkadan foydalanadigan yangi qurilish texnologiyasini taklif qildi. Anʼanaga ko‘ra, yuk ko‘taruvchi konstruktsiya rolini tashqi devorlar bajargan. Po‘latning solishtirma mustahkamligi eng yuqori sifatli beton, tosh yoki g‘ishtdan taxminan 50 barobar yuqori ekanligiga asoslanib, binolar tashqi va ichki devorlarni qo‘llab-quvvatlovchi po‘lat ramkaga tayanishni boshladi. Yuk ko‘taruvchi ramka konstruktsiyaning umumiy og‘irligini deyarli uchdan bir qismga kamaytirishga imkon berdi. Meʼmor boshqa yuk ko‘taruvchi inshootlardan butunlay voz kechishga ikkilandi, shuning uchun binoda yuk ko‘taruvchi orqa devor va granit ustunlar ham mavjud edi. Yuk ko‘taruvchi po‘latdan yasalgan ramkaga o‘tish 1891 yilda Sent-Luis shahrida meʼmor Luis Sallivan tomonidan loyihalashtirilgan 11 qavatli Ueynrayt (Wainwright) minorasi qurilishida to‘liq amalga oshirildi. Ueynrayt minorasi ham haqli ravishda birinchi osmono‘par bino nomiga daʼvo qilishi mumkin.



Xitoy bugungi kunda dunyoda osmono‘par binolar qurilishi bo‘yicha mutlaqo so‘zsiz etakchi hisoblanadi. Oxirgi o‘n yilliklar davomidagi shiddatli iqtisodiy o‘sish va urbanizatsiya jarayonlari tufayli Xitoy megapolislarining qiyofasi butunlay o‘zgarib ketdi. Maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu davlatda balandligi 150 metrdan ortiq bo‘lgan 3600 dan ziyod osmono‘par binolar ishlab turibdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Xitoy boshqa barcha davlatlardan katta farq bilan oldinda (solishtirish uchun ikkinchi o‘rindagi AQShda bunday binolar soni mingtaga ham etmaydi).



Xitoydagi eng baland bino Shanxay minorasi sanaladi – u 632 metr balandlikka ega va 128 qavatdan iborat. Shanxay minorasi qurilishi 2015 yilda yakulandi. O‘sha paytda u Dubaydagi Burj Xalifadan (828 metr) keyin dunyodagi ikkinchi eng baland osmono‘par bino maqomiga sazovor bo‘lgan. Keyinchalik qurilgan baʼzi minoralar undan ham balandroq bo‘lishi kerak edi. Masalan, Shenchjendagi Pinan moliyaviy markazi 660 metrga etishi kerak edi. Ammo mazkur rekord hech qachon amalga oshmadi. Qurilish jarayonida Shenchjen osmono‘par binosining balandligi 599 metrgacha tushirildi: antennadan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Bu havo yo‘llari bilan bog‘liq muammolar bilan izohlandi. Va yangi balandliklar kutilmayapti. 2020 yildan beri butun Xitoy bo‘ylab rejalashtirilgan binolarning balandligini 500 metrdan oshirishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi.



Xitoy osmono‘par binolari shunchaki ofislar emas. Ularning ichida butun boshli ekotizimlar — turar joylar, besh yulduzli mehmonxonalar, restoranlar, kinoteatrlar, shinam bog‘lar va metro stantsiyalari bilan bog‘langan er osti savdo majmualari mavjud. Ko‘plab xitoylik muhandislar binolarni qurishda zamonaviy texnologiyalardan, xususan, zilzila va kuchli tayfunlarga qarshi turuvchi maxsus mayatnikli tizimlardan (Tuned Mass Damper) keng foydalanishadi.



Garchi baland binolar soni bo‘yicha Xitoydan ancha orqada qolgan bo‘lsada, osmono‘par qurilishlar madaniyati va tarixi aynan AQShdan (Nyu-York va Chikago shaharlaridan) boshlangan. AQSh bu turdagi binolarning arxitekturasi va ko‘lami bo‘yicha etakchilardan biridir. Mamlakatda 900 dan oshiq osmono‘par inshootlar mavjud. Qo‘shma Shtatlar baland binolar bo‘yicha Xitoydan ortda qolib ketganining bir qancha sabablari bor: so‘nggi yillarda inflyatsiyani jilovlash uchun AQSh Federal zaxira tizimi tomonidan kredit foiz stavkalarining oshirilishi osmono‘par binolar kabi milliardlab dollarlik mablag‘ talab qiladigan ulkan loyihalarni kreditlashni keskin qimmatlashtirib yubordi. Investorlar katta tavakkalchilikka borishni xohlamayapti. AQShning ko‘plab yirik shaharlarida (masalan, Nyu-York, Chikago, Los-Anjeles) qatʼiy shaharsozlik qoidalari (zoning laws) va tarixiy merosni asrash cheklovlari mavjud. Er uchastkalarini sotib olish va ularga yuqori balandlik uchun ruxsat olish byurokratik va haddan tashqari qimmat jarayon hisoblanadi. Bundan tashqari, Xitoy va Osiyo davlatlaridan farq o‘laroq, AQSh shaharlari vertikal emas, ko‘proq gorizontal ravishda (atrofdagi hududlarni egallash hisobiga) kengaygan. Ko‘pchilik amerikaliklar ko‘p qavatli uylardan ko‘ra alohida hovlilarda yashashni afzal ko‘radi. AQShda yangi osmono‘par binolar faqatgina maʼlum bir markaziy biznes rayonlari uchun dolzarb xolos. Shu sababli odatiy Amerika shaharlarida markazda bir nechta baland binolar qad ko‘taradi, uning atrofi esa kichik binolar yoki hovlilar bilan o‘ralgan bo‘ladi.



Dunyoning eng rivojlangan qismlaridan bo‘lmish Evropa bu borada unchalik ham maqtana olmaydi. Chunki Evropaning ko‘plab qadimiy shaharlarida (masalan, Parij, Rim, Vena, Praga) tarixiy markazlarning qiyofasini saqlab qolish qonun bilan qatʼiy himoya qilinadi. Shu sababli osmono‘par binolarni markazga qurishga deyarli ruxsat berilmaydi. Yangi baland binolar asosan shaharlarning chekka yoki maxsus ajratilgan biznes tumanlariga (masalan, Parijdagi La Défense yoki Londondagi City of London va Canary Wharf) joylashtiriladi.



Evropada osmono‘par binolar boshqa mintaqalarga nisbatan kamroq va ular asosan bir nechta yirik markazlarda kontsentratsiyalashgan. Moskva Evropada 150 metrdan baland binolar soni bo‘yicha yaqqol peshqadam (130 tadan ortiq). Qitʼadagi eng baland binolarning katta qismi (shu jumladan, Sankt-Peterburgdagi 462 metrlik Laxta-tsentr va Moskva-Siti minoralari) shu mintaqaga to‘g‘ri keladi. Turkiyaning Istanbul shahri qitʼa va mintaqa kesimida binolar soni ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi (50 tadan ortiq). London esa Evropa Ittifoqidan tashqaridagi G‘arbiy Evropaning eng yirik moliya markazi bo‘lib, u erda soni 40 tadan ortiq baland binolar bor (eng mashhuri — The Shard), 310 metr.



Baland binolar qurish bo‘yicha etakchi hududlardan biri boy arab davlatlaridir. Kichik hududga qaramay BAAning o‘zi bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda kamida 4-o‘rinda turadi. Mamlakatda naq 350 ga yaqin osmono‘par binolar bor. Bunda Dubay shahri alohida o‘rin tutadi. Dubay shunisi bilan ajralib turadiki, bu erda yangi osmono‘par binolar va loyihalar hech qachon to‘xtamaydi. Shahar maʼmuriyati va xususiy investorlar doimiy ravishda yangi rekordlarni o‘rnatishga intilishadi. Masalan, sunʼiy orollar (Palm Jumeirah va boshqalar) atrofida ham ulkan majmualar qad ko‘tarmoqda. Hukumat chet ellik investorlarga ko‘chmas mulk sotib olish va biznes yuritish uchun juda qulay soliq va huquqiy sharoitlarni yaratgan. Dubay o‘zini dunyoning turistik va biznes markazi sifatida ko‘rsatish uchun eng noyob va baland binolarni qurishni brend sifatida tanlagan. Cho‘l hududida joylashganiga qaramay, Dubay kengayish va yuqoriga o‘sish uchun cheksiz imkoniyatlarga ega. Xitoy miqdor jihatidan birinchi o‘rinda tursa-da, Dubay va BAA dizaynning o‘ziga xosligi, hashamati va rekord darajadagi baland binolarning zichligi bo‘yicha global miqyosda yaqqol etakchilardan biri sanaladi.



Markaziy Osiyodagi eng baland bino — Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida joylashgan “Abu Dhabi Plaza” (Abu-Dabi Plaza) ko‘p funktsiyali majmuasidir. ​Bu majmuaning eng baland minorasining balandligi 311 metrni tashkil etadi va u 75 qavatdan iborat. Bino 2022 yilda foydalanishga topshirilgan va mintaqadagi ilk super-baland osmono‘par bino hisoblanadi.



Taʼkidlash kerakki, O‘zbekiston osmono‘par binolar bo‘yicha jahon etakchilari qatorida emas. Ammo so‘nggi yillarda mamlakatda bu borada sezilarli siljishlar kuzatilmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda osmono‘par bino nomiga Nest One majmuasi daʼvogarlik qiladi oladi, u O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi ikkinchi o‘rindagi baland bino hisoblanadi. Uning balandligi 266,5 metr bo‘lib, 51 qavatdan iborat. Shuningdek, kelajakdagi ulkan shaharsozlik loyihasi — Yangi Toshkent qurilishi doirasida ham zamonaviy biznes markazlari, ko‘p qavatli va baland binolar qad ko‘tarishi rejalashtirilgan.



Abror Zohidov



Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs