Sayt test rejimida ishlamoqda
    Valyuta UZS
  • USD

    12 900.00-20.16

  • EUR

    14 595.06-86.12

  • RUB

    157.32-1.29

+30C

+30C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+30c

  • Hozir

    +30 C

  • 17:00

    +30 C

  • 18:00

    +29 C

  • 19:00

    +27 C

  • 20:00

    +25 C

  • 21:00

    +23 C

  • 22:00

    +22 C

  • 23:00

    +20 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Juma, 02-May

+30C

  • Hozir

    +30 C

  • 17:00

    +30 C

  • 18:00

    +29 C

  • 19:00

    +27 C

  • 20:00

    +25 C

  • 21:00

    +23 C

  • 22:00

    +22 C

  • 23:00

    +20 C

  • Juma, 02

    +30 +20

  • Shanba, 03

    +33 +20

  • Yakshanba, 04

    +34 +20

  • Dushanba, 05

    +35 +20

  • Seshanba, 06

    +36 +20

  • Chorshanba, 07

    +37 +20

  • Payshanba, 08

    +38 +20

  • Juma, 09

    +27 +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax

Pekindek katta shaharda “tirik qolib” o'qiyotgan o'zbek talabasining hikoyasi

“Xorijdagi  vatandosh” loyihamizning bu galgi suhbatdoshi Fayoz Ahmedov. Endigina 23 yoshga qadam qo'ydi va u yosh bo'lishiga qaramasdan bir necha yillardan beri Xitoydagi nufuzli  universitetda tahsil oladi. U yerdagi sarguzashtga boy qiziqarli hayoti va qiyinchiliklari haqida suhbatdoshning o'zi hikoya qilib beradi.
Madaniyat va ma'rifat
972 11:51 | 29.11.2024 11:51

Xitoyga qanday borib qolganim haqida hikoya


Ismim Fayoz, yaqinda 23 yoshga kirdim. Asli Navoiy viloyatidanman. Toshkentdagi Sharqshunoslik universiteti taqdirimni o'zgartirib yuborgan. Toshkentga umrida kelmagan oddiy qishloq yigitining ko'ngliga bu universitet qanday kelib qoldi, to'g'risi o'zim ham hayronman!


Esimda, bu o'qishni tanlashimga tanish akaning tavsiyasi sabab bo'lgandi. O'shanda erishib bo'lmaydigan orzudek tuyulgan bu maskan menga. Eng yuqori o'rinlarda grant asosida o'qishga qabul qilindim, bir muddat gangib qoldim, ishonmadim, tush ko'ryapman deb o'ylagandim. U paytdagi hayajon, taassurotlar, eh-he so'z bilan ta'riflab berolmayman.


Lekin hozir bu haqida gapirmoqchi emasman. Xitoyga qanday qilib kelib qolganim haqida so'zlab beraman.


Sharqshunoslikka kirishimdan asosiy maqsad chet elga ketish bo'lgan. Xitoy tilida grantlar ko'p bo'lishi va yurtimizda bu tilning nufuzi yaqin o'n yilda anchagina oshishi kutilayotganligi sabab aynan Xitoy tili fakul'tetini tanlagandim. Ishonsangiz, birinchi kursda Xitoy tili haqida umuman tushunchaga ega bo'lmaganman. Xuddi adashib yanglish yerga kirib qolganday his qilardim o'zimni. Muammo mendami desam, boshqa kursdoshlarimda ham shu ahvol. Keyin bir ustozdan ikkinchi va uchinchi kursda Xitoyda bir yil amaliyotga borish imkonini beruvchi stipendiyaga tanlov bo'lishini eshitdim-u, hayotimda yo'lchi yulduz paydo bo'ldi. Endigi maqsad uni yutish edi. Jon-jahdim bilan harakat qilishga kirishdim, darslar ham sekin-asta kuchayib, qiziqarliroq tuyulib boshlayotgandi, lekin to'satdan birinchi kursning oxirlarida koronavirus tarqaldi, uning o'chog'i Xitoy bo'lgani uchun butun boshli davlat chegaralari chet el uchun yopildi.


Ana endi ko'ring depressiyani! O'zi stressda yuribmiz, kamiga men kurs sardori. O'zim tushkun ahvolda boshqalarga ham motivatsiya berishim kerak edi, lekin qanday qilib?!


Ko'pgina kursdoshlarimiz Xitoy kamida 4-5 yildayam ochilmaydi, ochilsayam yaqin 10 yilda o'zini tiklab ololmaydi, men boshqa, masalan ingliz tilini o'rganib, magistraturani Yevropada o'qiyman deyishdi.


Xitoy tili darslari ham bir maromda ketmasdi. Bir semestrning yarmini online, yarmini offline o'qigan paytlarimiz ham bo'lgandi. Uyam o'ziga yarasha, chala-chulpa.


Ikkinchi kursmiz. Fevral oylarida o'sha grant uchun tanlov o'tkazildi. Hali til bilish u yoqda tursin, xitoy tili nimaligini to'liq tushunib ulgurmagan biz Xitoy tarixchilarining birontasiga (kamina ham shu safda) grant chiqmadi.


Hammamiz juda xafa bo'lganmiz. Keyin bilsak, o'sha yili grant yutganlarning hammasi Xitoyga bormasdan O'zbekistonda turgan holda online o'qishi kerak bo'lgan ekan. Davlat yopiqku.


Yana bir jihati, bu grantni ketma-ket ikki marta olish imkonsiz. Shuning uchun endi o'ylab qarasam, o'shanda grant yutolmaganimizda ham ancha hikmat bo'lgan ekan...


Va nihoyat, uchinchi kursda o'tkazilgan tanlovda ushbu grantni yutib, Xitoyda malaka oshirish imkonini qo'lga kiritdik! Endi yagona masala, Xitoy haliyam yopiq, davlat qachon ochilishi esa noma'lum edi.


2022 yil sentyabr. Odatdagiday o'qish boshlandi. Biz haliyam qaerga borishni, qanday qilib Xitoyga ketishni bilmay yuribmiz, ham Xitoydagi universitetda onlayn darsda o'tiramiz, kamiga oflayn Sharqshunoslikka ham boramiz. Toza arosatda qolib ketgandik.


Kelishuv bo'yicha, Xitoy hukumati grant yutgan talabalarning Xitoydagi barcha xarajatlarini qoplaydi, yotoqxona bilan ta'minlaydi. O'zbekiston tomon esa talabalarga borib-kelish aviabiletlarini olib berishi kerak edi.


Bizda Xitoyga ketish uchun hamma hujjatlar tayyor, grandlar yutilgan, Xitoydagi universitetlarimiz jon deb kutishmoqda, amallab Pekinga borib olsak bo'lgani, ammo biletlar qimmat edi. Xitoy yopiq, endi-endi chegaralar ochilib, oyda bir-ikki marta charter reyslar qo'yilayotgan paytlar. Yana bir “syurpriz” esa, Toshkentdan Pekinga to'g'ridan to'g'ri reys umuman yo'qligi, boriyam bekor qilingani edi.


Shu zaylda Xitoyga ketmoqchi bo'lgan, yuragida o'ti bor to'rt-besh talaba birlashib, har kuni universitetimiz xalqaro bo'limidagi mas'ullardan tayinli javob olish uchun kun bo'yi sarg'ayib o'tirardik. Grand yutgan ba'zi “safdoshlarimiz” nima qilasizlar o'qituvchilar bilan yaxshi-yomon bo'lib, iloji bo'lsa, allaqachon jo'natishardi. Mayli, hademay yana onlayn ta'limga qaytarkanmiz, mazza, deb o'zi yo'q motivatsiyamizni battar o'ldirishga harakat qilishardi.


Tomonlar kelishuviga ko'ra, Oliy ta'lim vazirligimiz talabalarga chipta olib berishga mas'ul ekan. Buni eshitishimiz bilan haligi to'rt-besh talaba manzilni universitetdan vazirlikka o'zgartirdik.


Agar bizni o'qishdan haydashsa, o'shanda “Yoshlar ovozi” gazetasida mas'ul kotib bo'lib ishlaydigan akamga kameralaringizni tayyor qilib, boshlig'ingizdan ruxsat olib turing, biz bilan intervyu qilasiz, surishtiruv o'tkazasiz deb tayinlab ham qo'ygandim.


Xullas, vazir chet el safarida deyishlariga qaramasdan har kuni kechgacha vazirlikda o'tiradigan bo'ldik. O'shanda hatto rektorimiz nomiga ochiq xatmi, shikoyatnoma deyiladimi bilmayman, shuni yozib, prorektorimizdan rosa gap ham eshitgandim.


OTM vaziyatni o'rganib, bizga uzil-kesil bilet olib bermasligini ma'lum qilishdi. Sababi, birinchidan, qarorda vazirlik Toshkent-Pekin yo'nalishidagi biletni olib berish uchun kelishgan, bu qatnov esa to'xtatilgan, Xitoyga faqat Toshkent-Xian reysi qatnab, u ham aniq tartiblashtirilmagan, qachon ma'lum yo'lovchi yig'ilsa, samolyot uchayotgan edi.


Ikkinchidan, o'sha paytda Xitoyga uchish kamida 1500-2000$ ga ko'tarilib ketgani uchun vazirlik byudjetida buncha talabaga olib beradigan darajada mablag' yo'qligi aytildi.


Xullas, biz ham oxirigacha bordik, to'xtamadik, talab qilaverdik. Xitoydagi o'qishimizga bormasak, bizga onlayn dars o'tmasligini, grandimizni kuydirishlarini aytib vazirlik eshigini qoqishdan to'xtamadik.


OTM dagilar oxiri murosaga kelishga rozi bo'lishdi. O'shanda “charter reys” biletlarini sotib olaman deb ko'pchilik aldanib qolayotgani, firibgarlar urchigani uchun mas'ullar bilet sotuvchilar bilan muhokama o'tkazadigan bo'ldi.


O'shanda biletlar bir xitoylik tomonidan sotilardi. Vazirlikdagilar u bilan uchrashishdi, bilet bo'yicha murosaga kelindi. O'shanda ham haligi yuragida o'ti bor 4-5 talabalardan biri o'rtada tarjimonlik qilib turgandi. Boshqa “grandchilar”dan darak yo'q.


Va nihoyat bir nechta shartlarga rozi bo'lsak, bilet olib beriladigan bo'ldi:


• Vazirlik Toshkent-Xian yo'nalishi bo'yicha bilet olib beradi, o'qishimizgacha ketadigan jamiiki xarajatlarni bo'ynimizga oldik;


• Vazirlik faqat bir tomonlama borish biletimizni olib beradi. Qaytish biletimizni ko'tarmaydi. Bu hayotim davomida qilgan eng katta tavakkal edi, xuddi tirik qolish umidida koronavirus qaynab turgan jarga o'zimizni otgandik go'yo...


Kvotaga muvofiq, grant yutgan 40 talabadan 16 nafari shartlarni qabul qilib, tavakkalchilikka rozi bo'lgandi. Vaqt esa shunchalik tig'iz ediki, biz o'sha kuni kechga tomon vazirlikdan uyga qaytgan bo'lsak, ertasi kuni tonggi soat 7 da Xitoyga uchib ketgandik. Har bir biletimiz 26 million so'mdan tushgandi o'shanda.


Ketdik, xursandmiz, lekin haqiqiy “sarguzasht”lar endi boshlanayotgan edi.


Xitoyda karantinda o'tirgan kunlarimiz…


Xitoyga 21:00 larda yetib bordik. Xuddi jinoyatchilarni olib yurishganday samolyotdan to avtobusgacha “qizil yo'lak”, bilsam u xavfli hudud chizig'i ekan. Atrof to'la boshdan oyoq oppoq kiyingan shifokorlar, politsiya va tarjimonlar (Hamma bir xil o'ranganiga kim qaysi kasbdaligini aniqlash ham qiyin edi). Rasmiyatchilik ishlari tugaguncha naq 2 soat qolib ketdik.


Tugadi. Avtobusga o'tirib, mehmonxonaga ketsak bo'ldi. Xayolimizda besh daqiqada manzilga yetib, ertaroq dam olamiz, mazza qilib uxlayman deb o'ylagandik. Avtobus naq bir soat deganda mehmonxonaga olib bordi.


Telefonlar quvvati tugagan. Ayrimlar uydagilari bilan bog'lanib, yaxshi yetib kelganini aytishga ulgurgan, ayrimlar esa xavotirdagi ota-onasi bilan aloqa o'rnatish chorasini qidirayotgan edi.


Maskalarda, ko'zidan boshqa joyi ko'rinmaydigan oq formadagi xitoyliklar boshdan oyoq olmani dorilaganday qandaydir suyuqlik purkab, dizenfektsiya qilishardi.


Keyin burundan, tomoqdan har-xil testlar olishdi. Jarayon ancha uzoq cho'zildi. Nihoyat, mehmonxonaga ro'yxatdan o'tkazib, to'lov qilishimizni aytishdi.


Yaxshiyam Toshkentda 200 dollarni yuanga almashtirib kelgan ekanman. Aks holda bilmadim, holim nima kechardi... (Xitoy mehmonxonalarida dollarni, umuman hech qanday chet el valyutasi olinmaydi, konvertatsiya ham qilinmaydi. Faqat yuan!)


Xullas joylashib telefonlarni zaryadlab, uyga telefon qilaman desam, “WeСhat” dasturidan boshqa bironta ilovani ishlatib bo'lmayapti. Kelayotganimda akalarning tavsiyasi bilan bir nechta “VPN” yuklab olgandim. Ish beradimi desam, uniyan hech qaysisi ishlamasa deng.


Ma'lumot uchun, xitoyliklar fuqarolarining ma'lumotlari xavfsizligi uchun deyarli hamma programmaning alternativini ishlab chiqishgan. Playmarket, instagram, yutub, telegram, hatto gugl ham ishlamaydi bu yerda, o'rniga o'zlarining maxsus dasturlari bor!


“WeСhat”imda kimning raqami ko'rinsa, aloqaga chiqib, akamning, dadamning raqamini berdim, xavotir olmasliklarini tayinladim, tez orada o'zi aloqaga chiqarkan deb yetkazishini iltimos qildim.


Shunday qilib, koronavirus o'chog'i bo'lmish Xitoyi azimda karantindagi hayotimiz boshlandi. Bizni mehmonxonaga qamab qo'yishdi, xona eshigidan bir qadam nariga chiqolmaymiz. Hatto qo'shni xona bilan ham telefon orqali bog'lanardik.


Bu mehmonxonada yetti kun turdik va karantindan chiqib, hamma sekin-asta o'qishga kirgan shaharlariga jo'nay boshladi. Faqat Pekinga ketadigan 3 nafar talabadan tashqari, ular safida yana men ham bor edim.


Biz boshqa mehmonxonaga ko'chib, qo'shimcha 3 kun kuchaytirilgan karantinda turishimiz kerak ekan. O'sha paytdagi Xitoy qonunlariga ko'ra, poytaxtga kirmoqchi bo'lgan odam 10 kun karantinda saqlanishi va sog'ligida hech qanday salbiy alomatlar kuzatilmasagina Pekinga kirishi mumkin bo'lgan.


Shu tariqa yana 3 kun Xianda qolib, keyin Pekinga otlandik. Haliyam nazoratdamiz, har taraf oq kiyimli kishilar. Pekinga yetib borishimiz bilan universitetimizdagilar bizga taksi va xushmuomala xodimlarni jo'natib, chiroyli kutib olishdi. Kaftlarida ko'targanday alqab-ardoqlab universitetga olib borishdi-da, yana karantinga tiqib qo'yishdi.


Biz yana 2 hafta karantinda ushlanib, undan so'ng universitet hududiga chiqishimiz mumkin edi. Xona eshigidan bir qadam tashqariga chiqish ham man etilgandi. Har kuni o'zlari ovqat keltirishardi, halol degan yozuv bo'lsa ham faqat guruchini yerdim. Omadim kelsa, tashqaridagilarga do'kondan meva yoki chipslar olib keltirib, amallab qorinni aldardim.


Va nihoyat Xitoyga uchib kelganimizdan 24 kun o'tgach bizga “sog'lom insonlar” kabi tashqarida bemalol yurish huquqi berildi. Lekin endi universitet hududidan tashqariga chiqish taqiqlangan edi. Mayli, shuning o'ziga ham qanchalik quvonganimni ta'riflab berolmayman!



Xitoy tili eng qiyinmas, eng qiziq til


Xitoy tili dunyodagi eng qiyin til bo'lishiga qaramasdan juda qiziqarli, o'rganilishi oson til hisoblanadi. Xitoy tiliga qiziqishimga Xitoyning so'nggi yillarda o'sib borayotgan iqtisodiyoti, xitoy tilida so'zlashuvchilar imkoniyatlarning ko'pligi sabab bolgan.


Xitoyda ta'lim olishning yaxshi tomonlari ko'p. Ayniqsa, siz xitoy tilini yoki biror mutaxassislikni xitoy tilida o'rganmoqchi bo'lsangiz Xitoyga kelib o'rganganingiz yaxshi. Baribir bu yerda beradigan muhitni boshqa hech qaysi joy berolmaydi.


Qolaversa, Xitoy tilining menga haligacha qiyin bo'lgan jihatlari bor. Masalan tonlari. Xitoy tilining asosiy o'zaklaridan biri bu xitoy tilini tonlari hisoblanadi. Yani bitta so'zni qanaqa aytishingizga qarab to'rt xil ma'no hosil qilsa bo'ladi. Bizning ona tilimizda bu narsa bo'lmagani uchun shu joyida qiynalaman.


Xitoyga grant yutish


Grant haqida esa qiyinchilik yo'q deb hisoblayman. Bu lotoreyaga o'xshagan narsa desak bo'ladi. Agar sizda sertifikat bali yuqori bo'lsa va to'g'ri universitet tanlay olsangiz, sizni grant yutish darajangiz 70-80% deb bemalol ayta olaman. O'zim grant topshirganda ikkita full grant chiqqanida bunga amin bo'lganman.


Pekindek katta shaharda “tirik qolish”


Xitoy yoqadimi? Ha! Xitoyning yoqqan tomonlari bu yerda yashash oson. Hayot qiziqroq. Sayohat qilish qulay. Dunyodagi eng xavfsiz mamlakat. Odamlari punktual. Yoqmagan tomonlari birinchi navbatda ovqatlari. Keyin muloqot chegaralari deb o'ylayman. Ba'zida zerikib ketganimdan xitoy tilida umuman gapirgim kelmaydi. Yana bir tomoni O'zbekistonga qaraganda yashash qimmatroq. Biz talaba bo'lganimiz uchun unchalik bilinmaydi. Uy ijarasi, mashina, taksi, oziq-ovqat xarajatlari rivojlangan shaharlarida bizga qaraganda ancha qimmatroq.


Xitoydan o'rganadiganlarimiz…


Tartib-intizom. O'zim shaxsan qoyil qolganman. Oddiy maktab o'quvchisidan tortib, katta-katta zavod va kompaniyalarni xodimlarigacha berilgan topshiriqni o'z vaqtida aytilganiday qilib bajarishadi.


Xitoyliklarni bizga o'xshaydigan va o'xshamaydigan tomonlari juda ko'p. Masalan ular ham xuddi bizdek juda mehmondo'st xalq. Kimgadir yordam berishdan hech qachon o'zini ayamaydigan xalq. Bir marta kechasi yo'lda telefonim quvvati tugab, yo'lovchilardan o'qishimga qanday borishimni, imkoni bo'lsa telefoni xaritasidan manzilni ko'rib olishimni so'raganimda hech ikkilanmay telefoni xaritasini yoqib berib, yana bemalol o'zim bilan olib ketib, ertasiga qaytarib olib kelishim mumkinligini aytgandi. O'xshamaydigan odatlariga keladigan bo'lsak, qariyalari juda harakatchan. Shunin uchun ham menimcha ko'p yashashadi. Har kuni ertalab bog'larda badantarbiya qilib yurgan chol kampirlarni ko'rish bu yerda odatiy hol.


Xitoyda ta'lim sifatlimi?


Ta'lim tizimidagi asosiy farq bu yerda o'qish birinchi o'rinda. Xitoydagi barcha ta'lim maskanlarida o'quvchilar o'qituvchini o'z otasini hurmat qilgandek e'zozlaydi. O'qituvchiga gap qaytarilmaydi. Vazifalar o'z vaqtida tayyorlanadi. Raqobat ancha kuchli. O'z navbatida kamchiliklar ham bor deb o'ylayman. Ko'p ota-onalar maktab ta'limidan ko'ngli to'lmay qo'shimcha repititorlarga beradi. O'quvchilar orasida ta'limdan ko'ngli qolib ketish yoki semirish ko'z nurining zaiflashish holatlari ko'p uchraydi.


Xitoyda tilni bilmagan xorijliklar


Bu yerdagi vatandoshlar agar xitoy tilini bilishsa deyarli hech narsadan qiynalmay ishlaydi. Faqat taom va yurt sog'inchi qiynaydi. Xitoy tilini bilmagan odamga bu yerda yashash ancha qiyin. Bu yerda hamma narsa internetlashtirilgan va hammasi xitoy tilida. Hatto ingliz tili ommalashmagan. O'qish, ovqat buyurtma qilish, taksi chaqirish, jamoat transportidan foydalanish, hatto hojatxona qog'ozini olish ham telefon orqali ya'ni QR code orqali amalga oshadi.


So'nggi yillarda ta'lim va biznes uchun keladigan o'zbeklar soni ko'payib qoldi.


Xitoy qimmat shahar!


To'g'ri, ayniqsa Pekin yashash uchun qimmat shahar. O'zbekiston bilan solishtirganda ancha farq qiladi. Biz full grant yutib kelganimiz uchun umuman pul sarflamaymiz. 3000 yuan (400 $) stipendiya olamiz. O'qishni ichidagi oshxonadan ovqatlansak, bir oyga bemalol yetadi. Lekin u pulga tashqaridan kvartira ijaraga olib bo'lmaydi. Bundan tashqari shanghai guangzhou chongqing kabi shaharlari ham shunaqa qimmat. Lekin xitoyda ham arzon shaharlar bisyor. Aholini daromadidan kelib chiqib oladigan bo'lsak, arzon shaharlari ham bor.


Xitoy tadbirkorlar uchun


Tadbirkorlik uchun yaxshi shahar. Butun dunyodagi mahsulotlarning 60-70 foizi Xitoyda ishlab chiqariladi.


Ishchi viza olish qiyinmi?


Xitoyda ishlash uchun ishchi viza kerak bo'ladi. U vizani siz faqat Xitoydagi kompaniya yoki zavod taklif xati bilan olsangiz bo'ladi.


Xitoyda ishchi viza bo'lmasa ishlash ta'qiqlangan. Politsiya aniqlasa katta jarima solishi yoki deport qilishi mumkin. Lekin xitoy tilini bilmasdan ingliz tilida dars berib yurganlarni ham topish mumkin. Eplagan odamga bular muammo emas.


Xitoy tilini bilish samarali (mi)?


Hozir xitoy tilini bilgan odam uchun imkoniyatlar Xitoyni o'zida ham O'zbekistonda ham, boshqa chet davlatida (masalan ingliz xitoy tilini mukammal bilsa singapurda) ish topish qiyin emas. Hozir men bilan birga o'qigan tanishlarim yaxshigina oylik maoshga ishlashyapti. Lekin hamma sohada bo'lgani kabi bu tilni ham mukammal o'rganish kerak. Ba'zilar 4-5 yil umrini sarflab til o'rganolmay juda arzon pulga xitoylarni ham haydovchiligini ham hisobchiligini ham tarjimonligini qiladi. Ustozlarimiz agar bu tilda qobiliyat bo'lmasa ertaroq boshqa sohada o'zini sinab ko'rish kerak deb ko'p aytardi.


Xitoydagi tarjimonlik faoliyatim


O'zbekistondan yurtdoshlarimiz ish bilan kelishsa va men tarjimonlik qilsam xursand bo'laman. Ham vatandoshlar bilan maza qilib o'zbekcha suhbatlashaman va yaqindan tanishaman. Va bu ish tekinga emas, yaxshigina haq evaziga qilinadi.


Rasmiy tarzda o'tgan tarjimonligim haqida aytib bermoqchiman. Shu yilning boshlanishi. Adashmasam 18 yanvar' edi. 24 yanvar'da Prezident Shavkat Mirziyoevning Xitoyga tashrifi kutilayotgandi. Shu munosabat bilan o'n ikkita viloyatdan Xitoy provinsiyalariga delegatsiyalar kelib, u yerdagi shahar hokimlar, tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o'tkazishgandi.


Biznes forumlar tashkil etilgan, ikki o'rtada muhim shartnomalar imzolangandi. Kamina Farg'ona viloyati delegatsiyasi tarkibidagi tadbirkorga tarjimonlik qilganman.


Tarjimonlik mazza, obro'li insonlar,muhim shaxslar hashamatli hayot, sayohatlar... lekin tanganing ikkinchi tomoni haqida ham aytmasam bo'lmaydi. Demak, tarjimonlar uchun TOP tavsiyalarimni berib o'tsam.


Maslahatim asosan Xitoyda yashayotgan tarjimonlar uchun, boshqa joylarda to'g'ri kelmasligi mumkin, men o'z tajribalarimdan kelib chiqib real keyslarni bo'lishyapman, xulosa o'zingizdan!


• Kelayotgan mehmonlar sizga hamma narsani to'liq ishonib kelishadi. Aeroportdan kutib olish, arzon va qulay transport topish, yaxshi mehmonxonaga joylashtirish, halol yemakxonalarga olib borish... hammasi sizning bo'yningizda bo'ladi. Men odatda shunday kelishaman va ishimga yarasha haq olaman.


• Yuqoridagi narsalarni kamida 4-5 kun oldin hal qilib, mehmonxonalarni bron qilib qo'yaman. Ularning rejasiga qarab o'zingiz uchun yo'l xaritasi tuzib olasiz. Сhunki mehmonlar tilni, shaharni bilmaydi, Xitoydan qanday taassurotlar bilan qaytishining 99.9%i siz ko'rsatgan xizmatga bog'liq!


• Bir kuni Xitoyning ancha chekka hududiga bir zavod bilan muzokara o'tkazish uchun ketdik. U yoqda umuman musulmon odam yoki oshxona topish imkonsiz. Bir-ikkita halol deb yozilgan yemakxonalar bo'lgan, lekin baribir ovqatlanmaganmiz, ishonmaganmiz umuman.


Bu jihatlarga ham tayyor turing, chunki Xitoyda eng birinchi e'tibor qilishingiz kerak bo'lgan jihatlardan biri halol ovqatlan(tir)ish!


O'shanda 2 kun umuman tayinli ovqatlanmaganmiz, “Starbucks”dan olingan shirinliklarga tushlik, do'kondan olgan non, pechene/kekslarimizga kechki ovqat yegandik...


• Yana bir holat. O'rtog'im tarjimonlikka chiqdi, Xitoy tomon ishni vaqtida bitirib, buyurtmani tayyorlab berisha olmagan. Hamyurtlarimiz esa kelib, buni talab qilishayotgan edi. O'qish payti. Haligi bola ularning ishi bilan 2 haftacha yurgandi, darslardan qolib ketib, sog'ligimda muammo bo'lib qoldi deb ustozlarga ancha bahonalar to'qigan. Ishni bitirmasa bo'lmaydi, boshqa tarjimon chaqirish to'g'ri kelmaydi, chunki u bola ishni olgandi, boshqa odam chaqirib, vaziyatni yana bir boshdan tushuntirib o'tirmaydi hech kim. Bunday holatlar ham uchrab turadi, tayyor turavering...


Yaqinda tarjimonlik ishi bilan balandligi bo'yicha dunyoda 3-o'rinda turuvchi (632 metr) Shanghai tower”ga chiqdik. Naq 118-qavatga bo'ldik. Yerdan 546 metr balandlikda. Eng qizig'i, bu masofani 1 daqiqaga ham qolmasdan bosib o'tasiz. Yuqoridan ko'rinadigan shahar manzarasini esa ta'riflashga ojizman.



Xitoydagi ovqatlar alohida mavzu


Universitetdagi taomlar haqida gapirib bermoqchiman. Ovqatlari hamyonbop, shirin, halol-xarom taomlar, go'sht, lag'mon, guruch, meva-cheva, suv, sharbatdan tortib, muzqaymoqqacha bor. Bir ovqatlanishim o'zimizning pulda 15-20 ming so'mga to'g'ri keladi. Bu ko'chadagi narx-navodan 2-3 baravar arzon degani.


Xitoyda ishchilarning huquq va majburiyatlari


Xitoyda mehnat qonunlari ancha qattiq tartiblarga asoslangan. Hech qaysi xodim belgilangan vaqtdan ortiqcha ushlab turilishga majbur emas. Hatto ba'zi zavodlarga katta -katta shartnomalarni imzolash uchun borgan paytlarimizda ham dam olish kuni bo'lgani uchun bir kun kutib qolganmiz. Ular uchun shartnomani qanchalik kattaligi, sizni shuncha uzoqdan kelganingiz ahamiyatga ega emas. O'qituvchilarda ham shunday. Agar qo'shimcha soat ishlasa, qo'shimcha haq oladi.


Xitoyda qanday mashinalar urfda?


Xitoyning elektromobillari yurtimiz bozorida yaxshi sotilmoqda. Pekinda yashaganimiz uchunmi bu yerda Jetour, dongfeng, cherry modellarini uchratmaganman. Bular ham bizga o'xshab chet el mashinalari, BMW, Mercedes benz, Wolkswagen, Toyota mashinalariga xaridorgir, lekin BYD hongqi,lixiang haqiqatdan xitoyda ham urfda.


Kelajakda…


Xitoyda biznes va kompaniya ochishni niyat qilganman. Qolaversa, o'zbek oshxonasi ochish rejasi ham yo'q emas. Zero Xitoyga kelgan o'zbeklar ovqatlarga qiynalishmasin. Sababi bu erda ovqat masalasi hamma o'zbekni nozik joyi bo'lsa kerak. Xitoyda ham mazali ovqatlari ko'p. O'zimga hotpot, malatang kabilar yoqadi. Bundan tashqari uyg'ur, dungan oshxonalarida ham halol ovqatlarni topish mumkin. Lekin baribir o'zimizni manti, osh, qaynatma sho'rva, shashlik, somsalarimizga teng kelmaydi.


Feruza Rahimova yozib oldi.


Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat
Madaniyat va ma'rifat