Prezident Mirziyoev Paralimpiya o'yinlari ishtirokchilari va ularning ota-onalari bilan uchrashuv o'tkazyapti
Ko'ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoev Parijdagi Paralimpiya o'yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv o'tkazmoqda.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoev Parij shahrida bo'lib o'tgan 17-yozgi Paralimpiya o'yinlarida rekord natijalarga erishgan sportchilarni qutlab, ularni o'zi va xalq nomidan samimiy tabrikladi.
“Ushbu xalqaro sport anjumanida dunyoning 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin eng kuchli va mahoratli sportchilar ishtirok etgani uning nufuzi va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.
Shu ma'noda, Paralimpiya o'yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi, desak, to'g'ri bo'ladi.
Siz, azmu shijoatli farzandlarimiz g'oyat keskin bellashuvlarda yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz”, - dedi Prezident.
Shuningdek, O'zbekiston jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o'rinni, Osiyo qit'asida 3-o'rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi bo'yicha 1-o'rinni egallagani ta'kidlandi.
Paralimpiya o'yinlarida bunday rekord natija ilgari hech qachon bo'lmagani qayd etildi.
“Bu – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste'dod va mahoratingiz samarasidir. Bu – yurtimizda inson qadrini amalda ta'minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasidir.
O'z Vatanini jonu dili bilan sevadigan, metin irodali, yuragida o'tibor insonlargina shunday ulug' ishlarga qodir bo'ladi.
Xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi. Katta rahmat sizlarga”, - dedi davlat rahbari.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0