Raqiblarimiz bo‘lgan Kolumbiya va Portugaliya juda kuchli jamoalar–Kannavaro
O‘zbekiston milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va jamoa sardori Eldor Shomurodov ishtirokida rasmiy matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jamoaning ilk Jahon chempionati oldidan tayyorgarligi, ruhiy holati hamda raqiblar haqida fikrlar bildirildi.
Fabio Kannavaro o‘z nutqida bu turnir jamoa uchun tarixiy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi:
— Bu biz uchun ilk Jahon chempionati hisoblanadi. Ertaga barcha muxlislarimiz bizni tomosha qiladi, barcha futbolchilarimiz o‘yinga tayyor.
U shuningdek, himoyachi Husanov haqida to‘xtalib, uni jamoaning muhim o‘yinchilaridan biri sifatida baholadi:— Husanov albatta muhim himoyachilarimizdan biri, u yanada yuqori darajaga chiqish imkoniyatiga ega. Hozirning o‘zida ham yuqori darajada o‘yin ko‘rsatib kelmoqda.
Kannavaro jamoa maqsadi haqida gapirib, o‘zbek futbolchilariga xos xarakter va mentalitetni maydonda namoyon etish muhimligini aytdi:— Biz bu erga o‘z imkoniyatlarimizni, o‘zbeklarning mentalitetini ko‘rsatish uchun kelganmiz. Men o‘z tajribamni futbolchilar bilan bo‘lishishga harakat qilyapman, chunki men ham bir vaqtlar ilk Jahon chempionatida ishtirok etganman.
Raqiblar haqida fikr bildirar ekan, u Kolumbiya va Portugaliya kabi terma jamoalarning yuqori saviyasini alohida qayd etdi:
— Ular juda kuchli jamoalar. Tarkibida yuqori darajali futbolchilar bor. Kolumbiyani chuqur tahlil qildik, ular oxirigacha kurashadi. Biz esa o‘z imkoniyatlarimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Eldor Shomurodov:— Hammaning kayfiyati aʼlo darajada. Ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etyapmiz. Hayajon bor, lekin bosim yo‘q. Barcha futbolchilar o‘yinni intiqlik bilan kutmoqda.
Shomurodov sardor sifatida ushbu turnirda ishtirok etish uning uchun katta sharaf ekanini ham qayd etdi:— Ushbu Jahon chempionatida sardor sifatida qatnashish men uchun katta g‘urur. Ertaga ijobiy natija qayd etishimizga umid qilaman. Xalqimizdan qo‘llab-quvvatlashni so‘rayman.
U shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan akademiyalar va infratuzilmaga katta eʼtibor qaratilayotganini qayd etib, bu mamlakat futbolining rivojlanishiga xizmat qilayotganini aytdi:— Bu O‘zbekiston uchun ilk Jahon chempionati. Men bu tarixiy jarayonning bir qismi ekanimdan xursandman.
So‘zining yakunida Kannavaro murabbiy va futbolchi sifatida Jahon chempionatida ishtirok etish tajribasi farqli ekanini taʼkidladi:
— Futbolchi va murabbiy sifatida tayyorgarlik alohida. Murabbiy sifatida barcha futbolchilar bilan doimiy muloqot qilish kerak. Biz juda qiziq va shiddatli o‘yinlarni kutmoqdamiz. Bu musobaqa — katta tajriba maktabi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0