+23C

+23C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Rossiya jinoyat olami yetakchisi ozodlikka chiqmoqda — “Shakro Molodoy” tarixi

Sovet davlati qulashi arafasida gullab-yashnay boshlagan “ko'cha” har doim qiziq va jumboqli mavzu bo'lgan. 90-yillar tom ma'noda jinoyat olami uchun gullagan davr edi. Joylarda o'nlab uyushgan jinoiy to'dalar taraqqiy etdi. Garchi so'nggi yillarda ko'plab jinoiy avtoritetlarlarning payi qirqilgan bo'lsada, ular butunlay yakson qilinganicha yo'q.
O'zgacha rakurs
1271 07:51 | 22.03.2024 07:51

Bir necha kun avval Rossiya OAVlarida xabar tarqaldi: sud jinoyat doiralarining norasmiy yetakchisi sifatida ko'riladigan “avtoritet” “Shakro Molodoy” — Zaxariy Kalashevni ozod qilish bo'yicha hukm chiqardi.


Krasnodar o'lkasining Ust-Labinskiy tuman sudi 70 yoshli kriminal yetakchini shartli ravishda ozod qilish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirdi. Murojaat ko'rib chiqilgan sud majlisi 2024 yil 13 mart kuni yopiq eshiklar ortida bo'lib o'tdi. Mashhur “qonundagi o'g'ri” qaysi sanada ozodlikka chiqishi hozircha ma'lum emas. Rossiya viloyat sudlarining birlashgan matbuot xizmati rahbari Mariya Pirogovaning so'zlariga ko'ra, ozodlik haqidagi qaror hali qonuniy kuchga kirmagan va shikoyat qilinishi mumkin.


Ayrim manbalarga ko'ra, sud mahkumning sog'lig'i tufayli shartli ravishda ozod qilish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirdi. Kalashovning sog'lig'ida aynan qanday muammolar borligi ochiqlanmadi.


Rossiyaning “bosh o'g'risi”, “jinoyat olami yetakchisi”, “Rossiyadagi eng yirik jinoyatchi”; Kalashov haqidagi maqolalarda OAV ko'pincha shunga o'xshash sarlavhalarni tanlaydi.


Yazidiylarga isnod


“Shakro Molodoy” 1950 yilda Gruziya poytaxti Tbilisida yazidiylar (kurd millati ichidagi guruh) oilasida dunyoga kelgan. Uning bolaligi va o'smirligi haqidagi ma'lumotlar deyarli uchramaydi.


Kalashov SSSR va Rossiyada turli jinoyatlar uchun uch marta sudlangan. Qamoqda bo'lganida, 1971 yilda u ilk bor “qonun o'g'rilari” “tojini kiydi”. Bu tojni unga boshqa bir jinoyatchi Avdo Mirzoev “kiydirgandi”. Shu tariqa Kalashov rasman katta jinoyat olamiga kirib keldi va “Shakro Molodoy” nomini oldi.


1990 yillarda u postsovet olamida taniqli bo'lgan “qonundagi o'g'rilar” Aslan Usoyan (Ded Hasan) va Vyacheslav Ivankov (Yaponchik) bilan tanishgan, Rossiya va Gruziya fuqaroligiga ega bo'lib olgandi. Kalashov va unga bo'ysunuvchi to'da asosan reket, qotillik va pul yuvish kabi jinoyatlar bilan shug'ullanardi.


Dubayda qo'lga tushish


1990 yillar oxirida bir qator suiqasdlardan so'ng u Ispaniyaga ketishga majbur bo'ldi. Bu davlatda u jinoiy to'dalarning bir qator norasmiy uchrashuvlarida qatnashdi. 2005 yilda u yerda Zaxariy Kalashov faoliyati bilan bog'liq “Asp” maxsus operatsiyasi o'tkazildi, uning doirasida bir necha o'nlab “ko'cha” yetakchilari va ularning sheriklari hibsga olindi.


2006 yil may oyida Zaxariy Kalashov Ispaniya politsiyasi tomonidan Dubay chekkasidagi villasida hibsga olindi va Madridga ekstraditsiya qilindi. 2010 yilning 1 iyunida u Madrid sudi tomonidan noqonuniy yo'l bilan olingan mablag'larni yuvish va jinoiy guruh tuzishda ayblanib, yetti yarim yil qamoq va 20 million yevro miqdorida jarimaga tortilgan.


2011 yilda Ispaniya Oliy sudi jazo muddatini to'qqiz yilga oshirdi, jarima miqdori 22,5 million yevroga ko'tarildi.


Shuningdek, 2006 yil oktyabr' oyida Zaxariy Kalashov Gruziyada odam o'g'irlash va noqonuniy qurolli guruhni tashkil qilishda ayblanib, mol-mulki musodara qilinib, 18 yilga sirtdan qamoq jazosiga hukm qilindi.


Gruziya hukumati Ispaniyadan uni jazo muddatini o'tab bo'lgach ekstraditsiya qilishni talab qilgan, biroq 2014 yil 29 oktyabrda ozodlikka chiqqan Zaxariy Kalashov Rossiyaga deportatsiya qilingan. Ispaniya hukumati unga o'n yilga mamlakatga kirishni taqiqlab qo'ydi.


Taxtga chiqish


2009 yilda dastlab Yaponchik, keyinchalik esa Aslan Usoyan suiqasd natijasida o'ldirildi. Mazkur o'limlardan so'ng Kalashov Rossiya jinoyat olamining yetakchisi sifatida ko'rila boshladi.


Huquq-tartibot idoralari vakillarining so'zlariga ko'ra, aynan Kalashov uyushgan jinoiy guruhlar a'zolari o'rtasida noqonuniy ravishda qo'lga kiritilgan mol-mulk va pullarni taqsimlagan.


Tergov, shuningdek, u moskvalik tadbirkorlardan tovlamachilik bilan shug'ullangan uyushgan guruhga a'zo bo'lganini ham aniqladi. 2015 yil dekabr' oyida Rochdelskaya ko'chasidagi “Elements” restorani yonidagi katta otishmada ham uning qo'li borligi ma'lum bo'lgan. Otishma natijasida yetti kishi kasalxonaga yotqizilgan, yana ikki kishi halok bo'lgan. Tergovchilarning fikricha, jinoyatchilar “Elements” restorani egasidan zo'ravonlik va mulkka zarar yetkazish tahdidi ostida sakkiz million rubl' undirgan.


Kalashov, shuningdek, Rossiya Tergov qo'mitasining Moskvadagi Bosh tergov boshqarmasida korruptsiya bo'yicha shov-shuvli jinoiy ish bo'yicha sudlanuvchi edi. 2018 yilda qonun o'g'rining sheriklari Tergov qo'mitasining yuqori martabali xodimlariga, jumladan, general va adliya polkovniklariga Shakroning qo'l ostidagilariga homiylik qilish uchun katta miqdorda pora bergan.


2016 yilning 12 iyulida Zaxariy Kalashov Moskvada 2015 yil dekabrida ikki kishi halok bo'lgan “Moskva” restorani xo'jayinidan pora talab qilganlikda gumonlanib, qo'lga olingan edi. 2018 yil 29 mart kuni Moskvaning Nikulinskiy sudi Zaxariy Kalashov va uning o'nlab sheriklariga hukm chiqardi. Ular ikkita tovlamachilikda aybdor deb topildi. “Shakro Molodoy” sud tomonidan to'qqiz yilu o'n oyni qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi.


Endi nima bo'ladi?


“Shakro Molodoy” ozodlikka chiqqandan keyin nimalar bo'ladi, degan savol ko'pchilikka qiziq. Ushbu savol OAVda ham faol muhokama qilinmoqda.


Masalan, kriminolog, Ural davlat yuridik universiteti dotsenti Danil Sergeev Kalashov koloniyadan ozod etilganidan keyin yana jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida fikr bildirdi. Ekspertning ta'kidlashicha, Rossiya maxsus xizmatlarida ayblovlar uchun asoslar bo'lishi mumkin.


Uning fikricha, Kalashov joriy yilning bahor yoki yozida shartli ravishda ozodlikka chiqishi mumkin. Biroq, katta ehtimol bilan uning ozod etilishi Rossiya jinoyat olamiga unchalik ta'sir ko'rsatmaydi.


“Shakro Molodoy - klassik Kavkaz guruhining vakili. Shakroga o'xshagan o'g'rilar sovet davridan beri bor edi, lekin bugun ularning davri o'tib ketdi”, deydi Sergeev.


Kalashov endi navqiron emas, u 70 yoshda. Bundan tashqari, mutaxassis uning Rossiya jinoyat olamining yetakchisi maqomiga ega bo'lganini ham shubha ostiga olgan. Sergeevning so'zlariga ko'ra, Kalashovning ustunligi hatto o'z klanida ham bahsli. Kriminologning fikricha, “avtoritet” ozodlikka chiqqandan keyin u yana o'z klanining rahbariga aylanadi.


Abror Zohidov


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs