Ro'ziboy bobo ginnesning rekordlar kitobiga kiradimi?
Qashqadaryo viloyatidan Ikkinchi jahon urushida 47 ming 51 nafar, shu jumladan, 95 nafar xotin-qiz qatnashgan. Shundan 22 ming 77 nafari o'z yurtiga sog'-omon qaytgan. Ular safida qamashilik Ro'ziboy Sattorov ham bor.
Otaxon ayni vaqtda 115 yoshda.
– Stalingrad frontida o'qchi bo'lib xizmat qildim, – deya eslaydi u. – Qamalda bo'lib, og'ir damlarni boshdan kechirgan kezlarimiz hamon yodimda. Kunlarning birida qattiq otishmadan so'ng hushimdan ketib qolganman. Ko'zimni ochsam, atrofimda son-sanoqsiz inson murdalari yotibdi. Bundan bir necha daqiqa oldin o'z orzu-niyatlarini so'zlab bergan Nikolayning ko'zi ochiq holda jonsiz yotganini ko'rib, vujudim titrab ketdi.
Ha, urush, o'z nomi bilan urush. U necha minglab begunoh insonlarning yostig'ini quritdi. Kimdir otasidan, yana kimdir akasi, ukasi, yoridan, eng yaqin jigargo'shasidan ajraldi.
Ro'ziboy Sattorov 1945 yili qadrdon qishlog'iga qaytdi. Elu yurt xizmatiga bel bog'ladi. O'z ishiga mas'uliyat bilan yondashish, halol va sidqidildan qilingan mehnatlari sabab hurmat-e'tibor topdi.
– Hayotimdan roziman, – deydi Ro'ziboy ota. – Besh nafar farzandning otasi, ellik sakkiz nafar nabira, qirq ikki nafar chevara, sakkiz nafar evaraning bobosi bo'ldim. Ularning ardog'ini har dam his etib turaman. Qolaversa, davlatimiz e'tiboridamiz. Mana, yaqinda Prezidentimizning urush va mehnat faxriylariga ko'rsatayotgan g'amxo'rligidan ko'nglimiz tog'dek ko'tarildi. Viloyat, tuman hokimliklari, Janubi-g'arbiy harbiy okrug, mudofaa, davlat xavfsizlik, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarlari, joylardagi harbiy qism zobit va askarlari bizdan tez-tez xabar olib turishibdi.
– Hozir viloyatimizda 4 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo'lib, ulardan Shahrisabz tumanilik Sa'dulla Jabborov 105 yoshda, kasbilik Xayrulla Shermatov 101 yoshda, Shahrisabz shahrilik Omon Boboev 100 yoshda, – deydi Qashqadaryo viloyati hokimining faxriylar bo'yicha maslahatchisi Yanvar Inoyatov. – Ularning yoshi eng ulug'i Qamashi tumani, Mang'it qishlog'ida yashovchi Ro'ziboy Sattorov ayni vaqtda 115 yoshni qarshiladi. Biz uzoq umr ko'rib kelayotgan yurtdoshimiz Ro'ziboy Sattorovni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun tavsiyalar berdik.
Zotan, ana shunday ulug', tabarruk insonlar bor ekan, hayotimiz go'zal, yurtimiz farovon bo'laveradi.
Husan Temirov,
jurnalist
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0