O'zbek mayizi jahon bozorining eng sara mahsuloti bo'la oladimi?
Bu yil yozning issiq va quruq kelishi bog'bonlar uchun katta tashvish tug'dirdi. Aksariyat lalmikor hududlardagi tokzorlarda yetarlicha agrotexnik tadbirlar o'tkazilishiga qaramasdan, uzum novdalarida «charchoq» kuzatildi. Bu, o'z navbatida, mamlakatimizning mayiz yetishtirishdagi drayveri bo'lgan samarqandlik bog'bonlarda jiddiy havotir uyg'otdi.
O'zbek mayizi jahon bozorida o'ziga xos mavqega ega. Bundan besh yil muqaddam maqomimiz dunyo bozoriga mayiz eksport qiluvchi to'rtinchi davlat sifatida mustahkamlangandi. Keyingi yillarda JAR va Сhili mamlakatlari bu borada bizdan o'zib ketdi. Biz esa reytingda ancha pastlab ketdik. Buning asosiy sabablaridan biri global iqlim ta'siri deyishimiz mumkin.
− Mayizbop uzum yetishtirishning o'ziga xos sir-asrorlari bor. Birgina tok poyasini ko'mishdek mashaqqatli ishga qo'l uchida yondasha boshlaganimizga ancha bo'ldi, – deydi samarqandlik usta bog'bon Jamoliddin Almanov. – Bizning hudud sharoitida har bir tup tok ustiga kamida 200-300 kilogramm tuproq tortilishi kerak. Ko'mishda qator orasidagi tuproqni kovlab tok ustiga qanchalik qalin tortilsa, ildiz pastga tashlaydi, deyishardi. Сhuqurga to'ldirilgan yaxob suvi natijasida yozning chillasida ham ekin chanqab qolmasdi. Jo'yaklarning balandligi bir metrgacha qalin ko'milardi. Tok tuproqni xush ko'radi. Qolaversa, quruq tuproq uni kasallik tegishidan asraydi. Iqlim o'zgarib ketdi. endi qorli qahraton qishlar yo'q. Shu bois toklar ustiga nomiga tuproq tortish urfga kirgan. Ba'zi joylarda mutlaqo ko'milmaydi ham. Shu sabab hosil ko'p bo'lsa-da, sifatli, mayizbopi kam...
O'zini oqlayotgan ishtixoncha uslub
So'nggi o'n yil ishtixonlik bog'bonlar hayotida chinakamiga tub burilish bo'ldi. Tumanning kam suvli, lalmikor maydonlariga tutash hududda tok o'stirilgan. 22 ta mahalla ahli o'z iqtisodlarini bevosita mayizbop uzum yetishtirish bilan bog'lagan. Ayni chog'da ular tasarrufidagi uch ming gektarga yaqin maydonlarda tok o'stirilib, mahsulot yetishtirilmoqda.
– Mayizbop uzum yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo'jaliklari tasarrufida 14 ming gektar yer bor. Ayni chog'da bu yerlarda 800 nafardan ortiq kishining bandligi ta'minlanyapti, – deydi Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Ishtixon tumani kengashi raisi Matluba Muzrapova. – Qolaversa, uzum terish, tok kesish, ko'mish mavsumlarida minglab mavsumiy ishchilar shartnoma asosida vaqtinchalik yumushlarga jalb etib kelinmoqda. Eng muhimi, fermerlar doimiy va mavsumiy xodimlarga mehnat sharoiti yaratish bilan birgalikda mehnatga haq to'lashda uzilishlarga yo'l qo'ymayapti.
Tumanda o'tgan yili xorijiy davlatlarga 25 million so'mlik sanoat mahsulotlari eksport qilingan bo'lsa, shuning 15 million dollarini mayiz tashkil etgan. Ayni yilda tuman ahli eksport miqdorini 50-60 million dollarga yetkazish harakatida.
– Tok parvarishida ota-bobolarimizdan qolgan uslub – ekinni yer bag'irlatib (tuproqda yoyilib) o'stirish o'zini oqlamay qoldi, – deydi ishtixonlik bog'bon Rustam Tirkashev. − Bog'dorchilikni shpalga (ustun bog'lab ko'tarish)ga asoslangan amaliyot hozirgi iqlim sharoitiga mos kelyapti. Bu usulni qo'llagan mirishkorlar an'anaviy usulda tok parvarishlayotganlardan ikki-uch barobar ko'p hosil olyapti. Uzum sifati ham keskin oshyapti. Yana bir jihati, tokzorga o'rnatiladigan har bir ustun (shpal) qozig'i uchun davlat tomonidan 15 ming so'mdan subsidiya ajratilmoqda. Tok parvarishini ana shu usulga tayangan holda tashkil etsak, mahsulotning jahon bozoridagi mavqei yanada yuksakroq ko'tariladi.
Ishtixonliklarning bu boradagi izlanish, intilishi cheksiz. Ularni quvontirgani hududda M.Mirzaev nomidagi uzumchilikni rivojlantirish ilmiy tekshirish institutining tuman filialiga asos solingani bo'ldi. Endi bog'bonlarga suyanch ham, jo'yali maslakdosh ham shundoq yonlaridan joy oladi. Qolaversa, tumanda joriy yilning o'zida ish boshlagan Xitoy texnologiyasi asosidagi uchta, jami 10 ta mayizni qayta ishlash korxonasi mayiz raqobatbardoshligini oshirishga asos yaratmoqda.
Safga qo'shilayotgan Qo'shrabot
Azaldan Xatirchining Uchqora mayizlariga faqatgina Qo'shrabot mayizlarigina raqobatlasha oladi. Uzumchilikda o'z navini yaratgan donishmand bog'bonlar bu hududda ham yetarli. Ammo iqlim o'zgarishi bir necha yildan buyon qo'shrabotlik bog'bonlarga tashvish tug'dirmoqda. O'tgan yili zang va chirish kasali, bu yil esa issiq bo'ldi. Sal e'tiborsizlik qilganlar toklarini «charchat»di. Usta dehqonlarning aytishicha, havo haroratining o'ta yuqorilab ketgani, tuproqning me'yordan ortiq qizigani tok barglarini so'litgan. Сharchoq ekinga to'rt marotabalab suv qo'yilsa-da, o'zini o'nglolmagan. Ammo omilkorlik qilib, hosilni saqlab qolganlar oz emas.
Ana shunday tadbirkordan biri «Oqtepa garden» fermer xo'jaligi rahbari Bozorboy Xudoyqulov. Uning yutug'i 4 gektar maydondagi tokzorga ustun (shpal) tortganida bo'ldi.
– Shu usul sabab hosildorlik uch-to'rt barobarga ortdi, – deydi dehqon. – Ilgarilari yer bag'irlab o'sgan ekinga ishlov berish, kasalliklarga qarshi dorilash, xomtok qilish, hatto, sug'orishda ham ancha qiyinchiliklar bo'lardi. Oldin bir gektar yerdan 50 million so'm daromad qilgan bo'lsak, toklarni ko'targach, gektaridan 150 million so'mlik hosil olyapmiz.
«Pangat» mahallasida yashovchi Otamurod Qahramonov 2016 yilda kollejni tamomlab, o'z iqtidorini bog'bonchilikda sinab ko'rishga qaror qilgan. Dastlab 20 sotix yerga tok ko'chatini qadadi. Keyinchalik 80 sotix maydonga «Gigant», «Qora kishmish» navli uzum ekdi. Ammo tokzor hadeganda yosh bog'bon kutgan natijani beravermadi. Shunda bog'bon tajribalarga qiziqdi, sohadagi yangiliklarni o'rgandi.
– Kuzatib-kuzatib, tokni ustunga tortish usulini amaliyotga joriy etdik, – deydi bog'bon. – Asosiy maydonlarimiz adirlik bo'lgani uchun tomchilatib sug'orish tizimini ishga tushirdik. Bu uzumlarga bir xil sharoitda oziqlanish imkoniyatini yaratdi, qolaversa, kam suv sarflanyapti. Mazkur usul qator oralariga texnika bilan ishlov berish, sug'orish, o'g'it ta'minoti, zararkunandalardan asrashda juda qo'l keladi. Uzumlar donador, shirali bo'lib, boshlar yaxshi to'lishadi. Tajribadan ko'rinyaptiki, yer bag'irlab o'sgan tokdan ko'ra, ustunga tortish usuli ayni bizbop ekan.
Soha istiqboli qanday?
Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur soha ham tuzilmaviy bosqichga kirdi. Uzumzorlarda yetishtiriladigan mayizning hamda eksportga yo'naltirilgan ushbu mahsulotning 65 foizini ta'minlab berayotgan Samarqandda istiqbolli loyihalar amalga oshirilyapti. Jumladan, Qo'shrabotga ushbu yo'nalishda «bazaviy» tuman maqomi berildi. «Qo'shrabot agro star» MСhJ tashkil etilib, uning zimmasiga Ishtixon, Urgut, qolaversa, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanlari mayiz yetishtiruvchilarining boshini qovushtirish topshirildi.
Endilikda mamlakatdagi mavjud 90 ming gektar mayizbop uzum yetishtiriladigan maydonlarning 32 875 gektarlik hududi ayni shu korxona qamroviga olindi. Shuningdek, Xalq banki va mazkur MСhJ hamkorligida Qo'shrabot tumanida zamonaviy agrosanoat majmuasiga asos solindi. U yerda mayizbop uzum yetishtirish, quritish, laboratoriya sinovlaridan o'tkazish, qayta ishlab qadoqlangan shaklda ichki va tashqi bozorga milliy brend nomi bilan chiqarish kabi jarayonlar amalga oshiriladi. Bu, albatta, o'zbek mayizi dunyo savdo peshtaxtalaridan eng sara mahsulot sifatida o'rin olishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Nurilla ShAMSIEV
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0