Sayt test rejimida ishlamoqda
    Valyuta UZS
  • USD

    12 926.51-9.17

  • EUR

    14 092.48-72.09

  • RUB

    156.00-2.8

+16C

+16C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Yangi O’zbekiston suratlari
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari

Toshkent Shahar

+16c

  • Hozir

    +16 C

  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Toshkent

Toshkent Shahar

Shanba, 22-March

+16C

  • Hozir

    +16 C

  • Shanba, 22

    +16 +20

  • Yakshanba, 23

    +16 +20

  • Dushanba, 24

    +11 +20

  • Seshanba, 25

    +8 +20

  • Chorshanba, 26

    +6 +20

  • Payshanba, 27

    +5 +20

  • Juma, 28

    +5 +20

  • Shanba, 29

    null +20

Hududlar

  • Toshkent Shahar
  • Andijon
  • Namangan
  • Sirdaryo
  • Surxandaryo
  • Qashqadaryo
  • Xorazm
  • Navoiy
  • Buxoro
  • Qoraqaplog’iston
  • Farg’ona
  • Toshkent vil.
  • Jizzax
O'zgacha rakurs
151 02:50 | 20.03.2025 02:50

1


— Bu yoqqa qarang! — xitob qildi uchog'imiz Haydarko'ldan o'tganda oykulchaday oynadan osmonni tomosha qilib kelayotgan hamrohim, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli fotograf Abdug'ani Juma. — Kim aytadi bu yerlarni Qizilqum deb, cho'l deb?!.


O'rnimdan yarim ko'tarilib, tashqariga mo'ralayman. Qaraymanu, yuragim hapriqib ketadi. Pastda ertaklarda «Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog'i kuyadi» deyilmish cho'l — Qizilqum emas, afsonaviy eram bog'lari yastanib, tovlanib yotganday. Saraton quyoshida tuya o'rkachlari misoli saf-saf barxanlar aro kezingan sap-sariq sarob yolqinlari bugun xuddi moviy dengiz to'lqinlariga aylanib, bahor havolarida beshik-beshik to'lg'anayotganday...



— Qaerda bor bunday go'zallik! — samolyotni boshiga ko'targudek hayqiradi Abdug'ani Juma. — Navoiy deydilar buni!


— Har qadami tillo — oltin, kumush, marmar, fosforit, uran, kvarts, feruza, ohaktosh.., — deya maqtanishda to'xtamaydi u:


— yurtimizdagi eng boy va bepoyon cho'l qaerda? — Navoiyda;


— eng yirik oltin va kumush konlari-chi? — Navoiyda;


— eng katta issiqlik elektr stantsiyasi,


— eng ulkan tsement zavodi,


— dunyodagi eng bebaho sur teri,


— O'zbekistondagi mashhur kimyo korxonalari va marmar konlari ham Navoiyda.


Bekorga sahro javohiri, demaydilar.


Sarmishsoy, Sangijumon, «Tosh o'rmon» mo''jizalarining esa Yer yuzida qiyosi yo'q. Quchog'ining kattaligi, bag'rining kengligini aytmaysizmi?


O'zbekistonda Qoraqalpog'istondan bo'lak hududi unga teng keladigan viloyat yo'q! Bir yog'i Qoraqalpog'istonu Haydarko'l, Qozog'istonu Buxoro, yana bir tomoni Samarqandu Jizzax. Yana deng, dunyodagi Malavi, Lesoto, Sloveniya, Sent-Lyusiya, Yangi Kaledoniya degan davlatlardan bir necha barobar katta.


— Bilaman, — sherik bo'laman fotograf do'stimning iftixoriga. — Qizilchaning o'ziga Tinch okeanidagi Tonga degan davlatning ikki-uchtasi o'ynab-o'ynab singib ketadi. Navoiy mamlakatimiz viloyatlari orasida eng kenjasi bo'lishiga qaramay...


— Shunday. 1982 yilda tashkil etilgan, 1988 yilda tugatilgan. 1992 yili Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan yana qayta tashkil etilgan, — deb so'zimni bo'ladi u. — Aholisiyam uncha ko'p emas, 1 milliondan sal ziyod. Lekin bu viloyat tarixi ana shu yillardan boshlanadi, degani emas. Uning insoniyat tamadduniga katta hissa qo'shgan qadimiy va boy o'tmishi bor. Qizilqumda, Qoratovda, Nurota atroflarida qadimiy manzillar shu qadar ko'pki, ularning ba'zilarini yurtdoshlarimiz ham yaxshi bilmaydi. Masalan, «Uchtut» chaqmoqtosh shaxtasi. Olimlar bundan 200-100 ming yillar avvalgi ibtidoiy davrlardayoq odamlar bu yerdan chaqmoqtosh qazib olganini isbotlashgan. Dastlabki paytlarda ochilib qolgan yerlardagi chaqmoqtosh g'uddalari yirik toshlar bilan urib ushatilgan. Keyinroq bu yumush yog'och tayoqlar, undan keyin Buxoro ohusining shoxlaridan, yovvoyi ho'kiz, bug'u va boshqa jonivorlar suyaklaridan yasalgan cho'kichlar, kuraklar yordamida amalga oshirilgan. Hozirgacha 48 ta shaxta o'rganilgan va har biri o'rtacha 35-45 kilogramdan bo'lgan 8000 ta g'udda qazib olingan. Bu joy ibtidoiy davrda Markaziy Osiyoda chaqmoqtosh olingan yagona makon hisoblanadi. Bunaqa shaxtalar jahonda kamdan-kam uchraydi.


2


Hamrohimning so'zlari «Ochiq osmon ostidagi muzey» — Sarmishsoyni esga tushirdi.


Sarmishsoy petrogliflari — O'zbekiston hududida eng ko'p, eng beqiyos qoyatosh rasmlari saqlab qolingan vodiy hisoblanadi. Bu yerdagi qoyatosh suratlarida, bundan 5-7 ming yil avvalgi hayot tasvirlangan. Sarmishsoyda qariyb 22,5 kilometr masofadagi qoyatoshlarga o'yib solingan 10000 dan ortiq rasmlar bilan yuzma-yuz kelgan kishi beixtiyor ming-ming yillar avvalgi odamlar davrasiga tushib qolgandek sehrlanadi, o'yga toladi; qo'lidagi uzun nayzalarni o'qtalgancha hay-haylagan ko'yi bahaybat hayvonlarni quvib borayotgan ovchilarning jangovar hayqiriqlarini eshitganday bir g'alati titroq qoplaydi jonu jahonini. Qizil va qora rangli qumtoshlarga hamda slanetsli qoyalarning tik va yotiq sirtiga solingan tasvirlar afsonaviyligi bilan maftun qiladi; gajakdor shoxli arxarlar, tog' echkilari, yovvoyi buqa-yu to'ng'izlarni nayza-kamonda ovlayotgan ovchilarga qo'shilib ketayotgandek sezasiz o'zingizni.


Tasvirlarning yana bir hayratli jihati shundaki, ularning ba'zilari yomg'ir yoqqanda ko'rinsa, ayrimlari quyosh nuri tik tushganda paydo bo'ladi. Shunday suratlar ham borki, uni ko'zingiz yorug'lik qiya tushganda yoki soyada ilg'aydi.


Faqat shu emas, Sarmishsoy azaldan o'ziga xos juda boy hayvonot dunyosiga ega manzil hisoblangan. Bu yerda o'simliklarning 62 oilasiga mansub 650 turi uchraydi. Ularning anchasi O'zbekiston «Qizil kitob»iga; kapchabosh ilon, echkiemar, burgut, qora baliq, ko'lvor ilon, sariq ilon, jo'rchi, zarg'aldoq, kaklik, bedana, jayralar esa Xalqaro «Qizil ­kitob»ga kiritilgan.


Umumiy maydoni 5000 gektardan mo'lroq bo'lgan va «Sarmish» tabiat bog'i deb e'lon qilingan ushbu tarixiy meros petrogliflari jahon miqyosida madaniy yodgorlik sifatida tan olingan.


Xatirchining Sangijumon qishlog'idagi teb­ranib turuvchi antiqa tosh ham dunyodagi kamyob mo''jizalar sirasidan.


Sangijumon — forschada tebranuvchi, qimirlovchi tosh, deganidir. Qishloq nomi ham sehrkor tosh nomidan kelib chiqqan. Haybatli toshning aylanasini 20, balandligini 6 metr, vaznini esa 280 tonna, deyishadi. Lekin shunday katta xarsangni hamma bemalol qimirlatishi mumkin. Tebranish toshning biqiniga tirab qo'yilgan cho'plarning egilishidan bilinadi.


Arxeologlarning ta'kidlashicha, Sangijumon 280 million yil avval yer qa'ridan ko'tarilgan suyuq va qaynoq magmatik jinslardan paydo bo'lgan. Ular o'z vaqtida yer qobig'ini yorib chiqa olmasdan, taxminan 250 million yil oldin ma'lum chuqurlikda qotib qolgan. Sodir bo'lgan kuchli va murakkab tektonik harakatlar hamda eroziya natijasida massivning to'shi ochilgan. Bu yerdagi jinslar bundan kamida 10 ming yillar ilgari yuzaga chiqqan. Dengiz sathidan 800-900 metr balandlikda joylashgan mazkur xarsang darani qoplab yotgan granit toshlarning yirik bir bo'lagi.


Eng qizig'i, hududda turli nomdagi toshlar juda ko'p. Toshlarga ko'rinishi va shakliga qarab nomlar berilgan. Masalan, «Kobra tosh», «Besh panja», «Ayiqning boshi», «Jayra tosh», «Hassa tosh», «Qo'ziqorin tosh». Tebranuvchi tosh yaqinida «Teshik tosh» degan yana bir tosh bor. Rivoyatlarga qaraganda, bu toshning teshigidan faqat gunohi yo'q odam o'ta oladi.


Teshik tosh yonidagi yassi tosh ustida ulkan oyoq izlari ko'zga tashlanadi. Ba'zi rivoyatlarda Nuh kemasi Oqtovning eng yuqori cho'qqisi — Langar tog'ida langar tashlagani ta'kidlansa, boshqa birida toshdagi izlar to'fon suvi qaytganidan so'ng yerga qadam qo'ygan payg'ambarning izlari ekani aytiladi.


3


— Bilasizmi, mamlakatimizdagi qazilma boyliklarning 20 foizi Navoiy zaminida, — deya davom etdi safardoshim. — Muruntov dunyodagi eng yirik konlardan biri. Bu zamin javohirotlar makoni. Shuning uchun ham Navoiyni «Ona yurtimizning oltin sandig'i» deyishadi. Ammo... — u chuqur xo'rsindi, o'ylanib qoldi.


Hamma biladi, Navoiy tuprog'i nodir va qimmatbaho ma'danlarga boy.


O'zbekiston zaminida o'rganilgan 60 dan ortiq oltin konining 40 tasi Qizilqumda. Mazkur javohirlar bugun tillo kamarlarini belga mahkam bog'lab yurtimizga, xalqimizga xizmat qilmoqda.


Oltinimiz yuqori sifati bilan ham jahonga mashhur. 1998 yili Tokio birjasi oltinlarimizni sifat etaloni, deya e'tirof etdi. 2019 yilda London oltin quymalari bozori assotsiatsiyasi tomonidan bozor talablariga to'la rioya qilish borasida navbatdagi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tganini tasdiqlovchi sertifikat taqdim etildi.


2011 yili «Muruntov» konida dunyoda o'xshashi yo'q yutuq — Tik-qiya konveyer majmuasi ishga tushirildi. Umumiy uzunligi 3 kilometr bo'lgan majmua foydalanishga topshirilishi bilan yukni yetkazib berishdagi xarajatlar 50 foizga kamayib, kon chuqurligidagi ma'danlarni tashishda avtoag'dargichlarning ko'tarilish balandligi 300 metrga qisqardi.


Kanadada joylashgan KITKO xalqaro tahlil markazi xulosasiga ko'ra, «Muruntov» koni 2020 va 2021 yillarda jahonda birinchi, 2022 yili esa ikkinchi o'rinni egalladi.


So'nggi yetti yilda yangi konlar ochildi, 5- va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining ikkinchi navbati hamda Nurota tumanidagi «Pistali» koni negizida 6-gidrometallurgiya zavodi foydalanishga topshirildi. «Auminzo-Amantoy», «Balpantov», «Turbay» konlari ishga tushirildi. Natijada qayta ishlash quvvati 2016 — 2024 yillarda 60 million tonnadan 105 million tonnaga ko'paydi. O'sish sur'ati 2023 yilga nisbatan 105,3 foizga teng bo'ldi. Oltin ishlab chiqarish rejasi 105,2 foiz, kumush ishlab chiqarish esa 113,4 foizga bajarildi.


— Bir joyda o'qidim, — deb jimlikni buzdi Abdug'ani. — 2024 yilning o'zida kombinat 93,9 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqaribdi. Salkam 94 trillion! Hazil gapmi bu? Endi hisoblang, mustaqillikkacha o'tgan yillarda qancha oltin olingan?


Ming afsuski, bu oltinlarning, hatto, changi ham nasib etgan emas o'zimizga. Muruntovni mashhur geolog, nuktadon olim Ibrohim Hamroboev ochgan. Xazinatopar bu siymo konni ochishga ochgan-u, ammo, keyinchalik bu ishidan qanchalar pushaymon bo'lgani yolg'iz o'zi va Allohga ayon bo'lsa kerak. Сhunki xazinani uni egallab olgan shimollik xo'jayinlar talaydi, eshalon-eshalon tashib ketadi. Hatto, Istiqlolning dastlabki vaqtlarida ham uncha-muncha o'zbek bolasi qadam bosolmasdi kombinat ostonasiga. Men shu yerlikman, yaxshi bilaman, yaqinlashtirilmas, kiritilmas, mahalliy aholi uchun taqa-taq yopiq edi eshigidan tuynugigacha.


Do'stimning kuyunishlari behuda emas. Garchand, 1958 yili «Muruntov» koni ochilib, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil etilgan, kombinat uran, oltin va kumush ishlab chiqaradigan ulkan korxonaga aylanib, «Asr mo''jizasi» deya tan olingan esa-da, javohirlar qatra-qatrasigacha tashib ketilar edi. 1969 yili kondan ilk marta 11 kilogramm 820 grammlik sof oltin yombisi olinadi. 1971 yildan 999.9 probali oltin chiqarila bosh­landi. Ammo ushog'igacha yalab-yulqib olib ketildi bu boyliklar ham.


— Endi u kunlarga tosh otishdan foyda yo'q…


— To'g'ri! — shartta so'zimni bo'ladi Abdug'ani. — Ketgani — ketdi. Ammo haligacha manqurtcha fikrlovchilarning borligi va ularning «O'sha paytlari kolbasa falon so'm, go'sht pismadon so'm edi» qabilidagi yozg'irishlari alam qiladi odamga. G'azabim qaynaydi. Eng yomoni, qashshoq yoki kambag'al emas, surishtirsangiz, bittasi omadi chopmagan alamzada, boshqasi qaysidir vazifani eplolmay yumshoq kursisidan ayrilgan sobiq amaldor bo'lib chiqadi ular. Rostini aytsam, ichim achiydi ularga, insof bersin, elga qo'shilsin, deyman. Lekin qachon qutulamiz bunday irkit ko'rlikdan. Kishanlangan qo'l-oyoq, zanjirband erk, g'ijimlangan adolat, o'z uyingdagi xo'rlik, ma'naviy azob... O'lchab bo'larkanmi bularni yarim qadoq kolbasa bilan?! Yaratganning buyuk tuhfasi, bobolarimizning yuz yillik orzu-murodi-ku, Mustaqillik! Qul bo'lib qolaversak, oltin daryolarimiz burilarmidi o'zimizning bog'larga, o'zimizning dashtu dalalarga, o'zimizning ko'chalarga? Qachon ko'rardik bugungi obodliklarni?!


Fotograf bekorga g'azablangani yo'q. To'g'ri, tog' boshi tumansiz, kurash bexatar bo'lmaydi. Yuz yil qul bo'lib yashagandan, bir kun hur bo'lib yashagan ulug' baxt ekanini his qilmaydigan, bir gramm oltinning bahosi qancha ekanini bila turib, o'zini anqovga solguvchi ruhan qashshoq shaxslar o'tkinchi.


«Millatning ulug' martabasini, saodatini saqlamoq, uning dardlariga darmon bo'lmoq vazifangizdir». Bugungi tahlikali zamon Sohibqiron bobomiz Amir Temurning bu vasiyatini quloqlarga qo'rg'oshinday quyib olishni talab qilmoqda. Tangriga shukr, mamlakatimizda el elga yondashib alpona mushtlarga, irmoqlar irmoqlarga qo'shilib, jo'shqin daryolarga aylanayotir. Yangiliksiz, g'alabasiz kun yo'q. Qalbni iftixorga to'ldiradi Navoiy viloyatidagi yuksalishlar ham.


Marjon shodalari kabi tovlanadi, ko'zlarni quvontiradi bu g'alabalar. Ayniqsa, 2017-2024 yillarga oid mumtoz ma'lumotlarning ba'zilariga bir qur ko'z tashlagan kishining ko'ksi g'ururga to'ladi, ruhi tog'day ko'tariladi.


2024 yili viloyatda 145 069,6 milliard so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu 2017 yildagidan 11 marta ko'p. 21 813,1 milliard so'mlik qishloq va o'rmon xo'jaligi, baliq mahsulotlari tayyorlandi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,2 marta ortiq. Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 2017 yilga qiyoslaganda 7,5 martaga oshib, 117 297,7 milliard so'mga yetdi.


Shuningdek, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar o'tgan yili 2017 yilga nisbatan 8,6 marta, pudrat ishlari 9 marta, chakana savdo aylanmasi 3,5 marta, xizmatlar hajmi 6,5 marta, tashqi savdo aylanmasi 2 marta, eksport 3,7 marta oshdi. 64 ming 700 ta ish o'rni yaratildi. 3-6 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olish 34,1 foizdan 86 foizga, maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni esa 132 tadan 1750 taga yetdi.


Umumiy o'rta ta'lim maktablari soni 378 ta bo'ldi. Prezident maktabi va 11 ta «Barkamol avlod» maktabi, viloyat Bolalar kutubxonasi, ikkita davlat va ikkita xususiy universitet tashkil etildi.


Sportchilar 2024 yilning o'zida respub­lika miqyosidagi va xalqaro maydonlarda 1857 ta medalni qo'lga kiritishdi. Ularning 506 tasi oltin, 467 tasi kumush, 786 tasi bronza.


Navoiy viloyatida turistik manzillar nihoyatda ko'p bo'lishiga qaramay, sohaga uzoq yillar uncha e'tibor berilmadi. Masalan, 2017 yilga qadar viloyatda bor-yo'g'i 5 ta oilaviy mehmon uyi, 5 yo'nalishda turistik marshrut va bitta turkompaniya faoliyat yuritgan. Keyingi yillarda oilaviy mehmon uylar 122 taga, turmarshrutlar 70 taga, turfirmalar 75 taga yetdi. 490 ta yangi ish o'rni yaratildi. ­Sayyohlar safi 635 ming nafardan 2,2 million nafarga ko'paydi.


«Turizm qishlog'i»ga aylantirilgan Nurota tumanining Sentob ovulida 9,4 milliard so'm mablag' hisobiga 5 kilometr yo'l, 2 ta sel'fi zonasi va boshqa turizm infratuzilmasi yaxshilandi. 2 ta mehmonxona bilan 20 ta mehmon uyi ochildi, 60 kishi ishli bo'ldi.


Endilikda qishloqqa har kuni o'rtacha 300 nafar, bir yilda 44 ming nafar sayyoh kelayapti. Barcha xonadonlar turizmdan daromad olmoqda.


Yana Xatirchining Langar mahallasida 20 ta oilaviy mehmon uyi, loyiha qiymati 1,5 milliard so'mlik sel'fi maydonchasi, 5 ta kemping tashkil qilinib, 80 nafar aholi ish bilan ta'minlangan bo'lsa, Konimex tumanidagi «Yangig'azg'on» MFYda 500 o'ringa ega o'tovli lager', otda va tuyada sayr qilish, ov qilish, 2 ta restoran, savdo do'konlari, transport hamda turkompaniya xizmatlarini o'z ichiga olgan turizm klasteri ish boshladi.


Haydarko'l bo'yidagi loyiha qiymati 18,3 milliard so'm bo'lgan dam olish maskanida zamonaviy mehmonxona, 5 ta kemping, 2 ta glemping, basseyn, restoran hamda turkompaniya xizmatlarini o'z ichiga olgan turizm klas­teri tashkil etildi. Shuningdek, Nurotadagi «Сhashma majmuasi», Konimexdagi «Mix ota» masjidi, Navbahordagi «Sarmishsoy» davlat muzey qo'riqxonasi obod qilindi. 1,3 milliard so'mlik mablag' evaziga Uchquduq tumanidagi «Tosh o'rmon» tabiiy arxeologik ob'ektida restavratsiya va konservatsiya ishlari amalga oshirilib, atroflari balandligi 1,8 metr, uzunligi 1,3 kilometr bo'lgan panjara bilan o'raldi, tungi yoritish chiroqlari, kuzatuv kameralari o'rnatildi.


Umuman, oxirgi ikki yilda viloyatda 395 milliard so'mlik 129 ta turizm loyihasi ishga tushdi, 340 kilometr masofada 60 ta ob'ekt­dan iborat 14 ta turizm marshrutlarini o'z ichiga olgan Navoiy «turizm xalqasi» ishlab chiqildi.


Nurota tog'lari quchog'idagi Sentob qish­log'i Butunjahon turizm tashkiloti UNWTOning Samarqand sammitida «Eng yaxshi turizm qish­log'i» deb e'lon qilindi va butunjahon turizm qishloqlari ro'yxatiga kiritildi. «Raboti Malik», «Sardoba», «Mirsaid Bahrom», «Qosim Shayx», «Mavlono Orif Degaroniy» kabi madaniy meros ob'ektlari YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorlik­lari ro'yxatidan joy oldi.


Xudo xohlasa, hademay, Navoiy shahrining Islom Karimov ko'chasida 1,5 kilometr masofada loyiha qiymati 12 milliard so'm bo'lgan «Turizm ko'chasi» tashkil etiladi.


Ha, Navoiy viloyati har jihatdan mamlakatimizning «Oltin sandig'i»ga aylanib bormoqda.


4


Shu joyda bitta haqli savol tug'iladi: xo'sh, «Oltin sandiq»ni kim ochdi?


Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoevning Navoiy viloyatiga qilgan tashriflari mazkur savolga aniq va mukammal javob beradi.


E'tibor bering, Prezident 2017 yildan buyon hududga 7 marta tashrif buyurdi. Bu tashriflarning har biri viloyat tarixida yangi va go'zal sahifalar ochdi. Mana, ularning ayrimlari:


2017 yil. Shu yilgi tashrifdan so'ng Navoiy issiqlik elektr stantsiyasining ikkinchi bug'-gaz qurilmasi poydevoriga tamal toshi qo'yildi.


«Marmarobod» davlat unitar korxonasining tashkil etilishi; Nurota Сhashmasida keng ko'lamdagi bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi va Navoiy viloyatining erkin iqtisodiy zonaga aylanishi 2018 - 2019 yilgi tashriflar natijasidir.


«National plast» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sanoatning yangi tarmog'i PVXdan profil va boshqa turdagi mahsulotlar, «Green Line Profil» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan alyumin profil va alyumin mahsulotlar ishlab chiqarishning yo'lga qo'yilgani; To'dako'l suv ombori hududida «Golden lake fish» mas'uliyati cheklangan jamiyati tuzilgani, «Yangi Asr» fermer xo'jaligi tomonidan loyiha qiymati 60 milliard so'mlik naslli qoramolchilik hamda sutni qayta ishlash tsexi ishga tushirilgani; Nurota va Tomdi tumanlarida «Yoshlar mehnat guzarlari» qurilib foydalanishga topshirilgani; O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qaroriga muvofiq, G'ozg'on shahri tashkil etilgani ham Prezident tashriflarining shirin mevalari hisoblanadi.


Endi 2021-2022 yilgi tashriflar haqida. 2021 yilgi tashrifdan keyin Karmana tumanida mamlakatimizdagi ilk quyosh foto­elektr stantsiyasi ishlay boshladi. «Navoiy­azot» aktsiyadorlik jamiyatida azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari faoliyatiga start berildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining texnogen chiqindilarni qayta ishlash korxonasi foydalanishga topshirildi.


2022 yilgi tashrifdan so'ng «Zarafshon Oyna» MСhJda qiymati 250 million dollarlik, «Zarafshon industrial technology» qo'shma korxonasida 60 million dollarlik, «JvContinaz» MСhJ QKda 62,5 million dollarlik, «Chemistry International» MСhJ korxonasi tomonidan qiymati 16 million dollarlik, «Uzbekistan Hydrogen Peroxide» MСhJ QKda 27 million dollarlik loyihalar amaliyotga tatbiq etildi.


Navoiy shahridagi 3 ta chorrahada tarixda birinchi marta sun'iy intellekt texnologiya­lariga asoslangan «Aqlli chorraha» tizimi joriy qilindi.


«Yangi Navoiy» shahrini qurish uchun 1 ming 100 gektar yer Karmana tumanidan Navoiy shahriga o'tkazildi.


Mamlakat rahbarining bulturgi tashrifi doirasida esa shaharning Farovon mahallasida «GRATIS BUILDINGS» MСhJ tomonidan kongress xoll, 27 qavatli mehmonxona, biznes markazi, ko'p qavatli turarjoy kompleksi qurilishiga start berildi.


«Yangi Navoiy» shahrida ishbilarmonlik markazi va «Yangi O'zbekiston» bog'ining qurilishi uchun 50 million dollar hamda 100 milliard so'm mablag' ajratildi.


Bulardan tashqari, 3 milliard 600 million dollarlik 15 ta loyiha bo'yicha Konimex tumanida yonuvchi slanetslarni qazib olish va qayta ishlashning birinchi bosqichi, Karmana tumanida 300 megavatt quyosh fotoelektr stantsiyasi va 75 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi, Navoiy shahrida texnik gaz ishlab chiqarish, G'ozg'on shahrida marmar va Zarafshon shahrida granit toshlarni qayta ishlash, Uchquduq tumanida kaolin qazib olish va boyitish, Xatirchi tumanida baliq ozuqasi tayyorlash korxonalari qurilishlari boshlab yuborildi.


Endi so'nggi yillarda aholini elektr, gaz, ichimlik suvi, uy-joy bilan ta'minlash yo'nalishiga doir misollarga murojaat qilamiz:


2017-2024 yillarda xalqni tabiiy gaz bilan ta'minlash 61,5 foizga, toza ichimlik suvi bilan ta'minlash 85,4 foizga yetdi. 2391 kilometr avtomobil' yo'llari, 4695 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 155 kilometr tabiiy gaz, 4575 kilometr irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.


7 yilda 19640 xonadonli 1,2 million kvad­rat metr uy-joy qurildi.


Investitsiyalar va sanoatni rivojlantirish hisobiga 3,4 ming, xizmatlar va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 40,8 ming, qishloq xo'jaligi yo'nalishida 74,1 ming, qurilish sohasida 5 ming nafar fuqaro ish bilan ta'minlanishi tufayli bir yilda ishsizlik darajasi 6,3 foizdan 1,9 foizga tushirildi.


Bunday muhtasham raqamlarning hamma-hammasida Yurtboshimizning mehnati, mehri mujassam. Ular davlatimiz rahbarining olis-olislarni ko'zlagan adolatli siyosatining hosilalaridir.


Rejalar esa...


5


Rejalar olamiga o'tishdan avval Navoiydagi yana bir mo''jiza — «Tosh o'rmon» haqida ikki og'iz so'z.


U Uchquduqning Mingbuloq qishlog'idan o'ttiz chaqirimcha naridagi Jaraquduq darasida joylashgan. Ilmiy farazlarga ko'ra, bundan taxminan 90-95 million yillar avval chinorlaru qirqquloqlar toshga aylanishi natijasida «Tosh o'rmon» yuzaga kelgan.


Dunyoning ba'zi mamlakatlarida ham noyob toshlarning sehrli olamini o'zida mujassam etgan «Tosh o'rmon»lar mavjud. Xitoyning Yunan' provintsiyasidagi, Rossiyaning Lena daryosi ­bo'­yidagi, Bolgariyaning Varna va Sofiya shaharlari oralig'idagi, AQShning Arizon cho'li va Madagaskarning Tsingi-de-Bemaraxa milliy bog'idagi tosh o'rmonlar shular jumlasidandir.


Qizilqum «Tosh o'rmon»ining boshqalarga o'xshamaydigan jihati shundaki, bu manzilda tosh qotgan chig'anoqlar, akula tishlari va suyak­lari, daraxt tanasi va mevalaridan tortib, o'rdakburun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklarigacha uchraydi. Bularning barchasi qachonlardir Qizilqum o'rnida ulkan ummon bo'lganidan dalolat beradi.


«Tosh o'rmon»ning shakllanishiga oid quyi­dagi farazlar bor: o'sha davrda daraxtlar va suv ostida o'sadigan past butalar daryo bo'ylarida joylashgan. Atrofdagi qumlar suv bilan oqib kelishi natijasida asta-sekinlik bilan daraxt atroflariga yig'ilib, toshga aylana boshlaydi. Natijada o'simliklar quriydi. Butunlay qurib bitgan daraxtlar o'rnida bo'shliq paydo bo'ladi hamda bu bo'shliq qum va cho'kindilar bilan qoplanadi. Million yillar davomida bu cho'kindilar toshga aylanadi.


Har ishning o'z chamasi, har daryoning o'z kemasi bor, deydilar. Yo'l bilmagan manzilga yetolmaganidek, uzoqni chamalab, rejasiz safarga chiqqan kema ham to'fonlar girdobiga tushib qolishi mumkin.


Navoiyliklarning 2025-2030 yillarga mo'ljallangan rejalari esa aniq va quyma.


Bir qarashda osmon mo''jizalarini ko'rib bo'lmaganidek, bir maqolada ham katta viloyat ko'zlayotgan manzillarni qamrab olish mumkin emas. Shu bois bepoyon rejalarning ayrimlarini tilga olamiz. Eng avvalo, noyob xazinalar haqida. 2030 yilgacha oltin ishlab chiqarish — 1,5 barobar, kumush — 3 barobar, uran — 3 barobar, mis — 3,5 barobar oshadi. Kon-metallurgiya kombinatida 20 dan ziyod yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.


1 trillion so'mdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 16 taga yetadi.


Zarafshon va G'ozg'on shaharlari hamda Uchquduq tumanidagi 3 ta ixtisoslashgan sanoat zonasida 57 ta loyiha ishga tushiriladi.


Kimyo sanoatida 525 million dollarlik 62 ta loyiha amalga oshiriladi.


Eksport 5 barobar ko'payib, uning yillik hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etadi.


Viloyatning erkin va kichik iqtisodiy sanoat zonalarida, Yoshlarning tadbirkorlik va sanoat zonalarida 290 ta loyiha amalga oshirilib, qariyb 6000 ta yangi ish o'rni yaratiladi.


6000 ta ish o'rni.


Bu raqam, agar mazkur oilalarning har birida ikkitadan jon bo'lsa 12 ming, uchtadan bo'lsa 18 ming, to'rttadan bo'lsa 24 ming insonning qalbiga quvonch, dasturxoniga to'kinlik, oilasiga xotirjamlik, ertangi kuniga ishonch olib kirdi, deganidir!


Bundan tashqari, shaharlarda 14 364 ta xonadonli 159 ta ko'p qavatli uy bunyod etilishi, 30 964 ta xonadondan iborat 774 ta uyning ta'mirlanishi, tumanlarda 2158 xonadonli 55 ta uy-joy qurilishi bu hisobga kirmaydi.


Tijorat banklari ham qarab turmaydi. Ular 15 744 nafar kishiga 4 533 milliard so'm ipoteka krediti ajratadi.


Yana: 232,3 kilometr uzunlikda sug'orish tarmoqlari quriladi.


136,9 kilometr kollektor-drenaj tarmog'i qurilib, 1650 kilometr kollektor-drenaj tiklanadi, 125 ta kuzatuv quduqlari ta'mirlanadi.


Xatirchi tumanidagi Langar, Angidon, Nurota tumanidagi Сhuya qishloqlari «Turizm mahallasi» va «Turizm qishlog'i»ga aylantiriladi…


Bunday muallo raqamlar bilan yuzma-yuz turganda beixtiyor Abdulla Oripovning mashhur satrlarini hayqirib-hayqirib tak­rorlaging keladi:


Mustaqillik nash'asin, haqqing bordir, sur endi,


Qo'lni berib qo'llarga, bir tan bo'lib yur endi!



6


— Qaniydi qushga aylanib qolsam, — xayolimni bo'ldi Abdug'ani Juma. — Juda boshqacha bo'ladi-da Qizilqumning bahori. Hammayoq yam-yashil. Maysalar bo'liq, giyohlar zangor, qizg'aldoqlar g'unchalagan, chumolilar o't-o'lanlar bargida yuguradi, o'ynaydi. Yeru jahon ko'klam hidiga to'la... — Abdug'ani chechaklar nafasi gurkirab dimog'iga urilayotgandek entikadi.


— Filning tushiga Hindiston kirarmish... Har qushga o'z butasi aziz-da.


— Har bitta ko'katniyam suygan tuprog'i bor! Odamga kindik qoni tomgan yerdan ulug'i yo'q. Abdulla akam bekorga:


«Qorliklarni makon etgan bo'lsayding,


Mehrim bermasmidim o'sha muzlarga?» demaganlar.


Fotograf do'stimning qush bo'lib uchishiga hojat qolmadi.


Salonda styuardessaning jarangdor ovozi yangradi:


— Hurmatli yo'lovchilar, samolyotimiz bir necha daqiqadan keyin Navoiy shahrining xalqaro aeroportiga qo'nadi.


Biz g'azal mulkining sultoni, ulug' mutafakkir, betakror siymo Alisher Navoiy hazratlari nomi bilan atalguvchi o'lka — ona yurtimizning «oltin sandig'i» — Navoiy viloyatiga yetib kelgan edik..


Abdusaid KO'СhIMOV,
Oliy Majlis Senati a'zosi,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
yoshlar murabbiysi


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs
O'zgacha rakurs