“S&P Global Ratings” O'zbekiston bo'yicha kredit reytingi prognozini yaxshiladi
“S&P Global Ratings» xalqaro agentligi 2025-yil 23-may kuni e'lon qilgan bayonotida O'zbekiston bo'yicha kredit reytingining prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga ko'tardi.
Shuningdek, “S&P Global Ratings” mamlakatning uzoq va qisqa muddatli “BB-/B” darajadagi xorijiy va milliy valyutadagi suveren kredit reytinglarini tasdiqladi.
Ushbu qaror, birinchidan, iqtisodiy islohotlarning izchil amalga oshirilishi, ikkinchidan, barqaror o'sish sur'atlari va kuchli ichki talab bilan bog'liq bo'ldi. Reytingning ko'tarilishi, shuningdek, xalqaro oltin narxlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani va bu orqali eksport hamda budjet tushumlarining oshayotganini ham inobatga oladi.
“S&P” ekspertlarining fikricha, O'zbekistonda 2017-yildan buyon olib borilayotgan iqtisodiy erkinlashtirish va boshqaruv islohotlari makroiqtisodiy barqarorlikni kuchaytirmoqda. Mamlakat real yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2024-yilda 6,5 foizga o'sdi va 2025–2028 yillarda bu o'sish o'rtacha 5,6 foiz atrofida bo'lishi kutilyapti.
“Kuchli investitsion faollik, xorijdan pul o'tkazmalari, hukumat sarmoyalari va iste'mol talabi ushbu ijobiy dinamikani ta'minlab bermoqda. Mamlakatning YaIMda investitsiyalar ulushi 2024-yilda 33 foizga yetdi, bu jahon miqyosida eng yuqori ko'rsatkichlardan biri hisoblanad”, – deyiladi xabarda.
Agentlikka ko'ra, pul-kredit siyosati so'nggi yillarda kuchaygan, ayniqsa 2017-yildagi valyuta kursining erkinlashtirilishi muhim burilish bo'lgan. Shuningdek, mutaxassislar mamlakatimizdagi inflyatsiyani 2025-yilda 10,1 foiz, 2028-yilgacha esa 8,6 foizgacha pasayishini taxmin qilishgan.
“S&P Global Ratings” O'zbekistonning reytingiga nisbatan ijobiy qarashini mamlakatning kuchli iqtisodiy o'sishi, izchil islohotlar, budjet muvozanatini tiklashga intilish va tashqi qarzlar bilan bog'liq ehtiyotkor siyosat bilan asoslaydi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0