O'tgan yili bankdan kredit olgan aholi soni 4,7 mln kishiga yetgan – Markaziy Bank
Markaziy bank tomonidan 2024-yil moliyaviy barqarorlik bo'yicha hisobotda qayd etilishicha, o'tgan yilning yakunida har 1000 kishiga banklar oldida qarz majburiyati mavjud 224 ta mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholi to'g'ri kelib, 2023-yilga nisbatan 31 kishiga ortgan.
Shuningdek, 2024-yil yakunida bankdan kredit olgan jismoniy shaxslar soni 4,7 mln kishini tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 18 foizga oshgan. Ta'kidlanishicha, aholi bandligini ta'minlashga qaratilgan davlat dasturlari ko'lamining ortishi hamda bank xizmatlari qamrovining kengayib borishi aholi o'rtasida bank krediti mahsulotlari ommalashishiga turtki bo'lmoqda.
O'z navbatida, Markaziy bank 3 546 nafar respondent ishtirokida aholining bank va bankdan tashqari qarz majburiyatlari bo'yicha jami qarz yuki darajasini aniqlash maqsadida so'rovnoma o'tkazgan. Respondentlarning yarmida oila a'zolari soni 4 yoki 5 kishidan iborat bo'lib, ular va oila a'zolari band bo'lgan asosiy ish faoliyati turlarining katta qismi moliya, ta'lim, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, savdo va boshqa sohalarga to'g'ri keladi.
Jami respondentlarning 73 foizi o'zi yoki oila a'zolaridan birida bank yoki bankdan tashqari kredit yoki qarz majburiyatlari borligini aytishgan. Bundan tashqari, jami respondentlarning 64 foizi banklardan qarz majburiyatlari borligini ma'lum qilgan. Bankdan qarzdor respondentlarning 19 foizi bankdan tashqari boshqa qarz majburiyatlari ham mavjudligini qayd etishgan.
Qarz majburiyatlari asosan ko'chmas mulk sotib olish yoki ta'mirlash, avtomobil hamda iste'mol tovarlarini xarid qilish maqsadlarida jalb etilgan. Xususan, respondentlarning 43 foizi qarz mablag'larini uy-joy sotib olish yoki ta'mirlash hamda avtomobil xarid qilishga yo'naltirgan. Respondentlarning 70 foizida bank va bankdan tashqari jami qarzlari bo'yicha oylik to'lov miqdori 6 mln so'mdan kam miqdorni tashkil etmoqda. Shuningdek, qarz majburiyatiga ega respondentlarning chorak qismida oylik to'lov miqdori 2–4 mln so'm oralig'iga to'g'ri kelmoqda. Respondentlarning 55 foizi qarz majburiyatlari bo'yicha 2–3 yil, 5 yil va undan ortiq muddatli to'lovlar qolayotganligini ta'kidlashgan. Respondentlarning 64 foizi qarz majburiyatlarini o'z vaqtida to'lashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Qarz majburiyatiga ega respondentlarning deyarli yarmi keyingi 6 oy davomida to'lov qobiliyatlari bo'yicha ijobiy o'zgarishlar bo'lishini kutishmoqda.
Shu bilan birga, respondentlarning 20 foizi o'zi yoki oila a'zolari tomonidan keyingi yarim yil davomida qarzga ehtiyoj borligini qayd etishgan. Mazkur qarz majburiyatlari asosan uy-joy sotib olish yoki ta'mirlash maqsadida jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0